Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
3 mart kuni Belarusda Nobel laureatiga sud hukmi e’lon qilinadi. BMT bayonot bilan chiqdi
Belaruslik inson huquqlari faoli, Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy ustidan hukm e’lon qilinishidan bir kun oldin BMTning Belarus bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Belarusda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etayotganini aytdi.
Belarusda shundoq ham xavotirli holatda bo‘lgan inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashmoqda. Bu haqda 2 mart, payshanba kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Jyenevada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi chog‘ida BMTning Belarus bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Anais Marin ma’lum qildi. Uning bu so‘zlari Minskda Belarus huquq himoyachisi, Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy va uning sheriklariga hukm e’lon qilinishi arafasida aytildi.
Marinning so‘zlariga ko‘ra, hozir Belarusda kamida 1400 nafar siyosiy mahbus bor, ulardan 32 nafari jurnalist. Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus ma’ruzachisi Belarus Respublikasi fuqarolarining so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqlari muntazam ravishda buzilishini, shuningdek, 2020 yilda prezidentlik saylovlarini soxtalashtirishga qarshi norozilik namoyishlari keskin bostirilganidan keyin 700 dan ortiq jamoat tashkilotlari yopilishga majbur bo‘lganini eslatdi.
BMT eksperti, shuningdek, Belarusdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat «radarlardan yo‘qolishi» mumkinligidan xavotir bildirdi, chunki mamlakatdagi barcha mustaqil ommaviy axborot vositalari jim bo‘lishga majbur qilindi.
Ales Belyatskiy 2021 yil 14 iyulda Belarusda hibsga olingan. U va uning «Vesna» inson huquqlari harakatidagi sheriklari ustidan sud jarayoni 2023 yil yanvar oyi boshida boshlangan. Ular pul kontrabandasida va namoyishlarni moliyalashtirishda ayblanmoqda. Huquq himoyachilari 12 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Ularga hukm 3 mart, juma kuni e’lon qilinadi.
2022 yil oktyabr oyida Belyatskiy Rossiyaning «Memorial» va Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi huquq himoyachilari bilan birga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu vaqtga borib, u deyarli 15 oy qamoqda edi.
O‘tgan yilning oktabr oyi oxirida BMTning Belarus bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Anais Marin nega muxolifatchi belaruslar ommaviy ravishda mamlakatni tark etishga majbur bo‘layotgani haqida hisobot taqdim etgan edi. Hujjatda boshqa narsalar qatorida Belarus davlatining «jodugarlarga ovi» va mamlakatda inson huquqlarining muntazam ravishda buzilishi tasvirlangan.
«Ikki yil oldin odamlarga norozilik namoyishiga ruxsat berilmagan, ularni qo‘rqitishgan. Endi siyosat ko‘proq qasosga o‘xshaydi, go‘yo davlat 2020 yilda sodir bo‘lgan voqealar uchun odamlardan o‘ch olmoqchi», - dedi ekspert.
Mavzuga oid
12:14 / 24.05.2025
G‘oyib bo‘lgan Belarus muxolifat spikeri maxsus xizmatlar bilan aloqada gumonlanyapti
19:20 / 19.05.2025
Litva Belarus ustidan BMT Xalqaro sudiga da’vo kiritdi
20:28 / 07.05.2025
Lukashenko 8 ming mahkumga amnistiya qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
10:14 / 01.05.2025