O‘zbekiston | 11:09 / 14.02.2023
25329
6 daqiqa o‘qiladi

Ishga kirmagan bitiruvchisi ko‘p bo‘lsa, OTMni yopib yuborish mumkinmi?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining ishga joylashmagan bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lgan nodavlat OTM faoliyatini tugatish masalasi ko‘rilishi haqidagi ogohlantirishi ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Vazirlik aslida nimani nazarda tutgan edi? Unda bu vakolat bormi?

Kechagi kun muhokamasi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rektor va prorektorlar bilan o‘tkazgan yig‘ilish muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Yig‘ilishda rektor va prorektorlar “ishga joylanmagan bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lgan nodavlat OTM sifatsiz ta’lim berayotgan muassasa deb topilishi va kelajakda ularning faoliyatini tugatish masalasi ko‘rib chiqilishi haqida” ogohlantirilgan.

Ijtimoiy tarmoq faollari OTMga qo‘yilayotgan bu talab haqida tanqidiy postlar e’lon qilishmoqda.

“Avtoritar rejimga xos tahdid...”

“Bu normal jamiyat vaziri emas, “avtoritar rejim”ga xos jamiyat mulozimining tahdidi. Yangi vazirimiz ham avtokratiya yo‘lidan ketmoqda.

To‘g‘risi, men birorta ham normativ huquqiy hujjatda OTM bitiruvchilarni ishga joylashtirishga majburligi haqidagi qoidani ko‘rmaganman. OTM vazifasi sifatli ta’lim berish va agar tegishli ta’lim darajaga ega bo‘lsa bitiruvchiga diplom tutqazish. Tamom – vassalom”, deb yozadi Qonunchilik Palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev.

“Juda borsa, bir-birimizni aldab qo‘yamiz...”

Ta’lim sohasida tadbirkor Bektosh Hotamov tarjimonlik yo‘nalishida OTMni bitirayotgan paytda undan ham uch tomonlama shartnoma so‘rashganini va o‘shanda baliqchilik korxonasidan shartnomaga imzo qo‘ydirishga majbur bo‘lganini esladi.

“Bir avtoritar qonun qoida chiqadi, uni bajarish uchun boshqa avtoritar qoida ishga tushadi, masalan, hamma oliygohlar talabalarini ishga joylashtirishga majbur degan qoida chiqadi, keyin esa oliygoh qog‘ozda ko‘rsatish uchun mana shunaqa uch tomonlama shartnomalar so‘raydi.

Bir-birimizni aldaymiz, vazir prezidentni aldaydi, biz vazirni aldaymiz, talabalar bizni aldashadi va hammamiz o‘zimizni baxtiyor his qilamiz.

Yangi oliy ta’lim vaziri talabalari ishga joylashmagan nodavlat oliygohlarni yopish bilan tahdid qilibdi. Birinchidan, talabalarni ishga joylash bilan ta’lim sifati belgilanmaydi. Ikkinchidan, yana o‘sha o‘yin boshlanadi, bir-birimizga ko‘zbuyamachilik o‘yini. Uchinchidan, vazirning gapi biror bir huquqiy asosga ega emas...

Shunday ekan, qadrli talabalar, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q, juda borsa, bir-birimizni aldab qo‘yamiz xolos”, deb yozdi Bektosh Hotamov.

Soxta mehnat shartnomalari xavotiri

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksari agar ishga joylashtirish talabi qo‘yiladigan bo‘lsa, OTM bitiruvchilardan ishga joylashganlik haqida mehnat shartnomasi talab qilishni boshlashi mumkinligidan xavotir bildirishgan.

Bu “an’ana” davlat oliy ta’lim muassasalarida ma’lum yillarda talabalarni ancha sarson qilgan. Bitiruvchilar diplom olish uchun biror tashkilot bilan uch tomonlama shartnoma tuzishi zarur qilib qo‘yilgan edi. Lekin 2021 yil, 1,5 yil oldingi munosabatlardan ko‘rish mumkinki, Oliy ta’lim vazirligi OTM bitiruvchilardan bunday shartnomalarni so‘rashi mumkin emasligini ma’lum qilgan.

Agar talabalarni ishga joylashtirish majburiyati qo‘yilsa, endi nodavlat OTM bitiruvchilari yana shunday shartnomalar tuzish uchun sarson bo‘lishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Nodavlat OTM qanday holatda tugatilishi mumkin?

Asosiy savol: vazir nodavlat OTM bitiruvchilarining ishga joylashishi sust bo‘lsa, uni yopish bilan ogohlantirishi qanchalik to‘g‘ri? Vazirlikda bu vakolat bormi?

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish va qayta rasmiylashtirish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, shuningdek litsenziyani bekor qilish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilish qonunchilikda belgilangan tartibda Ta’lim inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Biroq ayni paytda Ta’lim inspeksiyasi tugatilgan va vakolatlari boshqa ta’lim tashkilotlariga taqsimlanmoqda. Nodavlat ta’lim muassasalari bilan bog‘liq vazifalar ham ta’lim vazirliklaridan biriga berilishi mumkin.

Lekin vakolat qaysi ta’lim tashkilotiga berilmasin nodavlat OTMni tugatish “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda ko‘rsatilganidek, sud tomonidan amalga oshiriladi.

Vazirlik munosabati

Muhokamalar boshlanib ketgach, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holatga munosabat bildirdi. Munosabatda aytilishicha, majlisda bildirilgan fikr OTM rahbariyatining talabalarni ishga joylashga, yoshlarning ma’lum bo‘sh ish o‘rinlariga tayyor kadr bo‘lib yetishishlariga yordam berishga qaratilgan. Bunda oliy ta’lim muassasasi rahbarlarining OTM bitiruvchilarini o‘zgaruvchan mehnat bozorida ish bilan ta’minlanishiga yanada mas’uliyat bilan qarashlari lozimligi nazarda tutilgan.

“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘z tasarrufidagi OTM rahbarlariga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha topshiriq berish va ta’lim sifati past bo‘lgan OTMni ogohlantirish vakolatiga ega”, deyiladi munosabatda.

Tushunarsiz tomoni shundaki, vazirlikning birinchi xabarida ogohlantirish nodavlat oliy ta’lim muassasalariga berilganini, ularning ishsiz bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lsa, yopilishi mumkinligi haqida aytilgandi. Munosabatda esa o‘z tasarrufidagi OTMga ogohlantirish berish vakolati borligi yozilgan. Vazirlik tasarrufidagi oliygohlar esa davlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi.

Mavzuga oid