O‘zbekiston | 18:54 / 09.03.2023
9840
1 daqiqa o‘qiladi

Parlamentga vazirlarni ishdan olish haqida taklif kiritish huquqi beriladi

Qonunchilikka shunday me’yor kiritilishi kutilmoqda.

Foto: uza.uz

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis va prezident oldidagi mas’uliyati kuchaytirilmoqda. Bu haqda deputat O‘rol O‘rozboyev ma’lum qildi.

«Jumladan, Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini prezident tomonidan belgilab berilgan ijro etuvchi hokimiyatning asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshirishi belgilanmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Vazirlar Mahkamasining muayyan a’zosining o‘z faoliyati yuzasidan hisobotini eshitish hamda zarur bo‘lganda, uni iste’foga chiqarish to‘g‘risida prezident ko‘rib chiqishi uchun taklif kiritish vakolati berilmoqda», dedi u.

Bugun, 9 mart kuni Qonunchilik palatasi Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha yalpi majlis o‘tkazdi. Majlisda ertaga soat 10:00 gacha tanaffus e’lon qilindi. Majlis yakunida referendum sanasi e’lon qilinishi kutilmoqda.

Mavzuga oid