O‘zbekiston | 18:35 / 27.03.2023
9373
2 daqiqa o‘qiladi

1 million kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

Sirdaryoda qum-shag‘al qazib olish kareriga ulangan transformatorning elektron hisoblash priboriga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani aniqlandi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «T.T.» MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar Sirdaryo tumani «Taraqqiyot» mahallasidagi qum-shag‘al qazib olish kareriga ulangan transformatorning elektron hisoblash priboriga tashqi ta’sir ko‘rsatib, 1,1 mln kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «S.b.» MChJ rahbari B.Yu. yer maydonini sug‘orish uchun umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga suv nasosini o‘zboshimchalik bilan ulab, 578,1 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 785,1 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid