Angela Merkel YuNESKOning tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi
YuNESKOning tinchlik mukofoti Germaniya sobiq kansleri Angela Merkelga 2015 yilda Yevropadagi qochqinlar inqirozini hal qilishga qo‘shgan hissasi uchun berildi.
Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel Birlashgan millatlar tashkiloti Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) tomonidan ta’sis etilgan Feliks Ufuet-Buanya tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimi 8 fevral kuni Kot-d’Ivuar poytaxti Yamusukro shahrida bo‘lib o‘tdi. Mukofot ushbu Afrika davlatining birinchi prezidenti nomi bilan atalgan. Tadbir Afrika davlat rahbarlari taklif etilgan Feliks Ufue-Buanya Tinchlik tadqiqot jamg‘armasining 50 yilligiga to‘g‘ri keldi.
Merkelning Kot-d’Ivuar poytaxtiga kelishini uning surati tushirilgan ulkan plakatlar bildirib turdi. Yamusukro ko‘chalarida odamlar Angela Merkeldan qoyil qolishganini yashirmayapti. «Men gazetada u Feliks Ufue-Buanya tinchlik mukofotini olishini o‘qidim. U bunga loyiq, chunki ajoyib ayol. U tinchlik uchun juda ko‘p ish qildi», - deydi mahalliy aholidan biri DW nashriga bergan intervyusida. Boshqa bir suhbatdosh qo‘shimcha qildi: «U haqiqatan ham ajoyib ayol. Biz u kabi bo‘lishni xohlaymiz». «U haqiqiy lider edi. Ko‘p narsaga erishdi. Muhojirlarni Yevropaga olib kelishga yordam berdi va minglab qochqinlar uchun eshiklarni ochdi», - deya maqtadi Merkelni yana bir shaharlik.
Germaniya sobiq kansleri 2015 yilda Suriya, Iroq va Afg‘onistondan kelayotgan qochqinlarning katta oqimi tufayli Yevropada inqirozni bartaraf etishga qo‘shgan hissasi uchun YuNESKO mukofoti bilan taqdirlangan. O‘shanda u o‘z mamlakatini minglab qochqinlar uchun ochdi. Angela Merkelning 2015 yil 31 avgustda aytgan iborasi – «Biz buni uddalay olamiz» – o‘sha paytdagi kanslerga nisbatan ham hurmat, ham tanqid uyg‘otib, tarixga kirdi. Merkel migratsiya siyosatiga ijobiy signal berdi.
«Hakamlar hay’atining barcha a’zolari 2015 yilda Suriya, Iroq, Afg‘oniston va Eritreyadan bir milliondan ortiq qochqinni qabul qilish haqidagi qaroringizdan ta’sirlandilar», dedi hay’at raisi, 2018 yilgi tinchlik mukofoti laureati Denis Mukvege. Bu Merkel tarixda qoldirgan saboq, dedi Mukvege.
YuNESKO bosh kotibi Odri Azule ham Angela Merkelning xizmatlarini qayd etdi: «Tinchlik yaratish - jabr chekayotganlar uchun eshiklarni ochish demakdir. Hakamlar hay’atining qarori muhojirlarni qabul qilish va ularga bo‘lgan munosabatimiz birinchi o‘rinda ekanligini eslatib turadi».
Feliks Ufue-Buanya mukofoti 1991 yildan beri har yili inson huquqlarini himoya qilish, tinchlikni saqlashga katta hissa qo‘shgan muassasa va tashkilotlarga beriladi. Uni birinchi bo‘lib aparteidga qarshi kurashchi Nelson Mandela, Janubiy Afrika prezidenti Villem de Klerk oldi. 150 ming dollar va oltin medal olgan sovrindorlar orasida Ispaniya qiroli Xuan Karlos, AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter, Fransiya sobiq prezidenti Fransua Olland va boshqalar bor.
Mavzuga oid
11:10 / 22.11.2024
Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
20:57 / 23.10.2024
Beruniy nomidagi YuNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi
19:16 / 04.10.2024
Toshkentdagi ikkita tarixiy mahallada art-rezidensiyalar ochildi
11:41 / 02.09.2024