O‘zbekiston | 10:34 / 24.02.2023
38692
11 daqiqa o‘qiladi

Yosh bolalar massaji: biznesmi yo zarurat?

Bugun parvarish qilinayotgan go‘daklar ayrim hollarda massajga ehtiyoj sezishadi. Ko‘pincha vrachlarning o‘zi ham shuni tavsiya etishadi. Massaj narxlari ham ehtiyoj va hududlarga qarab farq qiladi.

Foto: Kun.uz

Chaqaloq tug‘ilgandan boshlab to‘g‘ri parvarishlanishi uning sog‘lom bo‘lib o‘sishida ahamiyatli hisoblanadi. Bunda bolani doimiy ravishda shifokor ko‘rigiga olib borib, uning salomatligi bilan bog‘liq har bir holatni maslahatlashish zarur. Bolalar shifokori chaqaloqning holatiga qarab unga massaj ham buyurishi mumkin.

Shifokorlar aksar holatda bolaga massaj yozishi, hatto ba’zida uning oyog‘iga shina taqishni tavsiya qilishi mumkin. Haqiqatan, massaj va bolalarga turli ortopedik vositalar taqish biznesga aylandimi yoki bolalar ularga muhtojmi?

Sabab nima?

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi yosh onalar guruhida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, aksar onalar massaj va ortopedik vositalarga ehtiyoj ortayotgani sabablarini quyidagilardan iborat deb bilishadi:

  • Ayolning homiladorlik vaqtida o‘ziga va homilaga yetarlicha e’tibor bermasligi natijasida bola dunyoga kelgach unda kalsiy va boshqa zarur elementlar yetishmasligi;
  • Ekologiyadagi o‘zgarishlarning tug‘ilayotgan chaqaloqlarga ta’siri;
  • Chaqaloqni beshikka belash;
  • Oilaviy poliklinikalarda bolalar vaqtida sifatli ko‘rikdan o‘tkazilmasligi;
  • Sog‘ligida hech qanaqa muammosi bo‘lmasa ham, bolaning yaxshi rivojlanishi uchun yordam berish.

Massajning narxi qancha?

Bolalar massajining bir kursi o‘rtacha 10 kun davom etadi va hududlarga, uning turiga qarab narxi farqlanadi: o‘z-o‘zidan, poytaxtda qimmatroq, viloyatlarda nisbatan arzon:

  • Toshkent viloyatida: soati o‘rtacha 40 ming so‘m;
  • Toshkent shahrida: o‘rtacha 50 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha;
  • Navoiy viloyati: o‘rtacha 35-45 ming so‘m;
  • Vodiy viloyatlarida: o‘rtacha 50 ming so‘m.

Onalar fikri qanday?

Bolalarini massaj qildirgan va ortopedik vositalar taqishga majbur bo‘lgan onalar o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi. Ularning fikriga ko‘ra, vrach tomonidan buyurilgan va yaxshi mutaxassis tomonidan bajariladigan massaj bola uchun foydali. Lekin ba’zida bolani noto‘g‘ri massaj qildirib qo‘yish holatlari ham bor:

  • «Qishloq ayollari homiladorlikda ko‘rikdan vaqtida o‘tmaydi, vitamin ichmaydi. Ultratovush tekshiruvlariga ham ruxsat yo‘q. Natijada bola tug‘ilgach unga ko‘proq e’tibor kerak bo‘ladi».
  • «Massaj uncha zarurmas deb o‘ylab, qildirmagandim. Uyda o‘zim yengil massaj qilardim, lekin mutaxassis ko‘rigi kerak ekan. 6 oyligida bolamning oyog‘ida muammo borligini bildik va shina taqdik, massaj oldi. Hozir ahvoli ancha yaxshi».
  • «O‘g‘lim massajgacha umuman harakatlana olmasdi. Nevropatolog 3 kurs massaj yozgan edi. 2 kurs poliklinikadan oldik, lekin o‘zgarish sezmadim. Oxirgi kursini boshqa massajchidan olgach, harakatlari birdaniga o‘zgardi».
  • «Bolamga ortoped massaj buyurdi. 4 kun oldik, lekin massaj vaqti yig‘layverib kasal bo‘lib qoldi. Boshqa qildirmaydigan bo‘ldim».
  • «Ortoped tashxis qo‘yib bersa va shunga qarab massaj olinsa, muammo yo‘q deb o‘ylayman».
  • «Ikkinchi farzandimning oyog‘ida muammosi yo‘q edi, lekin negadir poliklinika ortopedi 2 marta ko‘rikda ham displaziya chiqardi. «Massaj kerak» derdi, ikki martadayam boshqa ortopedga ko‘rindik va muammo topmadik. 11 oyligida yurib ketdi, demak, qisman vrachlar ham buni biznesga aylantirib olishgan, massajning ziyoni yo‘q, lekin uning ortidan pul ishlasa bo‘ladi ba’zi hollarda».
  • «Bolani 1 yoshgacha massaj qilishni, aslida, onalarga uqtirish va o‘rgatish kerak. Massaj qon aylanishini yaxshilaydi, muskullar rivojlanishi va bolaning yaxshi harakatlanishi uchun foydali».
  • «Qizim 5 oyligida oyog‘ida tug‘ma suyak chiqishi borligini bildik. Vrachlar vaqtida davolanmasa, keyin operatsiya qilishga to‘g‘ri kelishini aytishdi. 6 oy shina taqdik, 3 kurs massaj oldi. Natija yaxshi bo‘ldi».
  • «Qizim 3 oylik payti tonusi bor deb massaj olganman. Massajchi noto‘g‘ri qilib qo‘ygani uchun qizimning bo‘g‘imlari bo‘shashib ketgan. Keyin 2 yoshgacha rosa massajlarga qatnadim. Aytmoqchi bo‘lganim, malakali massajchini topish kerak ekan».

«Chet elda massaj buyurishmaydi...»

Lekin chet elda Buyuk Britaniya, AQSh, Janubiy Koreyada yashovchi ayollar bu davlatlarda shifokorlar bolaga massaj buyurmasligini, faqatgina uy sharoitida o‘zlari bolalarini massaj qilishlarini aytishdi.

«Koreyada ko‘p o‘zbek ayollarimiz massajchi qidirib yurishadi. Odatda, shu yerdagi rus ayollar massaj qilib qo‘yishadi. Lekin koreys doktorlar massaj haqida umuman gap ochmaydi, sog‘lom bolaga shart emas deyishgan. Shina taqqan biror bolani ham ko‘rmadim», deydi Janubiy Koreyada yashovchi ona.

Massaj – davolash muolajasi – mutaxassis javobi

Oliy toifali travmatolog-ortoped Farhod Aripovning qayd etishicha, ota-onalar ba’zi holatda shifokor bilan uchrashmasdan o‘zlari to‘g‘ridan to‘g‘ri massajchilarga borib bolalarini massaj qildirishyapti. Bu juda noto‘g‘ri. Sababi massaj – davolash muolajasi va shuning uchun ham uni faqat shifokor buyurgan bo‘lishi kerak. Shifokor buyursa, hamshira uni bajarishi kerak. Qolaversa, hozir massajga o‘qib olgan uy bekalari ham ko‘p. Lekin massaj qilish uchun avvalo hamshiralikka o‘qigan bo‘lish lozim.

«Massajning 2 ta turi bo‘ladi: mustahkamlovchi va bo‘shashtiruvchi. Tonusi bor bolalarga bo‘shashtiruvchi, mushaklari bo‘sh bolalarga esa mustahkamlovchi massaj buyuriladi. Shifokor bilan maslahatlashmasdan ba’zida ota-onalar o‘zboshimchalik bilan massajni noto‘g‘ri oladi va uning asoratlarini davolashga to‘g‘ri keladigan holatlar ham bo‘ladi», deydi shifokor.

Massajni necha kurs olish kerak?

Farhod Aripovning so‘zlariga ko‘ra, massajni bolaning individual holatiga qarab qancha kurs olish kerakligini aytish mumkin. Hozir ota-onalar o‘rtasida bola to bir yoshga kirguncha 3-4 marta massaj olish kerak degan fikr paydo bo‘lgan. Lekin bu to‘g‘ri emas, hammasi organizmning holatiga qarab belgilanadi.

Ba’zida bola endi yurishga harakat qilayotgan paytda uning tezroq harakatlanishi uchun massaj olishadi. Bunday holatda noto‘g‘ri bo‘shashtiruvchi massaj qilib qo‘yilsa, bola oyoqqa turmay qo‘yishi mumkin.

Massaj olinmasa, bolaga zarari bormi?

Shifokorning aytishicha, bolani professional massajchidan ko‘ra onaning o‘zi massaj qilishi ham foydali. Sababi ona bolaning kayfiyati eng yaxshi paytini topa oladi. Onaning massaji bola uchun faqat foyda, qon aylanishini yaxshilaydi, o‘rtadagi mehrni mustahkamlaydi.

«Ba’zi bolalarga massaj yoqmasligi ham mumkin. Masalan, tonusi bor bola massaj payti battar injiqlanishi mumkin. Xuddi organizmga dori yoqmasa, uni ichishni to‘xtatish zarur bo‘lgani kabi bolaga ham massaj yoqmasa, uni davom ettirmaslik kerak. 10 kunlik massajning uchinchi kunida bola tinchlanib uni yaxshi kayfiyatda qabul qilsagina, davom ettirish mumkin. Agar bola 3 kundan keyin ham massaj vaqti yig‘lab bezovtalansa, uni to‘xtatish kerak.

Bola sog‘ligidagi muammo sabab ortopedik moslamalar, masalan, shina yoki ortopedik oyoq kiyim bilan davolanishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Lekin bunday vositalardan faqat va faqat bolaga zarur holatda malakali shifokor maslahati bilangina foydalanish zarur. Agar shifokor kerak bo‘lmagan holatda ortopedik vosita buyursa va undan foydalanilsa, bola qiynaladi.

Noto‘g‘ri holatda shina taqilsa, bu yomon asoratlarga olib kelishi ham mumkin. Tajribamda shinani noto‘g‘ri taqishgani sabab oyog‘ida chiqish kuzatilgan bolalarni davolagan holatlar ham bor», deydi Farhod Aripov.

Beshik faqat sog‘lom bolaga foydali

Farhod Aripovning ta’kidlashicha, chaqaloq tug‘ilgach u ma’lum muddat tashqi dunyoga moslashadi. Qo‘l, oyoqlari sekin-sekin rivojlanib, joylashadi. Agar bola tug‘ilgandanoq birdaniga beshikka belanadigan bo‘lsa va uning oyoq suyagida chiqishga moyillik bo‘lsa, beshik unga faqat zarar bo‘ladi. Bolasini beshikda katta qilmoqchi bo‘lgan ota-onalar u tug‘ilgandan 50 kuncha vaqt o‘tgach, ortoped ko‘rigiga olib borib, sog‘lomligiga, beshikka belashga qarshilik yo‘qligiga ishonch hosil qilishi zarur.

Farhod Aripov o‘z tajribasida beshikni isitish tizimi muammo bo‘lgan qishloq hududlarida yashovchi ota-onalarga ko‘proq tavsiya qilishini, unda ham bolaning sog‘ligida muammo bo‘lmasagina ruxsat berishini aytib o‘tdi.

Ota-onalar nimani bilishi kerak?

Farhod Aripov tavsiyalari:

D vitamini. Quyoshli davlatda yashaganimiz bilan har bir chaqaloqqa tug‘ilgach 2 haftalik bo‘lgandan to 1,5 yoshgacha D vitamini ichirishni boshlash zarur. Bu vitamin bolaning suyaklari, tish, tirnoq, sochlar yaxshi o‘sishiga, unda kalsiy yaxshi so‘rilishiga yordam beradi. D vitaminining me’yorini bolaning holatiga qarab, shifokor belgilab beradi.

Shifokor ko‘rigi. Ota-ona o‘z xotirjamligi, bola sog‘lom o‘sishi uchun bolani shifokor ko‘rigiga muntazam olib borib turishi, o‘zboshimchalik bilan harakatlar qilmasligi zarur.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Mavzuga oid