Jahon | 09:07 / 03.04.2023
7512
2 daqiqa o‘qiladi

Finlandiyada konservatorlar saylovda bosh vazir partiyasini mag‘lub etdi

Finlandiyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida birinchi o‘rinni yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha asosiy huquqni oladigan Milliy koalitsiya partiyasi egalladi.

Petteri Orpo / Foto: AP

Finlandiya parlamentiga bo‘lib o‘tgan saylovlarning dastlabki natijalariga ko‘ra, mamlakatning amaldagi bosh vaziri Sanna Marin boshchiligidagi Sotsial-demokratik partiya konservatorlarga mag‘lub bo‘ldi, deb xabar berdi 3 aprel, dushanba kuni YLE jamoat teleradiokompaniyasi.

Barcha byulletenlar sanab bo‘lingandan so‘ng, rais Petteri Orpo boshchiligidagi Milliy koalitsiya partiyasidan muxolifatdagi konservatorlar 20,8 foiz, Riikka Purra boshchiligidagi «Haqiqiy finlar» partiyasining o‘ng qanot populistlari 20,1 foiz, Sotsial-demokratik partiyasi esa 20,1 foiz ovoz to‘pladi. Sanna Marin boshchiligidagi partiya 19,9 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Saylovning yakuniy natijalari 5 aprel, chorshanba kuni e’lon qilinadi, biroq Marin mag‘lubiyatini tan oldi. «Bu haqiqatan ham yaxshi yutuq, garchi bugun biz birinchi o‘rinni egallamagan bo‘lsak ham. Demokratiya o‘z so‘zini aytdi. Finlandiya xalqi ovoz berdi va demokratiyaning g‘alabasi - ajoyib», - deya o‘z tarafdorlariga murojaat qildi u.

Milliy koalitsiya partiyasi, YLE hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi parlamentda 48 o‘rin, «Haqiqiy finlar» - 46, sotsial-demokratlar esa 43 o‘rin oladi. Partiyalardan hech biri mustaqil hukumat tuza olmaydi va ular koalitsiya tuzishga majbur bo‘ladi. Ko‘pchilik ovoz uchun parlamentda 100 dan ortiq o‘rin kerak.

Parlament saylovlarida ko‘pchilik ovozni olgan partiya yangi hukumatni shakllantirish uchun asosiy huquqqa ega bo‘ladi. Milliy koalitsiya partiyasi yetakchisi Petteri Orpo barcha kuchlar bilan koalitsiya bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyorligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid