O‘zbekiston | 10:30 / 14.02.2023
27125
2 daqiqa o‘qiladi

Senator Baxtiyor Sayfullayev olamdan o‘tdi

Sayfullayev ko‘p yillar madaniyat vaziri o‘rinbosari va vazir lavozimlarida ishlagandi.

Foto: Kun.uz

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev 72 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Baxtiyor Sayfullayev 1951 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1972 yilda hozirgi O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan, 2002-2005 yillarda shu institutga rektorlik qilgan.

2005-2012 yillarda Madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2012-2017 yillarda yana Davlat san’at va madaniyat institutiga rektorlik qilgan, 2017 yildan Madaniyat vazirligiga rahbar etib tayinlangan (parallel ravishda O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga rektorlik qilgan).

2020 yilning 18 yanvarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan senator etib tayinlangan, 20 yanvar kuni yangi tarkibdagi Senatning ilk yalpi majlisida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangandi.

U professor ilmiy darajasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi unvonlari bilan mukofotlangandi.

Mavzuga oid