Jahon | 16:12 / 20.02.2023
7818
3 daqiqa o‘qiladi

Uran sayyorasiga birinchi missiya 2032 yilgacha amalga oshirilishi mumkin 

Quyosh tizimidagi eng sirli sayyora yo‘ldoshlarida suv bo‘lishi mumkin.

Foto: Science Perspectives

Uran sayyorasiga birinchi orbital apparat 2032 yilgacha jo‘natilishi mumkin. Bu haqda AQSh Jon Hopkins amaliy fizika laboratoriyasidan sayyorashunos olim Ketlin Mandt Science Perspectives nashriga ma’lum qildi.

Vodorod va geliydan tashkil topgan halqalari va 27 ta yo‘ldoshi bo‘lgan sayyora olimlarga quyosh tizimidagi suvning kelib chiqishi sirini yechishga yordam berishi mumkin.

Kosmik kemalar Uran yaqinida faqat bir marta - 1986 yil 24 yanvarda bo‘lgan va bu to‘liq missiya emas edi. Shu vaqtda «Voyajyer-2» (NASA) zondi Neptun sayyorasiga parvoz paytida muz gigantining yonidan o‘tib ketdi. Ammo bu bir necha daqiqa davomida Uranning dastlabki sifatli suratlari olindi.

Oradan taxminan 40 yil o‘tgach, olimlar yana Uranga qaytishni xohlamoqda. NASA endi Uranus Orbiter and Probe (UOP) missiyasini ishga tushirmoqchi. Uning doirasida sayyoraga maxsus zond yuboriladi va atmosferasi tadqiqot qilinadi. Olimlar sayyoraning «migratsiya» tarixini va 84 Yer yili davomida atmosferadagi mavsumiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradigan kuchli egilish sabablarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

«Uranning yo‘ldoshlari Yupiterning to‘rtta yo‘ldoshi va Saturnning yo‘ldoshlaridan ancha kichikdir. Ular qattiq va harakatsiz, chunki o‘lchovi kichik va yuzasida faqat zarba kraterlari bo‘lishi kerak. Qizig‘i shundaki, «Voyajyer-2» suratlarida hech qanday krater ko‘rinmagan. Buning o‘rniga, geologik faollik natijasida hosil bo‘ladigan xususiyatlar mavjud. Biz bu yo‘ldoshlarning ichki tuzilishini o‘rganib, ularning sirti nega yosh ekanini tushunmoqchimiz va suv mavjudligiga dalil topishga umid qilamiz», dedi Ketlin Mandt, AQSh Jons Hopkins amaliy fizika laboratoriyasining sayyorashunos olimi.

Olimlar Yupiterning ulkan tortishish kuchidan foydalanish uchun 2032 yilgacha UOP missiyasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, bu esa kosmik kema belgilangan manzilga yetib borishiga ko‘maklashadi. Agar reja amalga oshsa, zond 2050 yilda Uranga yetib boradi.

Mavzuga oid