O‘zbekiston | 23:19 / 01.03.2023
7497
3 daqiqa o‘qiladi

YeTTB O‘zbekistonda yerlarni sug‘orish ishlari samaradorligini oshirishga yordam beradi 

Farg‘ona vodiysidagi nasos stansiyalarini yangilash uchun qariyb 200 million AQSh dollari miqdoridagi suveren kredit ajratiladi. 

Foto: agro-olam.uz

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida yerlarni sug‘orish ishlarining samaradorligini oshirishga yordam beradi. YeTTB mablag‘lari, asosan, O‘zbekistonning uchta viloyatida zarur muhandislik ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. 

O‘zbekistonga berilayotgan 199,96 million AQSh dollarigacha bo‘lgan suveren krediti Farg‘ona vodiysida sobiq SSSR davrida qurilgan 118 ta eskirgan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga yordam beradi. U zamonaviy, energiya jihatdan samarador nasos agregatlarini sotib olish va o‘rnatish, shuningdek, tegishli infratuzilmani qayta qurish uchun sarflanadi. 

Mazkur loyiha sug‘oriladigan dehqonchilikka bog‘liq bo‘lgan va yil davomida yog‘ingarchilik miqdori kam bo‘lgan bu hudud uchun o‘ta muhim sug‘orishga mo‘ljallangan suvni mintaqaviy tashish tizimining samaradorligini oshiradi. 

Eski suv nasoslarini zamonaviy uskunalar bilan almashtirish suv sarfini yaxshiroq nazorat qilish va yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini beradi. Bu modernizatsiya atrof-muhitga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, yillik elektr energiyasi iste’molini 277 ming MVt/soatga qisqartirishi va yillik SO2 chiqindilarini 129 ming tonnaga kamaytirishi kutilmoqda. 

YeTTB Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitai shunday deydi: «YeTTBda biz odamlarning turmushini yaxshi tomonga o‘zgartirishga ko‘maklashamiz. Bunday yashil loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali biz ushbu hudud uchun muhim bo‘lgan suvdan foydalanish samaradorligini oshiribgina qolmay, sug‘oriladigan yer maydonini qariyb 32 ming gektarga ko‘paytirishga yordam beramiz, bu esa, O‘zbekistonning aholisi eng zich bo‘lgan viloyatlarida taxminan 19 ming ish o‘rni yaratishi mumkin». 

Mamlakatning Parij bitimi bo‘yicha majburiyatlariga mos ravishda, O‘zbekiston «Suv xo‘jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi» kabi bir qator strategiyalarni qabul qilish orqali suvdan barqaror foydalanish bo‘yicha strategik maqsadlarni ishlab chiqdi. 

Bugungi kunga qadar, YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 121 ta loyiha orqali 3,71 milliard yevro sarmoya kiritgan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid