O‘zbekiston | 08:38 / 17.02.2023
37757
4 daqiqa o‘qiladi

Rasul Kusherbayev: "Ozodlik" xatoga yo‘l qo‘yilganini tan olishi kerak  

Oliy Majlis sobiq deputati, tabiat resurslari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev O‘zbekiston neft va gaz konlari bo‘yicha surishtiruv yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

Rasul Kusherbayev

Uning ma’lum qilishicha, bir shaxs yoki bir guruh emas, butun mamlakat hayoti bilan bog‘liq ma’lumot tarqatishdan oldin uning oqibati qanday bo‘lishini inobatga olgan holda, har tomonlama asosli faktlarga tayanilishi kerak.

"To‘g‘risini aytaman, “Ozodlik”ning O‘zbekiston neft va gaz konlari bo‘yicha surishtiruvini ko‘rganimda ancha ta’sirlandim. Nahotki, shu ma’lumotlar rost bo‘lsa, degan savol o‘ylantirdi.

Lekin O‘zbekiston rasmiylari, sohaga mas’ul tashkilotlar nima derkin, deb kutdim. Agar rasmiylar bu masalada jimlik saqlasa demak bu ma’lumotlar rost, degan fikrga borardim.

Ammo kuni kecha Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi tomonidan berilgan munosabatlar, jurnalist va blogerlarning fikri qolaversa, mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilgan dalillardan shuni bildimki, nazarimda “Ozodlik” ikkita jiddiy xatolikka yo‘l qo‘ygan", deydi sobiq deputat.

Unga ko‘ra, birinchisi - O‘zbekistonning butun gaz va neft konlarini barcha huquqlar bilan 35 yilga bitta kompaniyaga berishi va 35 mlrd AQSh dollari bir shaxsga tegishli korxonaga (ERIELL, ENTER Engineering) ishlatilgan degan iddao noto‘g‘ri bo‘lib chiqqan.

"Ushbu ayblovlarni ilgari surgan “Ozodlik” ijodkorlarida agar O‘zbekiston rasmiylari ko‘rsatgan dalillardan kuchli dalillar bo‘lsa buni ko‘rsatishi kerak. Agar bunday dalil bo‘lmasa, xatoga yo‘l qo‘yilgani tan olinishi kerak. Bu ham ommaviy axborot vositalarining munosib pozitsiyasi bo‘ladi", deb yozadi R.Kusherbayev.

Qayd etilishicha, ikkinchi xato - O‘zbekiston rasmiylari bildirgan normativ hujjatlar qandaydir korxonalarning buxgalterlik hujjatlaridan ko‘ra ishonarli chiqdi. Barcha kelishuvlar ro‘y-rost aytildi. Surishtiruvdan avval mana shu ehtimoliy argumentlar inobatga olinishi kerak edi.

"Ozodlik"ning surishtiruvi chuqur asoslanmagan iddaolar bilan ommaga axborot tarqatishga bo‘lgan urinishga o‘xshab tuyulmoqda. Bu ishdan maqsad nima ekanligi tushunarsizligicha qoldi. 

Nima bo‘lganda ham bir shaxs yoki bir guruh emas, butun mamlakat hayoti bilan bog‘liq ma’lumot tarqatishdan oldin uning oqibati qanday bo‘lishini inobatga olgan holda, har tomonlama asosli faktlarga tayanilishi kerak.

Ayni o‘rinda ushbu material tom ma’noda O‘zbekiston xalqini junbishga keltirishi mumkin. Asoslanmagan va ishonchsiz ma’lumotlarni xalqaro omma ixtiyoriga havola etish esa odamlarni manipulyatsiya qilish, deya baholanadi", deydi vazir maslahatchisi.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ERIELL va Enter Engineering kompaniyalariga berilgan neft va gaz sohasidagi yirik buyurtmalar yuzasidan izoh bergandi.

“Ozodlik” radiosi e’lon qilgan surishtiruvda bu ikki kompaniyaga 5 yil ichida 35 mlrd so‘m “tutqazilgani” ta’kidlangan edi. Rasmiylarga ko‘ra, “bu summaning teng yarmi havodagi, tagi yo‘q mablag‘”.

Shuningdek, bu loyihalarga “budjetdan bir dollar ham ketmagani” ma’lum qilindi.

Mavzuga oid