Sport | 12:04 / 09.03.2023
32892
13 daqiqa o‘qiladi

Parij orzusi Myunxenda sindirildi. YeChLda kun o‘yinlari

Fransuz superklubi yana Chempionlar ligasini pley-offda tark etdi - bu safar ancha ertaroq.

Foto: Reuters

YeChL. 1/8 final. Javob o‘yinlari
Bavariya — PSJ 2:0
Gollar: Shupo-Moting (61), Gnabri (89).
Bavariya – Zommer, Stanishich, Upamekano, de Ligt, Goretska, Kimmix, Devis, Shupo-Moting (Sane, 68), Myuller (Kanselu, 86), Koman (Gnabri, 86), Musiala (Mane, 82).
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Ramos, Danilu Pereyra, Markinos (Mukiele, 36; Bitshiabu, 46), Mendesh (Bernat, 82), Verratti, Fabian Ruis (Zair-Emeri, 76), Vitinya (Ekitik, 81), Messi, Mbappe.
Birinchi o‘yin — 1:0.

19 fevral kuni Neymar «Lill»ga qarshi o‘yinda maydon markazida oyog‘ini qayirib olganida, internet braziliyalik futbolchining navbatdagi jarohati yana uning singlisi tug‘ilgan kuniga yaqin qolganida bo‘lgani haqidagi memlar bilan to‘lib-toshdi. Faqat bu kulgili emas, qayg‘uli edi. Gap shundaki, «PSJ» o‘z vaqtida 222 million yevro to‘lagan forvard jamoada bo‘lgan vaqtning qariyb uchdan ikki qismi jarohatlardan davolanishga ketgan. Navbatdagi jarohatdan keyin Ney faqat yozda, mavsumlar oralig‘idagi tayyorgarlik jarayonida safga qaytishi mumkin.

«PSJ»ning o‘ninchi raqamli futbolchisi faqat bir mavsumda Chempionlar ligasi pley-off bosqichida to‘la sog‘ bo‘lgan va Fransiyaning eng yaxshi jamoasi o‘shanda sovringa juda yaqin kelgandi. O‘shanda yevrokuboklar pandemiyadan keyin o‘zgartirilgan formatda yakunlangan, Neymarning holati yaxshi ekani oilaviy bayramlar ortda qolgani bilan bog‘lab hazillar qilingan, o‘yinlar yozda o‘tkazilgandi. Pley-offda chorak finaldan betaraf maydonda faqat bittadan o‘yin bo‘lgan, nimchorak finalda «Borussiya» D bilan ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (1:2, 2:0) ustun kelgan «PSJ» keyingi bosqichlarda «Atalanta» (2:1) va «Leypsig»ni (3:0) ortda qoldirib, finalga chiqqan, lekin o‘sha mavsumda dahshatli formada bo‘lgan «Bavariya»ga (myunxenliklar «Chelsi»dan ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 7:1 hisobida ustun kelgan, keyin «Barselona» 8:2 hisobida mag‘lub etilgan, yarimfinalda esa o‘sha mavsum «Siti»ni turnirdan chiqarib yuborgan «Lion» osonlik bilan taslim etilgandi - 3:0) 0:1 hisobida yutqazgandi.

Parijliklarning shundan boshqa yorqin ishtiroki to‘rt yil oldin «MYu»ga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda penaltidan o‘tkazilgan gol tufayli to‘xtatilgandi. O‘sha oqshomda qo‘ltiqtayoqdagi Ney hakamlar xonasiga bostirib kirishga uringan, u xonaga kira olmasa ham, ijtimoiy tarmoqlarda hakamlarni haqoratlagani uchun diskvalifikatsiyaga uchragandi.

Hozirda Parijda yetakchilardan biri yo‘qligidan pozitiv topishga urinishmoqda. Ham Messi va Mbappening so‘nggi uchrashuvlardagi yorqin o‘yinlari, ham pressingda u qadar faol bo‘lmaydigan futbolchilar soni qisqarganiga ishora qilib. Hatto bosh murabbiy Kristof Galte braziliyalik futbolchi 17 gol urgani va 11 uzatma amalga oshirganini e’tirof etgan holda yarimhimoya chizig‘ida balans yuzaga kelganini tan oldi. Faqat murabbiy qarshisida boshqa savol paydo bo‘ladi: bu hujumda qo‘shimcha ustunlik yo‘qolgani evaziga bo‘lmadimi?

Shunga qaramay Galte pressing va’da qildi va u hamda shu kuni juda ishonchli o‘yin ko‘rsatgan Zommer — yorqin birinchi bo‘limni taqdim etishdi. Vitinyaning zarbasini esa darvoza chizig‘i ustida de Ligt to‘xtatib qoldi, boshqa vaziyatda Deyvis ham Messi hujumni yakunlashiga yo‘l qo‘ymadi. Bularning bari YeChL hit-paradiga kiradi. 

