Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tbilisidagi mitingda kremlparast radikallar Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini yoqib yubordi
Alt-Info va «Konservativ harakat» partiyasi tarafdorlari Gurjiston parlamenti binosi yonida Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini yulib, yoqib yuborishdi. Ular «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qilgan.
Gurjiston poytaxtida 14 mart, seshanba kuni kremlparast Alt-Info guruhi va uning siyosiy qanoti - «Konservativ harakat» a’zolari va tarafdorlari norozilik namoyishi o‘tkazdi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Tbilisi markazidan o‘tgan yurishda bir necha ming kishi ishtirok etgan.
Gurjiston bayroqlari ko‘tarilgan, G‘arbga qarshi shiorlar aytilgan kolonna Rustaveli shohko‘chasi bo‘ylab parlamentga yo‘l oldi va u yerda bino oldida ko‘tarilgan Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini yulib oldi, keyin uni oyoq osti qilib, yoqib yubordi. Aksiya namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bilan kechgan. Aksiyadan so‘ng Gurjiston politsiyasi parlament binosi oldida yana Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini osib qo‘ydi.
Ishtirokchilar Gurjistonga G‘arb ta’sirining kengayishi va Rossiya bilan aloqalar o‘rnatilishiga qarshi chiqishdi. Shuningdek, ular mamlakatda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishini va 7-9 martdagi namoyishlarning barcha ishtirokchilari jazolanishini talab qilishdi.
Bundan tashqari, radikallar 2021 yil 5 iyul kuni Tbilisida tartibsizliklar uyushtirgan Alt-Info harakatiga a’zolarni ozod qilish talabi bilan chiqdi.
Gurjiston Ichki ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini tahqirlash fakti bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik ishini qo‘zg‘atdi. Ichki ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, barcha huquqbuzarlar aniqlanib, jarimaga tortiladi.
Davlat muassasalari binolariga osilgan Yevropa Ittifoqi bayroqlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va Gurjiston diplomatik aloqada bo‘lgan mamlakatlar bayroqlariga yetkazilgan zarar uchun 1000 lari (taxminan 400 dollar) miqdorida jarima belgilangan. Takroriy huquqbuzarlik uchun - 2000 lari miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq.
Gurjiston parlamenti spikeri Shalva Papuashvili namoyishchilarning harakatlarini qoralab, mamlakatda Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini tahqirlash uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilganini eslatib o‘tdi. «Biz radikalizm radikalizmni keltirib chiqarayotganini ko‘rib turibmiz. Bunday harakatlarni kim sodir etishidan qat’i nazar, qabul qilib bo‘lmaydi», - dedi Papuashvili.
Radikallarning xatti-harakatlari «Xalq kuchi» harakati yetakchisi, «Chet eldan ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi tashabbuskori Dmitriy Xundadze tomonidan ham tanqid qilindi. Kremlparast kuchlar hujjat qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Mavzuga oid
00:40 / 03.02.2025
Gurjistonda namoyishga chiqqan o‘nlab muxolifat vakillari hibsga olindi
13:06 / 30.12.2024
Tbilisida yangi prezident inauguratsiyasidan keyin namoyishlar
07:51 / 07.12.2024
Tbilisida maxsus kuchlar namoyishchilarni suv purkagichlar bilan tarqatib yubordi
07:51 / 30.11.2024