Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moldovada yangi hukumat tuzildi
Moldovaning yangi hukumatiga prezidentning xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi rahbarlik qiladi. Uning kabinetida to‘rtta yangi vazir bor.
Moldovada yangi hukumat tuzildi. Unga prezident Mayya Sanduning xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Dorin Rechan rahbarlik qiladi. 16 fevral kuni yangi bosh vazir nomzodini mamlakatdagi hukmron, prezidentga xayrixoh «Harakat va adolat» partiyasi (Partidul «Actiunea si solidaritate» - PAS) deputatlari qo‘llab-quvvatladi. Rechan 101 ovozdan 62 ta ovoz oldi. Kommunistlar va sotsialistlar bloki (KSB) fraksiyalari va «Shor» partiyasi ovoz berishda qatnashmadi. Muxolifat odamlarni parlament binosi oldiga namoyishga olib keldi. Rechandan oldingi vazirlar mahkamasi raisi Natalya Gavrilitsa 10 fevral kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi.
Parlament yig‘ilishida o‘z dasturini taqdim etar ekan, Rechan hukumatning ustuvor yo‘nalishlarini e’lon qildi. Bu adliya va ta’lim sohasidagi islohotlarni davom ettirish, davlat hokimiyati tuzilmalarida tartibni mustahkamlash, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash va Yevropa integratsiyasi jarayonini tezlashtirishdir. Yangi vazirlar mahkamasining yana bir ustuvor yo‘nalishi - mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni saqlash.
«Biz notinch zamonda yashayapmiz va barcha qiyinchiliklarni birgalikda yengishimiz, mudofaa qobiliyatimizni kuchaytirishimiz va jamoat tartibini ta’minlashimiz kerak», dedi Rechan.
Dorin Rechan yaqin vaqtgacha prezident Mayya Sanduning mudofaa va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, mamlakat Oliy xavfsizlik kengashi kotibi bo‘lib ishlagan. 2012 yildan 2015 yilgacha u mamlakatning ichki ishlar vaziri bo‘lgan.
Hukumatning yangi tarkibi avvalgisiga nisbatan unchalik o‘zgarmadi. 13 nafar vazirdan 11 nafari o‘z lavozimini saqlab qoldi. Iqtisodiy rivojlanish va raqamlashtirish vaziri Dumitru Alayba va qishloq xo‘jaligi vaziri Vladimir Bolya bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi.
Rechandan oldingi bosh vazir Natalya Gavrilitsa 10 fevral kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi. U Kishinyovdagi matbuot anjumanida: «agar Moldova hukumati o‘z uyida YeIda, Bryusselda bo‘lgani kabi qo‘llab-quvvatlaganida edi, biz bundan ham ko‘proq narsaga erishgan bo‘lardik», dedi. Sobiq bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, uning hukumatining asosiy yutug‘i - Moldova YeIga nomzod maqomiga ega bo‘lishi.
Iste’fo sabablari haqida na uning o‘zi, na hokimiyatning boshqa vakillari rasmiy bayonot bermagan. Gavrilitsa vazirlar mahkamasini 2021 yil avgustidan beri boshqarib kelgan.