Jahon | 10:27 / 16.02.2023
4037
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya Yanukovichga aloqador shaxslarning mol-mulkini musodara qilishni boshladi

Viktor Yanukovich sheriklarining 130 million frank miqdoridagi aktivlarini musodara qilish tartibini boshlab, Shveytsariya Ukrainani qo‘llab-quvvatlamoqda, deb xabar qildi mamlakat rasmiylari.

Viktor Yanukovich / Foto: AP

Shveytsariya hukumati (Federal kengash) 2014 yil fevralida Ukrainadagi inqilobdan keyin mamlakatda muzlatilgan Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich sheriklarining mulklarini musodara qilish bo‘yicha ma’muriy tartibni boshlashga qaror qildi. Gap 130 million Shveytsariya franki (131,7 million yevro miqdorida) haqida ketmoqda, bu haqda 15 fevral, chorshanba kuni Shveytsariya hukumati saytida xabar berilgan.

Bern bu mablag‘lar noqonuniy kelib chiqqaniga ishonadi. Shveytsariya ularni musodara qilish tartibini boshlab, Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi press-relizda. Shu bilan birga, musodara haqidagi qarorning Rossiyaga qarshi 2022 yilda joriy etilgan sanksiyalarga hech qanday aloqasi yo‘qligi ko‘rsatilgan.

2014 yilda Viktor Yanukovich hokimiyatdan chetlatilganidan bir necha kun o‘tgach, Federal kengash Shveytsariyada Yanukovich va uning atrofidagi shaxslarga tegishli barcha aktivlarni muzlatishga qaror qildi. Keyingi oylarda Ukraina ushbu mablag‘larni musodara qilish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi va Shveytsariya rasmiylariga hamkorlikni so‘rab bir nechta xat yubordi.

O‘shandan beri Shveytsariya Ukrainaga ko‘plab hujjatlar va boshqa dalillarni taqdim etdi, deb eslatdi Bern. Shunga qaramay, jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan beri Ukraina hukumati Yanukovich atrofidagilarning mol-mulkini musodara qilishga urinishda muayyan qiyinchiliklarga duch keldi.

«Shu paytgacha ular (Ukraina rasmiylari) mol-mulkni musodara qilish to‘g‘risidagi sud qarorini ololmadilar. Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga qarshi boshlagan harbiy tajovuzi bu qiyinchiliklarni jiddiy ravishda kuchaytirdi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Federal kengash «Noqonuniy xorijiy aktivlar to‘g‘risida»gi qonun (FIAA) asosida musodara qilish jarayonini boshlash va amalga oshirish mumkin, deb hisoblaydi», — deyiladi Shveytsariya hukumati bayonotida.

Qayd etilishicha, Shveytsariya ma’muriy adliya tizimi ularni musodara qilish masalasi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilguniga qadar aktivlar muzlatilgan holatda qoladi. Musodara qilingan taqdirda, aktivlar xalqaro kelishuv asosida Ukraina xalqiga qaytariladi, deya ta’kidlaydi Shveytsariya rasmiylari.

Mavzuga oid