Birinchi 45 daqiqalikda parijliklar darvozasi qarshisida esa bunday xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Lekin o‘tgan shanba kuni «Nant» bilan uchrashuvni sog‘ligidagi muammo tufayli oxirigacha yakunlay olmagan Markinos bu o‘yinda birinchi bo‘limdayoq almashtirildi va markaziy himoyachilar uchligida birgina Serxio Ramos shu amplua futbolchisi bo‘lib qoldi. Qolaversa, zaxira o‘rindig‘idan shoshilinch chaqirilgan Mukiyele ham ikkinchi bo‘limga qayta olmadi va o‘rnini 17 yoshli Bitshiabuga bo‘shatib berdi.

Mezbonlar bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann esa darhol raqibdagi zaif nuqtani payqadi va tanaffusdan  keyin «Bavariya» qotil rejimini yoqdi. Dastlab Shupo-Moting jamoa o‘yinidan ajralib qoldi va zarba yo‘lida paydo bo‘lgani uchun gol bo‘lmay qoldi. Lekin hal qiluvchi vaziyatda — Goretska va Myuller pressing bilan Verrattini xato qilishga majbur qilishganida — kamerunlik futbolchi sobiq jamoasini ayamadi.

Serxio Ramosning bosh bilan yo‘llagan zarbasini qaytargan Zommer esa jarohatlangan Noyyer o‘rniga nega aynan uni tanlashganini ko‘rsatib qo‘ydi. Nemis jamoasi himoyachilari «PSJ» tarixidagi eng yaxshi to‘purar Mbappeni qurolsizlantirishdi. Diskvalifikatsiyaga uchragan Pavar o‘rniga esa qanotda Joau Kanselu emas, faqat so‘nggi uch o‘yinda boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan Stanishich tushirildi.

Gnabri o‘yin oxirida ikkinchi golni urdi. «Bavariya» bu mavsumda «PSJ», «Barselona» va «Inter» bilan ikki martadan o‘ynab, to‘p o‘tkazmadi. YeChLda faqat «Viktoriya Plzen» myunxenliklar darvozasini ishg‘ol etishni uddalagan.

Shu tariqa, «PSJ», Qatar millionlari va Chempionlar ligasi haqidagi povestning yangi sahifasi yozildi. Yangisi uchun kim olinadi? Luish Kampush rahbariyatni Galtega ishonishda davom etishga ishontiradimi? Yoki baribir Zinedin Zidan keladimi? Aftidan, Fransiyaning eng yaxshi jamoasini undan boshqasi eplay olmaydi.

«Bavariya» yana Parij orzusini oyoqosti qildi. Va gap Neymarning jarohatida emas.

«Shporlar» 180 daqiqa davomida qizil-qoralar darvozasiga bitta ham gol ura olishmadi

Foto: Reuters

Tottenhem — Milan 0:0
Tottenhem – Forster, Emerson (Risharlison, 70), Devis, Langle, Romero, Perishich (Porro, 53), Hyoyberg, Kulusevski (Sanches, 83), Skipp, Son, Keyn.
Milan – Menyan, Tomori, Tiav, Kalulu, Ernandes, Krunich, Dias (Binnosir, 81), Tonali, Messias (Salemakers, 56), Jiru (Origi, 81), Leau (Rebich, 89).
Ogohlantirishlar: Romero (17), Langle (21), Tiav (90+3), Skipp (90+5).
Chetlatish: Romero (78).
Birinchi o‘yin — 0:1.

«Milan» Chempionlar ligasi chorakfinallarida 11 yildan buyon ko‘rinish bermagan. Bu vaqt davomda Yevropa futbolining bir zamonlardagi grandi boshqaruvida o‘n nafar bosh murabbiy ishladi, Zlatan Ibrahimovich esa ketib, boshqa uch klubda o‘ynab, ortga qaytib kelishga ulgurdi. «Milan» oldingi ulug‘vorligiga qaytish uchun hali yana ko‘p vaqt kerak, ammo, qizil-qoralar chorshanba oqshomidagi o‘yinda bu yo‘nalishda muhim oraliq qadamni tashladi. Italyanlar qarshisidagi oddiy vazifa turgandi: o‘tgan haftada «Vulverhempton»ga ham, «Sheffild Yunayted»ga ham gol ura olmagan jamoaga yutqazmaslik.

Shunga qaramay, «Tottenhem» baribir xavfli edi. Joriy mavsumda bu Angliyadagi «katta oltilik»ning eng beqaror jamoasi bo‘lmoqda: klub yetakchilardan birini osonlik bilan yengishi, uning ortidan autsayderga yutqazishi mumkin. Shuning uchun Stefano Pioli jamoaning so‘nggi natijalariga chalg‘imasligi talab etilardi.

Antonio Konte nihoyat sog‘ligidagi muammolarni yengib o‘tdi va «Tottenhem» zaxira o‘rindig‘iga qaytdi, ammo tarkibda jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urmadi. Pioli esa yana «shporlar» o‘yiniga moslashib alohida reja tayyorladi — agar «San-Siro»da u Kerga faqat Keynni qo‘riqlashni buyurgan bo‘lsa, bu safar gibrid sxemaga o‘tdi.

Pioliga ko‘p jihatdan Menyan sog‘aygani yordam berdi. «Milan»ning asosiy darvozaboni og‘ir jarohat tufayli sentabrdan buyon o‘ynamayotgandi, ammo fevral oxirida u safga qaytdi va murabbiylar shtabi endi fransuz posbonining kuchli tomonlaridan foydalanishi mumkin. Menyan oyoq bilan juda yaxshi o‘ynaydi, har ikkisi bilan ham, shuning uchun «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda u himoyachi rolini ham bajardi. Darvozabon doimiy ravishda jarima maydoni tashqarisida to‘p bilan paydo bo‘ldi va sheriklariga uzun uzatmalar yetkazib berdi. Yakunda Menyan «Milan» tarkibida eng ko‘p uzatma olgan futbolchilar uchligidan joy oldi.

«Milan» darvozabon manyovrlari hisobiga futbolchilar joylashuvini ham tez-tez o‘zgartira oldi — hujum boshlanishida himoya to‘rtlik liniyasida saf tortdi, to‘psiz holatda esa mehmonlar «Tottenhem»ning 3-4-3 sxemasini takrorladi.

Mehmonlar taktikasi ish berdi. Birinchi o‘yinda milanliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi, shu tufayli javob o‘yinida ulardan birinchi navbatda «Tottenhem»ni tiyib turish talab etilardi. Mehmonlar birinchi bo‘limda o‘yin sur’atini nazorat qilishdi, natijada tanaffusga qadar darvozalar oldida golli vaziyatlar deyarli bo‘lmadi. Faqat Emerson va Messias bir martadan xavfli vaziyatlar yaratishdi.

«Milan»ning bunday harakati tushunarli edi, chunki vaqt shu jamoa foydasiga ishlardi, «Tottenem» esa juda noaniq o‘yin ko‘rsatdi. 23-daqiqadan 60-daqiqagacha londonliklar darvoza sohasi tomon birorta aniq zarba yo‘llamadi — na pozitsion hujum, na qarshi hujumlar va na standartlardan naf bo‘ldi. Faqat Pedro Porro zaxiradan tushishi o‘yinni jonlantirdi — ispaniyalik futbolchi «Vulverhempton»ga qarshi yorqin o‘yindan keyin ham zaxirada qoldirilgani tushunarsiz, ammo u bu o‘yinda ham 60-daqiqadan keyin qanotda faol harakat qildi.

Konte o‘zining sevimli 3-X-X blokini o‘yin davomida ham deyarli o‘zgartirmaydi, ammo bu safar vaziyat majbur qildi: 70-daqiqadan boshlab «Tottenhem» safida hujum chizig‘ining asosiy to‘rt vakili maydonda edi — Keyn, Son Xin Min, Kulusevski va Risharlison. Shu bilan birga bu joylashuv 4-2-4 ni ham eslatardi. Ikkinchi bo‘limda «Tottenhem» to‘pga egalik qilish bo‘yicha tashabbusni qo‘lga olishi mantiqiy edi, faqat «Milan» raqib hujumlarining aksarini osonlikcha yo‘qqa chiqardi. «Shporlar» Konte davrida qarshi hujumda o‘ynashni yaxshi o‘zlashtirgan, lekin yaxshi uyushtirilgan mudofaani qanday buzib o‘tishni bilishmaydi.

Bunday o‘yinni xotirjam yakunlashning imkoni bo‘lmadi — 78-daqiqada Romeroning asablari dosh bermadi, vaziyatlardan birida u Teo Ernandesga qarshi qo‘pollik qilib, o‘zi jarohat oldi, yetmaganiga hakam unga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi. Kamchilik bo‘lib qolgan «Tottenhem»da o‘yinni qutqarish uchun imkoniyat yanada kamaydi, ammo jamoa baribir bir yaxshi standart vaziyat uchun kuch topa oldi — qo‘shib berilgan uchinchi daqiqada Keyn o‘zining eng yaxshi qobiliyatini yodga oldi va bosh bilan gol urishi mumkin edi, ammo Menyan o‘z vaqtida sakrab xavfni bartaraf etdi.

O‘yin golsiz yakunlandi, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Milan» yurishini davom ettiradi. Va kimdadir bu jamoa keyingi bosqichga haqli emas degan tasavvur uyg‘ongani dargumon.

Mavzuga oid