Jahon | 12:37 / 14.02.2023
7556
3 daqiqa o‘qiladi

Kanada fuqarolariga Belarusga safar qilishni kechiktirib turish tavsiya etildi

Kanadaliklarga Belarusni yaqin kunlar ichida tark etish tavsiya qilindi. Bundan tashqari, «mahalliy qonunlarning o‘zboshimchalik bilan qo‘llanishi» va Rossiyaning Ukrainadagi urushi xavfi tufayli ular Belarusga sayohat qilishdan bosh tortishga chaqirildi.

Foto: AP

Kanada hukumati o‘z fuqarolarini «mahalliy qonunlarning o‘zboshimchalik bilan qo‘llanishi» va Rossiyaning Ukrainadagi urushi xavfi tufayli Belarusga sayohat qilishdan bosh tortishga chaqirdi. Tavsiyalar Kanada hukumati veb-saytida joylashtirilgan. 13 fevral, dushanba kuni xuddi shunday ogohlantirish Fransiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilindi. Belarusdagi kanadaliklarga imkon qadar tezroq ketish va undan oldin ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya qilindi.

Kanadaning Polshadagi elchixonasining Belarusda konsullik xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlari juda cheklangan, deya ogohlantirdi vazirlar mahkamasi. «Kanada hukumati mamlakatni tark etishda yordam berishiga umid qilmasligingiz kerak», deya qo‘shimcha qilinadi hukumat bayonotida.

Belarusda qolishni tanlaganlarga yangiliklardan xabardor bo‘lish, naqd pul, zaruriy narsalar va dori-darmonlarga ega bo‘lish, agar kerak bo‘lsa, boshpana izlashga hamda transport va asosiy xizmatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarga tayyor bo‘lish tavsiya etildi.

Bundan oldin xuddi shunday chaqiriq Fransiya TIV tomonidan ham yangragan edi. «Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan qurolli hujum va Belarus havo hududining yopilishi fonida Belarusga har qanday sayohat rasman tavsiya etilmaydi», — deyiladi vazirlik xabarida. Fransiya fuqarolariga Litva, Polsha yoki Latviya bilan chegara o‘tish punktlari orqali darhol Belarusdan avtomobil orqali chiqib ketish taklif qilindi.

13 fevral kuni Amerikaning Moskvadagi elchixonasi AQSh fuqarolariga «Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga asossiz keng ko‘lamli bostirib kirishining oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlari» tufayli Rossiyani tark etishni tavsiya qildi, shuningdek, Rossiyaga borishdan bosh tortishga chaqirdi.

AQSh fuqarolari noqonuniy hibsga olish xavfi haqida ogohlantirildi. Diplomatik missiya, shuningdek, AQSh va Rossiyaning ikki fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar safarbar qilinishi mumkinligini ta’kidladi.

Avvalroq, 17 yanvar kuni Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Svetlana Tixanovskaya DW nashriga bergan intervyusida Belarus hududida 12 ming rossiyalik harbiy bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. «Biz doimiy ravishda harbiy mashg‘ulotlar haqida, harbiy texnika va rus askarlari bo‘lgan poyezdlar yetib kelishini kuzatayotgan ko‘ngillilar tarmog‘imizdan ma’lumotlarni olamiz», — dedi Tixanovskaya. «Bizning vazifamiz Belarus qurolli kuchlarining ushbu urushga aralashishining oldini olishdir», deya qo‘shimcha qildi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid