Iqtisodiyot | 16:38 / 28.03.2023
31089
7 daqiqa o‘qiladi

Energoinqiroz oqibati: Pomidor hosilining katta qismi yo‘qotilgan

Qattiq sovuqda issiqxonalarning gazsiz qolishi ortidan, yil boshidan beri pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 2,4 barobarga qimmatlashgan. Mutaxassislarning aytishicha, agar arzonroq narxlarda import qilinmasa, yaqin vaqtlarda O‘zbekistonda pomidor narxi sezilarli arzonlashmaydi.

O‘zbekistonda pomidor narxi rekord darajada qimmatlashdi. EastFruit ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 17 martidan 24 martiga qadar O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 28 ming so‘mdan 36 ming so‘mga, ya’ni bir hafta ichida 28,6 foizga oshgan. Shuningdek, joriy yil boshidan 24 martga qadar mamlakatda ushbu mahsulot ulgurji narxlari 2,4 barobarga qimmatlagan.

2023 yilning 24 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1,8 barobar va 2020-2021 yillarning shu sanasiga nisbatan 2,4 barobar yuqori bo‘lgan.

2023 yilning 24 mart holatiga ko‘ra, qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi (1 kg uchun AQSh dollarida):

  • O‘zbekiston — 3,16 dollar;
  • Polsha — 2,79 dollar;
  • Ukraina — 2,60 dollar;
  • Tojikiston — 2,29 dollar;
  • Moldova — 1,61 dollar;
  • Gruziya — 1,16 dollar.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 27 mart holatiga poytaxt markaziy bozorlarida 1 kg pomidor o‘rtacha 34-36 ming so‘m oralig‘ida, oziq-ovqat mahsulotlari sotishga ixtisoslashgan supermarketlarda esa 37 ming so‘mdan 45 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida Qo‘yliq dehqon bozorida 1 kg qizil pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 15-18 ming so‘m, 1 kg pushti pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi esa 13-17,5 ming so‘m atrofida bo‘lgan.

Nega pomidor keskin qimmatlashdi?

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda anomal sovuq ob-havo kuzatilgandi. Ushbu omil issiqxona pomidori narxining keskin oshishida asosiy katalizator rolini o‘ynagan bo‘lishi mumkin.

Kun.uz suhbatlashgan issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, anomal sovuq havo tufayli ko‘plab issiqxonalar pomidor hosilini boy bergan.

“Hosilga ob-havoning keskin sovib ketgani jiddiy ta’sir qildi. Keyingi masala, ertalab soat 8:00 dan kechqurun 17:00 gacha gaz berilmadi. Buning ortidan hosildorlik tushib ketdi. Masalan, bir gektardan 90 yoki 100 tonnagacha hosil olgan bo‘lsak, bu yil 30-35 tonna hosil olyapmiz. O‘tgan yillar 1 tup pomidor o‘rtacha 30 yoki 40 dona hosil berardi, bu yilgilarida pomidor hajmi kichiklashib ketgan, shuning hisobidan ham kilogramm yo‘q. Aksariyat issixonalardagi hosilni sovuq urib ketdi”, deydi tadbirkor.

O‘zbekiston meva-sabzavotlarining yirik eksportyorlaridan biri – “GDF Export” kompaniyasi tijorat direktori Husan Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, pomidorning vegetatsiya davri hisobga olinsa, yaqin orada ushbu mahsulot narxi sezilarli darajada arzonlashmaydi.

“Joriy yil yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq havo tufayli ko‘plab issiqxonachilar pomidor hosilini boy berdi. Sovuq paytida ko‘plab issiqxona majmualarida gaz bosimi keskin pasaydi, chunki bu davrda butun mamlakat bo‘ylab tabiiy gaz taqchilligi mavjud edi. Tabiiyki, ushbu issiqxonalarda harorat tushib ketdi, ya’ni harorat pomidor o‘simligi uchun zarur bo‘lgan me’yorlardan sezilarli darajada past bo‘lib, bu ekinning nobud bo‘lishiga olib keldi. Bizning taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda pomidor hosilining boy berilishi o‘rta hisobda 50 foizdan 70 foizgachani tashkil etmoqda. Eng ko‘p zarar Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysidagi issiqxonalarda kuzatilgan”, deydi ekspert.

“Turlari, navlari, yetishtirish uslubi va sharoitiga qarab, bu ekinning vegetatsiya davri 85 dan 140 kungacha davom etadi. Sovuqdan keyingi nisbatan iliq harorat esa yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshlariga kelibgina kuzatildi. Shu omillarni inobatga olsak, yaqin kelajakda O‘zbekistonda pomidor narxi, albatta, agar arzonroq narxlarda import bo‘lmasa, sezilarli darajada pasayishi ehtimoli kam”, deya xulosa qiladi Husan Haydarov.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, anomal sovuqdan ko‘ra, noto‘g‘ri qarorlar issiqxona ekinlari narxlarining oshishiga ko‘proq ta’sir o‘tkazgan.

“Raketa zarbalari ostidagi Ukrainada ham, rus gazidan uzilgan Polshada ham, bir gramm gazi yo‘q Tojikistonda ham pomidor arzonroq. Ya’ni muammo anomal sovuqda emas. Avval issiqxonalardan gazni uzishdi, keyin gazni qayta ulashdi, bahorgacha uzilmaydi, deb kafolatlar berishdi. Bir haftadan keyin gaz bo‘lmadi. Hech kimda gaz bo‘lmadi. Agar avvalboshdan gaz uzilgan holatda qolganida, issiqxonalar ekstremal choralar ko‘rishni boshlagan, ko‘mir g‘amlagan, propan g‘amlagan yoki hechqursa xarajatga tushib pomidor ekishni to‘xtatib turgan bo‘lardi.

Muammo gazning qimmatligi emas, muammo – gazning va bozorning yo‘qligida. Polsha revers yoki suyultirilgan gazni 1000 dollardan olib, O‘zbekistondan arzonroq pomidor yetishtira olyapti. Turkiya yoki Gruziyani aytmay qo‘yaveray. Kim gaz, kim ko‘mir yoqishini bozor va texnologiyalar belgilashi kerak”, deydi iqtisodchi.

Issiqxonalarni ko‘mirga o‘tkazish amaliyoti

O‘zbekistonda umumiy maydoni 2466,2 gektar bo‘lgan 1145 ta issiqxonani gazdan ko‘mirga o‘tkazish belgilangan.

1 gektar zamonaviy issiqxona (balandligi 5-5,5 metr, isitish qozonlari kamxarj, zamonaviy bo‘lgan taqdirda) kuniga taxminan 2,5-3 tonna ko‘mir sarflaydi. Sovuq va shimoliy hududlarda bundan ham ko‘proq sarf qilinadi. Qish mavsumini o‘rtacha 120 kun (oktyabrning o‘rtasidan mart oxirigacha) deb olsak, bir yilga 740 ming tonna ko‘mir kerak bo‘ladi degani. Bir vagonga 62 tonna ko‘mir ketishini hisobga olsak, bu 11 935 ta vagon bo‘ladi. Buncha ko‘mirni avval mamlakatga, keyin viloyatlarga va issiqxonalarga yetkazish muammosi mavjud.

1 tonna ko‘mirning O‘zbekistonga kirib kelishi 60 dollarga tushadi. Issiqxonalarga yetadigan ko‘mir importi uchun taxminan 44 mln dollar sarflash kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid