O‘zbekiston | 16:03 / 28.03.2023
13659
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 700 gektar g‘alla suvsizlikdan nobud bo‘lishi mumkin

Qo‘rg‘ontepa va Jalaquduq tumanidagi 10 ga yaqin fermer g‘alla maydonlariga suv berilmayotganidan norozi. Ekilganidan beri sug‘orilmagan maydonlardagi g‘alla nobud bo‘lish arafasida. Sabab sifatida nasos stansiyasiga elektr toki berilmayotgani aytildi.

Foto: KUN.UZ

Qo‘rg‘ontepa tumanining Birlashgan qishlog‘idagi hamda Jalaquduq tumanining Yorqishloq qishlog‘idagi 10 ga yaqin fermer xo‘jalik maydonlariga suv berilmayapti. 700 gektarga yaqin maydondagi g‘alla hali biror marta suv ichmagani aytilmoqda. Fermerlarning ta’kidlashicha, bu nafaqat hosildorlikning pasayishiga, balki shuncha maydondagi g‘allaning umuman nobud bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin.

25 gektar maydonga g‘alla ekkanmiz. Shundan 20 gektarga yaqini urug‘ qadalganidan beri, kuzda ham, bahorda ham umuman sug‘orilmadi. Qor va yomg‘ir bilan unib chiqqan g‘alla bir qarich bo‘y cho‘zib, qotib qoldi. Aslida, normal holatda o‘sgan bug‘doy mart oyining oxiri va aprel boshlarida boshoq chiqarishni boshlaydi. Bizning g‘allamiz esa hali bo‘y ololmayapti. Tuman va viloyatdagi tegishli mas’ullarga bir necha bor murojaat qildik, e’tibor ham berishmayapti”, — deydi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Xo‘jamberdi Tursinoy” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Hotamjon Xo‘jamberdiyev.

Fermerlarga ko‘ra, kuzda hududdagi soy ta’mirlangani sababli suv bo‘lmagan. Bahorda esa mas’ullar soyda suv yo‘qligini ro‘kach qilishgan. Ayni paytda soyda suv bor, ammo Savay kanalidagi nasos agregatlari ishlatilmayapti. Nasoslar kichik quvvatda ma’lum muddat ishlatilgan va yana to‘xtatib qo‘yilgan.

Kun.uz muxbiri holat yuzasidan Jalaquduq tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Ma’murjon Ro‘zimatov bilan suhbatlashdi. Uning bildirishicha, agregatlar soz holatda.

Suv berilmayotganligiga sabab elektr energiyasi bilan bog‘liq. Mazkur nasos stansiyasida 6 ta agregat mavjud. Bu yerda mart oyi uchun berilgan elektr energiya limiti ishlatib bo‘lingan. Hozirda muammoni hal qilish choralari ko‘rilyapti. Ertaga ertalab agregatlar ishga tushadi va fermerlarga suv yetkazib beriladi”, — deydi Ma’murjon Ro‘zimatov.

Sug‘orilmayotgan hududlarda g‘alla hosildorligi 40-60 sentnerni tashkil etadi. Agar 700 gektardagi g‘alla nobud bo‘lsa, bu o‘rtacha 3 ming tonnadan ortiq hosil yo‘qqa chiqadi degani.

Mavzuga oid