O‘zbekiston | 15:55 / 03.04.2023
10284
3 daqiqa o‘qiladi

Foydasi ma’muriyatga, solig‘i mulk egasigami? MIBning “tishi” o‘tmayotgan yana bir mulkiy nizo haqida

Xalq tilida “Solnechniy” bozor deb ataluvchi savdo majmuasi egalari va unga tutash yer uchastkasi egasi o‘rtasida nizo kelib chiqqan. MY5 telekanalining surishtiruvida bozor ma’muriyati boshqa bir mulkdorning yerini egallab olgani aytiladi.  

«Mening yurtim» telekanali o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, aslida «Ilm shu’lasi» MChJga biriktirilgan hudud maydoni 1 gektar. Ammo bozor ma’muriyati 7 yildirki hududga tutash va o‘zgaga tegishli bo‘lgan 9,7 sotix yer maydoniga ham noqonuniy ravishda do‘konlar qurib, foydalanib kelmoqda.

Ish 2020 yil 12 noyabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Sudning hal qiluv qarori bilan yer maydonini asl egasiga qaytarish belgilangan. Bozor ma’muriyati sud qaroridan norozi bo‘lib, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi, keyin esa Oliy sudga ariza kiritgan. Lekin ikkala instansiya ham avvalgi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan. Ya’ni 9,7 sotix yer maydoni xususiy mulk ekanini va unda bozor ma’muriyatining zarracha haqqi yo‘qligini e’tirof etgan. 

Oradan 2 yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, MIB yerni o‘z egasiga qaytarib olib berolmayapti. To‘g‘rirog‘i, bozor ma’muriyatiga MIBning «tishi o‘tmayapti». O‘z mulkidan foydalana olmayotgan yer egasining ishonchli vakili esa bu muddatda MIBga qatnash bilan ovora.

«Har bir sud qarorini ijro etuvchi holatni o‘rganib, hal qilguncha vaqt ketadi. MIB tomonidan hujjatda texnik xato bo‘lgani uchun yana 6 oy sudma-sud yurishgato‘g‘rikeldi. Mana, oxiri bir to‘xtamga kelindi. Yana qancha yozishadi, yana qancha sarson qilishadi, bilmadim», — deya ta’kidlagan yer egasining ishonchli vakili.

MIB xodimi esa qaror ijrosi ta’minlanmaganiga sabab qilib “ijro harakatlari jarayonida «Ilm shu’lasi» MChJ rahbariyatidan biror bir vakil kelmagani tufayli hujjat almashinuviga imkon bo‘lmagani”ni ko‘rsatgan.

Ta’kidlanishicha, birovning mulki bo‘lgan qariyb 10 sotix yerga noqonuniy ravishda 22 ta do‘kon qurilgan. Shulardan faqat bittasi MIB  tomonidan haqiqiy mulkdor egaligiga qaytarilgan hamda qonuniy ravishda 3 tomonlama shartnoma asosida faoliyat yuritmoqda. MIB tomonidan taqiq qo‘yilishiga qaramasdan, yil boshidan MChJ mas’ullari 16 nafar tadbirkor bilan shartnoma tuzgan. Ikki o‘rtada sarson bo‘layotgan mulk egasi nomiga esa 50 mln so‘mga yaqin soliq qarzdorligi chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 10 mart kuni MIB Toshkent viloyati boshqarmasiga boshliq, 11 mart kuni esa MIBga direktor tayinlandi. Ammo mazkur yangi tayinlovlardan so‘ng ham Toshkent viloyatida «osilib qolgan» ijro ishlarining ta’minlanishida o‘zgarish bo‘lmayapti.

Mavzuga oid