Jahon | 14:16 / 02.03.2023
9058
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada qochqinlar yotoqxonalariga hujumlar soni ko‘paydi

Qochqinlar boshpanalariga hujumlar sonining ko‘payishi kovid cheklovlarining bekor qilinishi va migrantlar oqimining ortishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, migratsiya inqirozi avjiga chiqqan 2015 yildagiga qaraganda, hozirda bunday hujumlar ancha kam.

Foto: Fotostrecke

Germaniyada 2015 yildan beri ilk bor muhojirlar uchun hostellarga hujumlar soni ortdi. Neue Osnabrücker Zeitung gazetasi 2 mart, payshanba kuni Germaniya Ichki ishlar vazirligi Bundestagdagi So‘l partiya fraksiyasi so‘roviga javoban taqdim etgan dastlabki ma’lumotlarga tayanib yozishicha, o‘tgan yili mamlakatda 121 ta shunday hujum qayd etilgan bo‘lsa, bir yil avval 70 ta hujum sodir bo‘lgan. 

Ichki ishlar vazirligi bunday hujumlar sonining ko‘payishini koronavirus cheklovlari bekor qilingani va migrantlar oqimining ortishi bilan izohladi. 2022 yilda Germaniyada 218 000 boshpana so‘rovi ro‘yxatga olingan. Bundan tashqari, mamlakatga Ukrainadan deyarli bir million qochqin kelgan. 

O‘tgan yili Germaniya hukumati qochqinlarga o‘z uylaridan tashqarida 1248 ta hujumni qayd etgan, bu - bir yil avvalgidek (1259). Germaniyada migratsiya inqirozi avjiga chiqqan 2015 yil bilan taqqoslaganda, hozirgi ko‘rsatkichlar past. O‘shanda mamlakatda qochqinlar boshpanalariga 1047 ta hujum qayd etilgan. Shundan beri bu raqam yildan yilga kamayib bormoqda: 2017 yilda - 284, 2020 yilda - 84 va 2021 yilda - 70. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid