O‘zbekiston | 13:15 / 22.02.2023
14847
3 daqiqa o‘qiladi

Qonliko‘lda qurilayotgan ko‘pqavat uyning zinapoyasi qulab tushdi

Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumanidagi Yangi O‘zbekiston massivida qurilayotgan uylardan birining zinasi qulagan. Voqeadan keyin boshqa kirish yo‘laklaridagi zinapoyalar ham olib tashlangan, chunki ular ham yorilishni boshlagan. Prokuratura tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Videodan kadr

Internetda Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumani Yangi O‘zbekiston massivida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birining zinapoyasi qulab tushgani aks etgan video tarqaldi. Holatni tasvirga olgan erkak zinapoyaning qulashida quruvchilarning aybi yo‘qligi, zinapoya qurilishida armatura ishlatilmagani uchun shu hodisa ro‘y berganini ta’kidlaydi.

Video muallifi, shuningdek, ko‘p qavatli uyni qurayotgan qurilish firmasi nomi va rahbarining kimligini ham ochiqlagan. Tasvirlarda zinapoyalarning qulashi natijasida ko‘p qavatli uy devorlarining bir qismi ham qulab tushgani, butun qolgan devorlar ham darz ketgani ko‘rinadi.

Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirgan Qonliko‘l tumani hokimligi 5 qavatli binoning 4-qavatdagi zinapoya nosozlik sabab qulab tushgani, ushbu jarayonda hech kim jabrlanmaganini bildirgan.

Hokimlikka ko‘ra, Yangi O‘zbekiston massivida qurilish ishlari “Imarat qurilis konstruksiya” MChJga topshirilgan, maxsus zinapoyalar (qulab tushgan zinapoyalar ham) esa “Taqiyatas Tau-Kita” temir-beton tomonidan shartnoma asosida yetkazib berilgan.

“Imarat qurilis konstruksiya” MChJ rahbari Maqset Bekimbetovning ta’kidlashicha, zinalarni yetkazib bergan korxona rahbarlarini chaqirib, holat ko‘rsatilgan, Boshqa pod’yezdlarga ham shu zinapoyalar qo‘yilgani va ular ham yorilishni boshlagani uchun barcha zinapoyalar olib tashlangan. Pudratchiga ko‘ra, u ko‘p qavatli uyning 9 ta zinapoyasi yangidan qo‘yib beriladi.

Zinapoyaning qulashi sabablarini o‘rganayotgan Qoraqalpog‘iston prokuraturasi 19 fevralda hodisa joyini ko‘zdan kechirib, tergovga qadar tekshirish harakatlariga kirishgan.

“Hozirda binoning qurilish jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilish holati yuzasidan qurilish ekspertizasi tayinlanib, tekshirish harakatlari amalga oshirilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Avvalroq qalin qor yog‘gani sababli «Chilonzor buyum savdo kompleksi» hududidagi soyabonlar, kuchli shamol tufayli Boysun tuman hokimligi binosining tomi qulab tushgandi.

Buxorodagi maktabda xonaning shifti, Zangiotada yangi qurilgan bog‘chaning devorlari bir yilda qulab tushgandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid