O‘zbekiston | 16:58 / 09.03.2023
7651
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlarida o‘zgarishlar bo‘ladi

Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash vakolati to‘liq Qonunchilik palatasida bo‘ladi. Prezident bosh vazir nomzodini taqdim qilishdan oldin faqat eng ko‘p o‘ringa ega partiya emas, hamma partiyalar bilan maslahatlashishi kerak bo‘ladi.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

O‘zbekiston parlamentida konstitutsiyani yangilash haqida ma’ruza qilgan deputat Jahongir Shirinov asosiy qonunga kiritilayotgan ayrim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi.

“Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri saylanadigan Qonunchilik palatasiga o‘tkazilmoqda. Bu o‘zgartish quyi palataning vakillik tabiatiga mos keladi hamda uning faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.

Ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olinib, bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilmoqda. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin prezident bosh vazirni lavozimga tayinlaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, bosh vazir nomzodini ilgari surish faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p ovoz olgan partiya irodasiga bog‘lab qo‘yilgan edi. Yangi taklif etilayotgan tartib orqali esa barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishdagi ishtiroki ta’minlanadi. Ya’ni bu boradagi qoidalar yanada demokratlashtirilmoqda”, – dedi Shirinov.

Uning qayd etishicha, hududiy manfaatlarni ifodalovchi organ sifatida Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish vakolati konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, vazirliklar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash vakolatini ham Senatga o‘tkazish taklif etilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid