Maktab o‘qituvchilarining attestatsiyasi bekor qilinmagan - vazirlik
Pedagoglar attestatsiyasiga mas’ul tashkilot – Ta’lim inspeksiyasi tugatilgani bois bahorgi attestatsiya uchun arizalar qabuli hali boshlanmadi. Bu o‘qituvchilar orasida attestatsiya o‘tkazilmasligi mumkin degan xabarlar tarqalishiga sabab bo‘lyapti. Kun.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan holat haqida izoh oldi.
O‘zbekistonda ijro hokimiyatining tashkiliy tuzilmasini yangilashga oid prezident farmoni bilan Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tugatilib, uning funksiyalari qisman Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga o‘tkazildi.
Ta’lim inspeksiyasining tugatilishi va pedagoglar attestatsiyasi muddatlari yaqinlashgani, biroq hali attestatsiya uchun arizalar qabuli boshlanmagani o‘qituvchilar o‘rtasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, o‘tgan yili ayni shu paytda mart-iyun oyida o‘tadigan attestatsiya uchun qabul boshlangan edi. Lekin inspeksiya tugatilgani va ta’lim vazirliklarida ham qisqarishlar bo‘lgani uchun attestatsiya haqida rasmiy xabar berilmadi. Shuning uchun ham ta’limga oid turli norasmiy kanallar pedagoglar attestatsiyasi bekor bo‘lishi kutilyapti degan mazmunda xabarlar berishni boshladi. Yilda ikki marta bo‘ladigan attestatsiya o‘qituvchilarning toifasini oshirib olishlari va shuning bilan oylik maoshlari ko‘tarilishiga ham yordam beradi. Shuning uchun o‘qituvchilar o‘rtasida unga qiziqish baland. Masalan, o‘tgan yili bahorgi attestatsiya uchun 280 ming o‘qituvchi ariza topshirgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, attestatsiya jarayonlariga mas’ul bo‘lgan tashkilot – Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yopilgani sabab hozir vazifalar taqsimoti ishlari amalga oshirilyapti. Ishlar to‘liq yo‘lga qo‘yilgach, barchasi o‘rnatilgan tartibda davom ettiriladi. Attestatsiya bekor qilingani haqidagi xabarlar esa asossiz.
Mavzuga oid
20:43 / 09.11.2024
Informatika fani o‘qituvchilari ham attestatsiya imtihonidan norozi
14:24 / 06.11.2024
“Nega ustimizdan kulishyapti?” – fizika o‘qituvchilari attestatsiya imtihonidan norozi
09:55 / 30.03.2024
O‘rta ta’lim muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi
12:34 / 22.02.2024