O‘zbekiston | 14:16 / 29.03.2023
16655
5 daqiqa o‘qiladi

Chorvoqdan topilgan suyaklar cho‘kib ketgan odamlarga tegishlimi?

Chorvoq suv omboridan shu paytgacha asosan odamlarning bosh, tos, qo‘l suyaklari topilgan. Ular suv sathi pasayganda sohillarga chiqib qoladi. Bunday holat har ikki-uch yilda takrorlanib turadi. 27 mart kuni tarqalgan videolardan so‘ng suv omborning Boladala qishlog‘iga tutash qismidan 94 ta katta-kichik suyak qoldiqlari terib olingan.

27 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Chorvoq suv omborida suv sathining pasayishi oqibatida yuzaga chiqib qolgan odam suyaklari aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv davomida bir necha yillar avval tumandagi «Bezgati bog‘» qabristoni bo‘lgani, Chorvoqda suv sathining ko‘tarilishi natijasida qabriston suv ostida qolib ketgani aniqlanganini ma’lum qildi. Kun.uz muxbiri suyaklar topilgan hududga borib, vaziyatni o‘rganishga harakat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, bunday holat Chorvoq suv omborida 2013 yildan beri kuzatiladi. Boladala qishlog‘i fuqarosi, Chorvoq suv ombori boshqarmasi muhandis-gidrotexnigi Nukriddin Obiddinovga ko‘ra sohilga tutash tepalikda qadimgi qabriston bo‘lishi mumkin.

 Nukriddin Obiddinov, Chorvoq suv ombori boshqarmasi muhandis-gidrotexnigi

«2013 yilgacha bu yerda qabrlar borligini bilmaganmiz. Suv yuvib, suyaklar ochilib, ko‘rinib qolgach keyin bilganmiz. O‘shanda suyaklar pastdan chiqqan, ularni suv to‘lqini yuvib pastga olib tushgan bo‘lishi mumkin. Shu yerda bir qator qabrlar bor edi. Suyaklar yirik va uzun-uzun edi. Hozir qabrlar chiqmayapti, lekin biz turgan joylarda eski qabrlar bo‘lishi ehtimoli bor. Men 2013 yilgacha birorta suyak ko‘rganim yo‘q. Qariyalarimiz, yoshi ulug‘ insonlardan so‘raganimizda ular ham bilmagan bu yerda qabriston borligini. Balki, bir necha asrlar avval bu yerga odamlar ko‘milgandir. Qabrlar ochilib qolganda hammasini tozalab olib, suyaklarni boshqa joyga diniy taomillarini qilib qayta ko‘mganmiz», – deydi Nukriddin Obiddinov.

Chorvoq suv ombori boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek G‘ulomovning aytishicha, 2014 yilda qadimgi qabriston deb tahmin qilingan joy atrofi tayanch devor bilan mustahkamlangan.

«Tayanch devorning tepa qismida qabriston bo‘lishi mumkin. Suv to‘lib tushishi natijasida suyaklarni oqizib ketish xavfi bor. Arxeologlar kelib bu yerdan xanjar, odam suyaklari va boshqa narsalar topgan. Asosan, odamlarning bosh, tos, qo‘l suyaklari chiqar edi. Ochilib qolgan qabrlarga e’tibor berilsa, bosh tarafga yotiqsimon toshlar qo‘yilgan. Lekin arxeologlar ham qabrlarning qaysi davrga tegishli ekanini bilishmagan. Tayanch devorini qilgunimizcha suyaklar chiqib turdi. Devor bitgach, to‘xtadi. Shunday bo‘lsa-da, har zamonda suv to‘lqini pastga oqizgan suyaklar chiqib qoladi», – deydi u.

 Ulug‘bek G‘ulomov, Chorvoq suv ombori boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i

Ulug‘bek G‘ulomovga ko‘ra, hudud xabarlarda tarqalganidek, «Bezgati bog‘ qabristoni» deb atalmaydi, «Bezgati ota soyi» deyiladi. Uning ta’kidlashicha, bu nomning qabristonga aloqasi yo‘q. Lekin suv omborning g‘arbiy sohilida yana bitta qabriston bor. U Chorvoq qurilishida ko‘chirilgan qishloqqa tegishli.

«Qozoqlarning Qapal qishlog‘i qabristoni ham bor, lekin u yerga 1971 yilda suv ombor qurilishi boshlangandan keyin odamlar qo‘yish to‘xtatilgan. Suv ko‘paygan paytda qirg‘oq yemirilib, qabristonga 5 metr masofada yaqinlashib qolgan edi. U yerda ham ko‘chish xavfi bo‘lgani uchun tayanch devor qilingan va har 2-3 yilda ta’mirlab turiladi.

Suv sathi ko‘tarilishi va tushishi sababli suyaklar bir-ikki yilda chiqib turadi. Yaqinda chiqqan suyaklar ham suv ko‘tarilgandan keyin suv bilan birga tushgan.

Cho‘kib ketgan odamlarning suyagi degan gaplarga qo‘shilmayman. To‘g‘ri, baxtsiz hodisalar bo‘lib turadi, lekin bu hududda emas. Bunday vaziyatlar ko‘proq plyajlar atrofida bo‘ladi. O‘tgan yili ham ikki aka-uka cho‘kib ketganiga o‘zim guvoh bo‘ldim. Hozir FVV juda yaxshi ishlaydi. 13 yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, cho‘kkan odam topilmay qolgani haqida eshitmadim», – deydi suv ombor xodimi.

Chorvoq suv ombori qirg‘oq bo‘ylarida suyak qoldiqlari topilgani holati bo‘yicha Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan hodisa joyiga chiqilib, mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerdan 94 ta katta-kichik suyak qoldiqlari terib olingan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Shahruzbek Abdurayimov

Mavzuga oid