Jahon | 20:56 / 03.04.2023
80114
10 daqiqa o‘qiladi

Peterburgdagi portlashda gumonlangan ayol qo‘lga olindi. U O‘zbekistonga uchib ketmoqchi bo‘lgan

Sankt-Peterburgdagi kafeda «harbiy muxbir» Vladlen Tatarskiyning o‘limiga sabab bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumon qilingan 26 yoshli Darya Trepova qo‘lga olindi. Rossiya IIV tomonidan e’lon qilingan videoda u Tatarskiy bilan uchrashuvga haykalcha olib kelganini tan oladi. Taxminga ko‘ra, unda portlovchi moddalar bo‘lgan.

Foto: JJ.OOEE/VK

«Sankt-Peterburgdagi kafeda sodir bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumon qilinib, RTQ xodimlari tezkor xizmatlar bilan birgalikda Darya Trepovani qo‘lga oldi. U bilan zarur tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat sabablari aniqlanmoqda», deb xabar berdi Rossiya Tergov qo‘mitasi (RTQ).

Ichki ishlar vazirligi aniqlik kiritishicha, Trepova ijaraga olingan kvartirada ushlangan. Mahalliy OAVga ko‘ra, u O‘zbekistonga chiqib ketishni rejalashtirib, chipta sotib olgan.

Shuningdek, idora qiz kafega haykalcha olib kelgani tasvirlangan videoni ham taqdim etdi. Undan bu haykalchani kim berganini so‘rashganda, u keyinroq aytaman deb javob qaytaradi.

Milliy aksilterror qo‘mitasi (MAQ) kafedagi portlashni terrorchilik harakati sifatida baholadi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, «Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi bilan hamkorlik qilgan shaxslardan agentlarni jalb qilgan. Hibsga olingan Trepova ularning faol tarafdori bo‘lgan».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham voqeani terakt deb atadi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu Kiyev tomonidan tashkil etilgan bo‘lishi mumkin. «Kiyev rejimi terrorchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va, ehtimol, 2014 yildan beri ko‘plab boshqa odamlar kabi Vladlen Tatarskiyning o‘ldirilishi ortida turgandir – shuning uchun ham «maxsus operatsiya» o‘tkazilmoqda», dedi u.

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak bir kun avval Sankt-Peterburgdagi portlashda Kiyevning aloqasi borligini rad etib, buni «ichki terrorizm» deb atagandi.

O‘z navbatida, Aleksey Navalniyning sherigi Ivan Jdanov Rossiya rasmiylarining terakt va Navalniy tuzilmalarining bunga aloqadorligi haqidagi bayonotlarini «kutilgan gaplar» deb atadi.

«Tabiiyki, biz bu bilan shug‘ullanmaymiz», deb yozdi Jdanov o‘z telegram-kanalida. «Ular uzoq vaqtdan beri terrorizmni bizga to‘nkamoqchi bo‘lishyapti. Va yaqin kelajakda Navalniy ustidan sud bo‘ladi. Albatta, ular Navalniyga maksimal uzoq muddat berishni rejalashtirmoqda va terrorizm ayblovi buning uchun juda qulaydir».

«Ijodiy oqshom»dagi portlash

Tatarskiy (haqiqiy ismi Maksim Fomin) yakshanba kuni kechqurun o‘zining «ijodiy kechasi» o‘tkazilgan Sankt-Peterburgdagi Street Food Bar № 1 kafesida sodir bo‘lgan portlash oqibatida halok bo‘ldi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan mehmonlardan biri Tatarskiyga haykalcha sovg‘a qilganidan ko‘p o‘tmay portlash sodir bo‘lgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, «portlovchi moddalar solingan» haykalchani aynan Darya Trepova «harbiy muxbir»ga topshirgan. Biroq bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

3 aprel kuni ertalab Ichki ishlar vazirligining qidiruv ma’lumotlar bazasida Tatarskiyning o‘limiga aloqadorligi sababli ismi ko‘rsatilgan 26 yoshli Darya Trepova haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

Bungacha Sankt-Peterburgning «Fontanka» nashri qiz bilan bir nechta suratlarni e’lon qildi, go‘yo ular Tatarskiyga sovg‘a topshirilgandan so‘ng olingan. «Agenstvo» bilan gaplashgan Trepovaning ikki do‘sti fotosuratda aynan u ekanini tasdiqlagan.

Trepova hibsga olinganidan keyin Ichki ishlar vazirligi tomonidan namoyish etilgan videoda qizning tashqi ko‘rinishi boshqacharoq: sochlari qisqaroq va qoshlari ko‘rinmaydi.

