Jahon | 20:44 / 21.03.2023
54387
3 daqiqa o‘qiladi

Dengiz tubidan plastik toshlar topilishi olimlarni xavotirga soldi 

Olimlar xavotiriga ko‘ra, inson ilgari butunlay tabiiy bo‘lgan jarayonlarga, masalan, tog‘ jinslarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Foto: phys.org

Atlantika okeanidagi Trindadi vulqon orolida plastik ifloslanishdan hosil bo‘lgan jinslar topildi. Bu haqda braziliyalik geolog olim ayol Fernanda Avelar Santush xabar berdi. 

U plastik jinslarni birinchi marta 2019 yilda, butunlay boshqa mavzu - ko‘chkilar, eroziya va boshqa geologik xavflar bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi uchun tadqiqot maqsadida orolga borganida topgan edi. 

Santush yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yashil toshbaqalar uchun dunyodagi eng katta ko‘payish joyi bo‘lgan Turtle Beach deb nomlanuvchi qo‘riqxona yaqinida ishladi. U yerda g‘ayritabiiy ko‘k-yashil toshlarning katta qatlamiga duch keldi. Laboratoriyasiga bir nechta namunalar oldi. Tahlildan so‘ng, namunalar yangi tarkibiy qism: plastmassa qoldiqlaridan shakllangan toshlar ekani aniqlandi. 

«Xulosa shuki, odamlar endi geologik agent vazifasini bajarib, ilgari butunlay tabiiy bo‘lgan jarayonlarga, masalan, tog‘ jinslarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu bugungi kunda olimlar ko‘p gapiradigan Antropotsen konsepsiyasiga mos keladi: sayyoradagi tabiiy jarayonlarga inson ta’sirining geologik davri», dedi Fernanda Avelar Santush. 

Bu kashfiyot olimni xavotirga solmoqda. U Trindadi orolini juda go‘zal deb ta’riflaydi. Tropik orol ko‘plab dengiz qushlari, baliqlar, deyarli yo‘q bo‘lib ketgan qisqichbaqalar, yashil toshbaqalar uchun boshpanaga aylangan. 

Tadqiqotlarini davom ettirar ekan, u shunga o‘xshash plastik toshlar avvalroq Havayi, Buyuk Britaniya, Italiya va Yaponiya kabi joylarda 2014 yildayoq topilganini aniqladi. «Ammo Trindadi oroli plastik toshlar topilgan sayyoradagi eng chekka joy», deydi Santush. 

Geolog va uning jamoasi butun dunyo bo‘ylab topilgan yangi «tog‘ jinslari»ni bir necha turga ajratdi: cho‘kindi jinslarga o‘xshash «plastiglomerat», singan jinslarga o‘xshash «piroplast» va ilgari noma’lum bo‘lgan «plastoston». 

Trindadi orolida topilgan toshlarning asosiy tarkibiy qismi baliq ovi to‘rlarining qoldiqlari edi. Ammo okean oqimlari butun dunyodan orolga juda ko‘p shisha, maishiy chiqindilar va boshqa plastik qoldiqlarni olib kelgan. 

Endi geolog tog‘ jinslari parchalanishi natijasida mikroplastmassalar atrof-muhitga kirib, orolning oziq-ovqat zanjirini yanada ifloslantirishidan qo‘rqmoqda. 

«Dengizning ifloslanishi toshlar va cho‘kindilarni tushunish paradigmasining o‘zgarishiga olib keladi. Hozirgi vaqtda inson aralashuvi shunchalik keng tarqalganki, aslida nima tabiiy va nima sun’iy ekanini aniqlash ham qiyin bo‘lib qoldi», dedi u. 

Mavzuga oid