O‘zbekiston | 16:49 / 13.03.2023
6616
3 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi notariuslar faoliyatidagi to‘xtalishlarni IIV elektron bazasida uzilishlar kuzatilayotgani bilan izohladi

IIV YHXB sayti ma’lumotlar bazasi faoliyati bilan bog‘liq muammolar birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Biroq rasmiylar tizimdagi muammolarni tan olmay keladi.

Adliya vazirining matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva Telegram-kanalida jamoatchilikni avtomototransport vositalari bilan bog‘liq notarial harakatlarni amalga oshirishda uzilishlar kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirarkan, bunga IIV elektron bazasidagi muammo sabab bo‘layotganini bildirgan.

“Ma’lumki, notariuslar tomonidan notarial harakatlarni rasmiylashtirishda zarur hujjat va ma’lumotlar “yagona darcha” tamoyili asosida tegishli idora va tashkilotlardan elektron tarzda olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli elektron bazasida texnik uzilishlar kuzatilayotganligi sababli, notariuslar tomonidan ushbu axborot tizimidan avtomototransport vositalari bilan bog‘liq ma’lumotlarni olish imkoniyati cheklanmoqda.

Shu munosabat bilan avtomototransport vositalari bilan bog‘liq notarial harakatlarni amalga oshirishda uzilishlar kuzatilishi mumkin. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.

IIV va JXD YHXX rasmiy saytida yoki boshqa platformalarda mazkur muammo yuzasidan hozirga qadar hech qanday izoh berilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabrida Telegram-kanallarida hakerlar jamoasi Toshkent shahar IIBB YHXB saytiga hujum uyushtirib, ma’lumotlar bazasidagi jarimalarga oid 60 mingta ma’lumotdan 27 mingtasini qo‘lga kiritishgani, shundan mingdan ortiq jarimalar o‘chirib yuborilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumot haqiqatga mos kelmasligini bildirgandi.

2021 yil noyabrda ham Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining jarimalar elektron bazasi kiberhujumga uchragani haqida audioyozuv tarqalgandi. YHXBB buni rad etib, ikkita baza integratsiya qilinayotgani sababli “ayrim nosozliklar” ro‘y berayotganini bildirgandi.

O‘sha yili 5 iyul kuni ham soat 14:05 dan 6 iyul soat 12:30 gacha YHXX tasarrufidagi elektron tizimlar ishlamay qolgan, qariyb bir kunlik tanaffusdan so‘ng YHXB bazasi faoliyati tiklangandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid