Jahon | 11:20 / 06.03.2023
6640
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Moldovaga xavfsizlik tuzilmalarini mustahkamlashda yordam beradi

Yevropa Ittifoqining fuqarolik missiyasi Moldovaga boradi. Yevropalik ekspertlar moldovalik kadrlarni adliya, politsiya va bojxona nazorati sohalarida tayyorlaydi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Moldovaga samarali xavfsizlik tuzilmalarini yaratishda yordam beradi. Shu maqsadda adliya, politsiya va bojxona xodimlaridan iborat Yevropa Ittifoqining yangi fuqarolik missiyasi yoz boshida mamlakatga jo‘nab ketadi. Bundan tashqari, YeI Moldovaga kiberjinoyatchilik va dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha maslahat beradigan ekspertlarni taqdim etadi, deb yozadi Germaniyaning Welt am Sonntag haftalik nashri 5 mart, yakshanba kuni yevropalik diplomatlarga tayanib.

Nashrning yozishicha, Yevropa tashqi siyosat xizmati mutaxassislari allaqachon inqirozni boshqarish konsepsiyasini ishlab chiqishmoqda, u mart oyida tayyorlanadi. Ushbu hujjat Yevropa Ittifoqining Moldovadagi maslahat missiyasi hajmi, vakolati va profili bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga oladi. Konsepsiya Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi kerak. Missiyaning asosiy tarafdorlari Germaniya, Ruminiya, Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha, Shvetsiya, Daniya, Chexiya va Portugaliyadir.

Fevral oyidan beri 2,5 million aholiga ega Moldovani yevropaparast hukumat boshqarmoqda. Qo‘shni Ukrainada bo‘lgani kabi Moldovada ham mustaqilligini e’lon qilgan va rossiyaparast ayirmachilar tomonidan boshqariladigan hudud – Dnestrbo‘yi bor. U yerda xuddi Ukraina Donbassidagi kabi rus qo‘shinlari joylashgan. Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiyani Kishinyovda hukumatni ag‘darish niyatida aybladi. Moldova rahbariyati mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga intilmoqda, biroq bu tartib ko‘p yillar davom etishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid