«Uyqudagi ajdarho»: Tojikistondagi Sarez ko‘li Markaziy Osiyo mintaqasi uchun qanchalik xavfli?
Sarez ko‘li Tojikistonda, Pomir tog‘lari orasida dengiz sathidan 3 255 metr balandlikda joylashgan. Ko‘l 1911 yilda sodir bo‘lgan zilzilada Bartang daryosi oqimi tabiiy to‘g‘on bilan yopilib qolishi ortidan paydo bo‘lgan. O‘shandan buyon uning chuqurligi 505 metrga yetdi. Sarez seysmik hududda joylashgan bo‘lib, uning atrofida tez-tez zilzila sodir bo‘ladi. Ana shu holat ancha yillardan buyon ko‘plab xavotirlarni yuzaga keltirmoqda.
2023 yil 23 fevral kuni Tojikistonda bir nechta zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila episentri Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumani markazidan 67 kilometr g‘arbda, Sarez ko‘lidan 30 kilometr sharqda joylashgani aytildi.
Shu kuni tushgacha yer yana bir necha marta silkindi. Qayd etilgan magnitudalar 4,5 – 5 ball bo‘ldi. Sodir bo‘lgan zilzilalar episentri Sarez ko‘liga yaqin joyda bo‘lgani ko‘pchilikda xavotir uyg‘otdi.
Biroq Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot kotibi Umida Yusufiy xavotirlarga o‘rin yo‘qligini aytib chiqdi.
«Sarez ko‘lida kuzatuv va erta ogohlantirish tizimi me’yorida ishlamoqda. O‘zgaruvchanlik va o‘zgarishlar qayd etilmagan. Ko‘lga suv kelishi va uning oqimi o‘zgarishsiz qoldi», dedi u.
Baland tog‘lar orasida joylashgan Sarez ko‘li atrofida tez-tez zilzila sodir bo‘lib turadi. Aksariyat olimlar uni «Uyqudagi ajdarho» deb atashadi va ko‘l bilan bog‘liq xavotirlar tez-tez aytilib turiladi.
Jumladan, 2020 yil 6 noyabr kuni Britaniyaning Daily Mail nashri Tojikistondagi Sarez ko‘li haqida maqola e’lon qilgandi. Unda mazkur ko‘l «Asta-sekinlik bilan harakatga keluvchi tabiiy bomba» deb atalgan. Shuningdek, Sarez ko‘lida yuz berishi mumkin bo‘lgan falokat tarixdagi eng yomon tabiiy ofatga olib kelishi mumkinligi aytilgan.
Maqolada yozilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari nafaqat boy tabiati, balki tabiiy holda shakllangan bir qator jiddiy xavotirli muammolari bilan ham ajralib turadi.
«Tojikiston hududidagi Pomir tog‘larida joylashgan Sarez ko‘li nafaqat bu mamlakat, boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun katta xavf tug‘diradi. Ko‘chki natijasida tabiiy to‘g‘on bilan o‘ralgan mazkur ko‘l tabiiy mo‘jiza bo‘lish bilan birga asta-sekinlik bilan harakatga keladigan bombaga o‘xshaydi. Agar Sarezda falokat sodir bo‘lib, suvi oqib ketadigan bo‘lsa, tarixdagi eng yomon tabiiy ofatni keltirib chiqarishi mumkin. Millionlab tonna suv, shag‘al va cho‘kindilar Bartang, Panj va Amudaryo bo‘ylab oqib, ehtimol Orol dengizigacha yetib borishi mumkin. Falokat oqibatida Markaziy Osiyoda millionlab gektar yerlarni, shuningdek,Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonda ko‘plab aholi manzillarini suv bosishi mumkin» deb yozadi, nashr BMT tomonidan turli yillarda berilgan bayonotlariga asoslanib.
Maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari, BMT va Jahon banki Sarez ko‘li bilan bog‘liq vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatishda davom etayotganini ta’kidlanadi.
Sarez ko‘li haqida ma’lumotlar
Sarez ko‘li – Tojikiston tarkibiga kiruvchi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududida joylashgan tog‘ ko‘li. U tog‘ jinslarining ko‘chishi natijasida tabiiy paydo bo‘lgan ko‘l hisoblanadi.
Ko‘lning:
- Dengiz sathidan balandligi – 3 255 metr;
- Uzunligi – 70-75 km;
- Eni o‘rtacha – 3,3 km;
- Eng chuqur joyi – 505 metr;
- O‘rtacha chuqurligi – 185 metr;
- Ko‘l egallagan maydon – 15 755 m²;
- Ko‘l suvining umumiy hajmi 17 km³
Ko‘lning paydo bo‘lishi
1911 yil 3 mart kuni Tog‘li Badaxshondagi Oqsuv daryosining irmoqlaridan biri bo‘lgan Bartang daryosi oqadigan dara qattiq zilzila tufayli to‘silib qoladi. Natijada daryoning yo‘li yopilib, tabiiy to‘g‘on paydo bo‘ladi.
Shundan so‘ng Bartang daryosi mazkur tabiiy to‘g‘onda yig‘ila boshlaydi. 1925 yilgacha ko‘lning suvi har yili 9 metr ko‘tarilib boradi. 1925-1938 yillar oralig‘ida 1,2 metrdan o‘sib borgan. Undan keyin hozirgacha yiliga 0,2 metrdan ko‘tarilyapti.
1938 yilga kelib ko‘lning chuqurligi 480 metrga yetadi. Hozir o‘lchangan eng chuqur joyi 505 metrni tashkil etadi.
