Jahon | 15:52 / 14.03.2023
3484
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada deputatlar chetga safarlari haqida «FSB»ni xabardor qilishi kerak bo‘ladi

Foto: RIA Novosti

«Davlat sirlari to‘g‘risida»gi va «Rossiyadan chiqish va Rossiyaga kirish tartibi to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Deputatlar, senatorlar va merlar xorijga safarlari haqida rasmiylarga hisobot berishi kerak, deb yozadi «Kommersant».

Rossiyada Davlat dumasi va mintaqaviy qonunchilik yig‘ilishlari deputatlari, shuningdek, senatorlar va merlar xorijga safarlari haqida «FSB» va Tashqi razvedka xizmatiga hisobot berishlari shart. «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi va «Rossiyadan chiqish va Rossiyaga kirish tartibi to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozadi 14 mart, seshanba kuni «Kommersant» gazetasi.

Qonun loyihasi muallifi - «Yedinaya Rossiya» a’zosi Vasiliy Piskarev boshchiligidagi Xavfsizlik qo‘mitasining bir guruh deputatlari. Rejalashtirilgan o‘zgarishlar, xususan, «alohida ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar yoki o‘ta maxfiy ma’lumotlarga» ta’sir qiladi.

Shu bilan birga, qonun loyihasida istisnolar ko‘zda tutilgan: davlat siri bo‘lganligi sababli chiqib ketish taqiqlanganlar favqulodda holatlarda, masalan, yaqin qarindoshining o‘limi yoki kasalligi bo‘lganida Rossiyani vaqtincha tark etishi mumkin bo‘ladi. Nashrning yozishicha, sayohatlar haqida xabar berish tartibini Rossiya prezidenti Vladimir Putin belgilaydi.

O‘zgartirishlar davlat sirlaridan foydalanish tartibiga ham ta’sir qiladi. Agar mansabdor shaxs yoki uning oilasi chet elda mol-mulkka ega bo‘lsa, foydalanish imkoni rad etilishi mumkin. Piskarevning so‘zlariga ko‘ra, bu «do‘st bo‘lmagan davlatlar tomonidan bizning maxfiy ma’lumot tashuvchilarimizga bosim o‘tkazish xavfini minimallashtirishga» yordam beradi.

Ayni paytda, «Sistema» surishtiruv loyihasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin rossiyalik davlat xizmatchilari va davlat kompaniyalari xodimlari pasportlarini «FSB» yoki ish joyidagi maxsus bo‘limga topshirishlari kerakligini aniqladi. Ba’zida «FSB» xodimlari, agar biror kishi bunday talabni bajarishdan bosh torsa, uning pasporti bekor qilinishini aniq aytgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid