Jahon | 09:21 / 08.03.2023
2652
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada pensiya islohotiga qarshi namoyishlar davom etmoqda

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, pensiya yoshini oshirishga qarshi yangi namoyishlar deyarli 1,3 million kishini jalb qilgan. Namoyishlar jamoat transportini to‘xtatib qo‘ydi, ko‘plab maktablar vaqtincha yopildi.

Foto: pbs.org

Fransiyada pensiya islohotiga qarshi yangi namoyishlarda 1,28 millionga yaqin kishi ishtirok etdi. Bu haqda 7 mart, seshanba kuni mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi. Parijda, rasmiylarga ko‘ra, 80 mingdan ortiq namoyishchi ko‘chalarga chiqdi. O‘z navbatida, Fransiyaning eng yirik kasaba uyushmalari uyushmasi - CGT mamlakat bo‘ylab 3,5 million namoyishchi va poytaxt ko‘chalariga 700 mingga yaqin odam chiqqanini e’lon qildi.

Parijdagi norozilik aksiyasi namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bilan kechdi. Huquq-tartibot xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishga majbur bo‘ldi, 43 kishi hibsga olindi. Namoyishchilar Nant, Renn va Lion shaharlarida ham politsiya bilan to‘qnashgan.

Fransiya kasaba uyushmalari prezident Emmanuel Makronning pensiya tizimini isloh qilish rejalariga qarshi va «butun mamlakatni falaj holatga solib qo‘yadi» degan shior ostida 11 martda yangi norozilik namoyishlari tashkillashtirilishini va’da qilmoqda.

7 mart kuni bo‘lib o‘tgan aksiyalar chog‘ida Fransiyada poyezdlarning 80 foizi to‘xtatildi, poytaxt va boshqa yirik shaharlarda jamoat transporti ishi kechiktirildi, havo transporti yo‘lovchilari reyslar bekor qilinishiga duch keldi. Bundan tashqari, namoyishchilar mamlakatdagi barcha neftni qayta ishlash zavodlariga yonilg‘i yetkazib berishni to‘sib qo‘yishdi, deya qayd etdi CGT kasaba uyushmasi. Ko‘pgina maktablarda darslar bekor qilindi.

Fransiya bosh vaziri Elizabet Born tomonidan yanvar oyi o‘rtalarida taqdim etilgan pensiya tizimi islohoti pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, xodimlarning pensiya jamg‘armasiga to‘lov to‘lashining eng kam muddatini - 43 yilgacha oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, eng kam pensiya miqdori oyiga 1200 yevrogacha ko‘tariladi, deya ishontirmoqda hukumat.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid