Surxondaryoda 4 tup katta chinor kesib tashlandi
Qiziriq tumanidagi ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli hududda 4 tup katta yoshli chinor daraxti noqonuniy kesib tashlangan. Oqibatda tabiatga 216 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Tabiat resurslari vazirligining viloyat boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, 21 yanvar kuni boshqarmaga bir fuqarodan “Bandixon ilmiy tajriba stansiyasi” xo‘jaligida mavjud daraxtlar va bog‘lar yo‘q qilinayotgani haqida xabar kelib tushgan. Shundan keyin holat o‘rganilib, akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tizimidagi “Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasi” hududi ko‘zdan kechirilganda 4 tup o‘suvchanligini yo‘qotmagan katta yoshli chinor daraxtlari noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesib ketilgani aniqlangan.
“Xo‘jalik mutasaddilarining o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashishi natijasida O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 37-moddasi talablari buzilib, 216 mln so‘m miqdorda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilgan”,– deyiladi rasmiy xabarda.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlarga huquqiy baho berilishi uchun ish prokuraturaga oshirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil davomida O‘zbekistonda jami 1 777 tup qimmatbaho va ko‘p yillik daraxtlar kesilgani va buning ortidan tabiatga 10 milliard so‘m zarar keltirilgani ma’lum qilingandi.
Mavzuga oid
17:14 / 15.12.2023
Qiziriq tumanida Isfara mikro GES-1 ish faoliyatini boshladi
10:03 / 26.01.2023
Surxondaryo viloyatida bir kunda 13 tumanga yangi hokimlar tayinlandi
19:24 / 19.11.2022
Qasd uchun qamoq. Qiziriqda ichki ishlar fermerni 15 sutkaga qamamoqchi bo‘ldi
17:44 / 07.10.2021