Da Silva Bayden bilan birga demokratiyani himoya qilmoqchi
Braziliya va Qo‘shma Shtatlar rahbarlari iqlimni himoya qilish uchun birgalikda ishlashga kelishib oldi va demokratiyaga qilingan hujumlarni tanqid qildi.
Braziliya prezidenti Lula da Silva 10 fevral, juma kuni AQShda amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSh va Braziliyaning demokratik institutlari hujumga uchragani hamda ikkala davlat kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun birgalikda harakat qilishi mumkinligini aytib o‘tdi. Siyosatchilar uchrashuvidan iqtiboslar dpa agentligi tomonidan taqdim etilgan.
Ikkala mamlakatda demokratiya «sinovdan o‘tdi», dedi Bayden va u «g‘alaba qozongan» bo‘lsa- da, AQSh hamda Braziliya o‘z qadriyatlarini, shu jumladan birgalikda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi kerakligini bildirdi. Da Silva hamkasbining fikriga qo‘shilib, o‘zidan oldingi prezident Jair Bolsonaru «Braziliyani yakkalab qo‘ygani» va prezidentlik davrida xalqaro munosabatlarni yetarli darajada yaxshilamaganini ta’kidladi.
«Uning dunyosi ertalab, tushdan keyin va kechqurun «feyk yangiliklar» bilan boshlanib, tugadi», dedi da Silva. Bunga javoban, Bayden bu «unga tanish ekani»ni ta’kidladi, u AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning pozitsiyasini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Uchrashuvda tomonlar iqlimni himoya qilish sohasida qo‘shma ishlarni kengaytirish istagini bildirdi – da Silvaning saylovoldi va’dalari orasida ekologik kun tartibiga e’tibor qaratgan yondashuvi nafaqat AQShda, balki Germaniyada ham yuqori baholandi.
Biroq, Bayden va da Silva o‘rtasidagi suhbatdan keyin aniq qarorlar qabul qilinmadi, aslida Amerika prezidenti Amazoniyani himoya qilish uchun Braziliya tomonidan maxsus yaratilgan fondni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilishi kutilgan edi.
Shu bilan birga, Oq uy da Silvaning Ukrainadagi urushni Kiyev ishtirokisiz tugatish bo‘yicha Rossiya bilan muzokara o‘tkazish g‘oyasini rad etdi. Braziliya prezidenti Rossiya, Xitoy, Indoneziya, Hindiston va AQSh kabi davlatlar rahbarlari bilan Ukrainada tinchlikka erishish zarurligini muhokama qilish niyatida ekanligini ta’kidladi, biroq u Ukrainani uchrashuvlar ishtirokchisi sifatida tilga olmay, Kiyev va Moskva o‘rtasida vositachi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Bunga javoban, AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi «muzokaralar maqsadga muvofiqmi yoki yo‘qmi, agar shunday bo‘lsa, qanday sharoitlarda o‘tkazilishi prezident Zelenskiyning o‘ziga bog‘liq», dedi hamda Bayden ham shunday pozitsiyada ekanini bildirdi.
Yanvar oyi boshida Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru tarafdorlari uning saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortgan holda, Milliy kongress, Oliy sud va davlat rahbarining mamlakat poytaxti Braziliyadagi qarorgohiga bostirib kirishgan edi.
O‘sha paytda San-Paulu shtatida amaliy safarda bo‘lgan da Silvaning o‘zi federal kuchlarni shaharda tartibni tiklashga jalb qilishni buyurgan. Bu 31 yanvargacha amal qildi. Bundan tashqari, davlat rahbari tartibsizliklarga sababchi bo‘lganlarni jazolashga va’da berdi va ularni «fanatik fashistlar» deb atadi. Natijada yuzlab odamlar hibsga olindi, biroq ularning aksariyati qo‘yib yuborildi. Shu bilan birga, Braziliya sobiq adliya vaziri va Bolsonaruning o‘ziga nisbatan ayblovlar qo‘yilishi mumkin.
Mavzuga oid
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
09:02 / 20.11.2024
Qayta saylanmaslik erkinligi: Bayden Kiyevga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilmoqda
05:07 / 18.11.2024
Bayden Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi
12:44 / 17.11.2024