Sarez ko‘li haqida xavotirlar
1999 yilda BMT Sarez ko‘li masalasida o‘z tadqiqotlarini e’lon qiladi. Unda ko‘l haqidagi umumiy ma’lumotlardan tashqari ko‘lda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan falokatning taxminiy ko‘lamlari haqida ham yozilgan.
2000 yilda Jahon banki nazorati ostida Sarez ko‘lida xalqaro loyiha boshlanadi. Ko‘lda uni doimiy ravishda kuzatadigan zamonaviy monitoring va ogohlantirish tizimi o‘rnatiladi. O‘shandan buyon ko‘ldagi holat doimiy ravishda kuzatib borilmoqda.
Ko‘ldagi tabiiy to‘g‘onning o‘zida ogohlantirish signalini beruvchi uskunalar o‘rnatilgan. Bu yerda navbatchilik qiladigan operatorlar 24 soat davomida kuzatuv punktlarida o‘tirib suvdagi o‘zgarishlarni va boshqa parametrlarni kuzatadi. Suv sathida keskin o‘zgarishlar yuz berganda, ular darhol ogohlantirish signalini beradi.
Sarez ko‘li haqida ko‘plab ekspertlar o‘z fikrini bildirgan. Jumladan, 2015 yilda Sarez ko‘li yaqinida magnitudasi 7,2 ballga teng zilzila sodir bo‘lganda rossiyalik mutaxassis Andrey Zaxvatov o‘z xavotirlarini bildiradi.
Sarez ko‘li bilan bog‘liq xavotirlar o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan ham bildirilgan. Jumladan o‘zbekistonlik mutaxassis Ravshan Qodirov 2016 yilda Sarez ko‘li bugungi kunda Markaziy Osiyoning bir necha respublikalariga jiddiy xavf tug‘dirayotganini aytib chiqqandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq ittifoq parchalanmasdan avval ham Sarez ko‘lini o‘rganish uchun ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilgan. Tadqiqotchilar, 500 metrlik to‘g‘onni olib tashlashning imkoni yo‘q deb baholashgan.
Inson qo‘li bilan qurilmagan va ko‘zga ko‘rinmas joylari qanday ahvoldaligi noma’lum bo‘lgan to‘g‘onning kuchliroq tabiiy ofatga bardosh berish darajasi qanday ekanini baholash mushkul. Biroq holatni matematik modellash mumkin deb hisoblaydi R.Qodirov.
Nafaqat R.Qodirov, boshqa mutaxassislar tomonidan, shuningdek BMT hisobotlarida Sarez to‘g‘oni yorilguday bo‘lsa Tojikiston, Afg‘oniston, Turkmaniston va O‘zbekistonning katta hududi vayron bo‘lishi, ushbu respublikalardagi millionlab insonlar aziyat chekishi mumkinligi aytiladi.
O‘zbek mutaxassisiga ko‘ra Sarezdan oqib tushadigan loyqa suv yo‘lida uchragan narsalarni yuvib ketib, Qoraqalpog‘istonga yetib borganida uning balandligi bir metr bo‘lishi mumkin.
2021 yil 19-21 may kunlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Buxoro viloyatlarida Tojikiston hududidagi Sarez ko‘li dambasining yorilishi natijasida suv toshqini xavfi yuzaga kelganda aholini shartli evakuatsiya qilish bo‘yicha o‘quv mashqlari o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.
Tojikiston: xavotirlar asossiz
Sarez ko‘lida zilzila tufayli falokat yuz berishi mumkin degan xavotirlar Tojikistonning tegishli tuzilmalari va olimlari tomonidan bir necha bor asossiz deb topilgan.
2020 yilda Sarez ko‘li yaqinida zilzila sodir bo‘lgan va turli xavotirlar bildirilgandi. O‘shanda Tojikiston Fanlar akademiyasi Geofizika xizmati rahbari Sobit Negmatullayev Sarez ko‘li hududi mutaxassislarning doimiy nazorati ostida ekanini aytib chiqqandi.
Olim, Usoy to‘g‘onining vayron bo‘lishi mumkinligidan xavotirga o‘rin yo‘qligini ta’kidlagandi.
Tojikiston Fanlar akademiyasi prezidenti Farhod Rahimiyning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 80 yil ichida Sarez ko‘li oldida jiddiy zilzilalar kuzatilmagan.
Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rahbari Rustam Nazarzoda esa Sarez ko‘li mutaxassislarning doimiy nazoratida ekani va ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilgandi.
«Sizga shuni ta’kidlamoqchimanki, hech narsadan xavotirlanmay uxlayvering. Sarez ko‘lida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmayapti», - deydi Rustam Nazarzoda.
2018 yildan boshlab O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar qayta tiklangandan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasida Sarez ko‘lidagi suvdan hamkorlikda foydalanish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilindi.
Jumladan Shavkat Mirziyovning 2018 yil avgust oyida Tojikistonga qilgan tashrifi davomida bu mamlakat prezidenti Emomali Rahmon kelajakda O‘zbekiston bilan hamkorlikda Sarez ko‘lidagi suvdan foydalanish rejalashtirilayotgani haqida gapirgandi.
«Biz bugun Sarez yuqori tog‘li ko‘lining toza suv resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishni boshlash haqida kelishib oldik va bu borada tegishli vazirlik hamda institutlarga topshiriq berdik. Kelajakda biz ushbu loyiha mintaqamiz aholisini suv bilan ta’minlashga ulkan hissa qo‘shishiga ishonamiz», - degandi Tojikiston rahbari.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
22:15 / 25.10.2024