Trepova haqida nima ma’lum

Avvalroq OAV va telegram-kanallarida paydo bo‘lgan fotosuratlarda Trepovani BBC suhbatdoshi ham tanigan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trepova Pushkindagi 408-litseyni (shahar Sankt-Peterburg tarkibiga kiradi) tamomlagan.

«U xushchaqchaq edi, o‘sha paytda [maktabda] hech qanday siyosiy qarashlarga ega emasdek ko‘rinardi», dedi manba.

Kechqurun «Fontanka» va «78-kanal» xavfsizlik kuchlari Pushkin shahrida General Xazov ko‘chasidagi uyni tintuv qilgani haqida xabar berdi. Uydan gumonlanuvchining qarindoshi bo‘lishi taxmin qilingan ikki kishi olib chiqilgan. Shundan so‘ng «Interfaks» agentligi Trepovaning o‘zi ham hibsga olingani haqida xabar berdi, biroq bu ma’lumot tasdiqlanmadi.

«Astra» telegram-kanaliga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari Trepovaning onasini hibsga olgan, u qizini portlashdan sal oldin yakshanba kuni tushdan keyin ko‘rgani, biroq uning xatti-harakatida g‘alati narsani sezmaganini aytgan.

Darya Trepova ismi-sharifiga ega qiz Sankt-Peterburg davlat universitetida (SPbGU) ta’lim olgan, biroq 2019 yilda o‘z xohishi bilan o‘qishni tashlagan.

Trepovaning do‘stlari aytishicha, u uzoq vaqt Sankt-Peterburgdagi kiyim-kechak do‘konida ishlagan, biroq taxminan bir oy oldin ishdan ketib, Moskvaga ko‘chib o‘tgan.

«Agenstvo» suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, qiz urushga qarshi qarashlarga amal qilgan, lekin hech qachon radikal g‘oyalarni bildirmagan. «Faqat bu hazil yoki feminizm haqida bo‘lsa», deydi nashr suhbatdoshlaridan biri.

«Baza» telegram-kanali ta’kidlashicha, qiz peterburglik feministlar va siyosiy faollar orasida «Dasha Tikovka» nomi bilan tanilgan – u tvitterda shunday taxallusga ega edi.

Shunisi ma’lumki, o‘tgan yili Darya Trepova urushga qarshi mitingda qo‘lga olingan. BBC Sankt-Peterburg sudlari ma’lumotlar bazasida Darya Trepovani 2022 yil 24 fevraldagi (Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bostirib kirishining birinchi kunida) ommaviy mitingda ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini topdi.

U, boshqa ishtirokchilar singari, Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.2.2-moddasiga binoan, jamoat tartibini va sanitariya antikovid qoidalarini buzishda ayblangan va o‘n kunga hibsga olingan. Qarorda aytilishicha, bungacha u «shunday jinoyatlar»da ayblanmagan.

Qarorda Trepovaning aybiga oid dalillar keltirilmagan – faqat u politsiyaning tarqalish haqidagi talabiga e’tibor bermagani va «o‘z ixtiyori bilan tadbirda ishtirok etishda davom etgani» aytilgan. Uning advokati Trepovaning hibsga olinishi ustidan shikoyat qilgan, ammo sudda yutqazgan.

Xuddi shu aksiyada ishtirok etgani uchun Dmitriy Rilov ham to‘qqiz kunga hibsga olingan – ommaviy axborot vositalari uni Trepovaning eri deb atashadi. Yigit hozir xorijda, deb ma’lumot berdi u a’zo bo‘lgan Rossiya Libertarian partiyasi (LPR). Shu bilan birga, partiya Rilovning rafiqasi LPR faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

«Men xotinimga kimdir pand berganiga ishonaman. U hech qachon yolg‘iz bunday ishni qila olmasligiga to‘liq aminman. Ha, Darya bilan biz haqiqatan ham Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamaymiz, lekin bunday harakatlarni yoqlamaymiz. Bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, Men 100 foiz aminman, agar u buni bilganida hech qachon rozi bo‘lmasdi», dedi Rilov SVTV News loyihasida.

TASS xabariga ko‘ra, Rilov ayni vaqtda O‘zbekistonda bo‘lishi mumkin. Agentlik xabariga ko‘ra, O‘zbekiston bosh prokuraturasi Rossiya tomonidan Dmitriy Rilovni qo‘lga olish bo‘yicha so‘rov kelmaganini ma’lum qilgan.

RBK politsiyadagi manbaga tayanib Trepova o‘zi taqdim etgan haykalchada portlovchi modda borligini bilmagan bo‘lishi ham mumkinligi haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoiy qidiruv xodimlari qizdan terakt sodir etish uchun foydalanilganini istisno qilishmaydi. Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, Trepova avvalroq Tatarskiy bilan yozishma olib borgan va uning ishtirokidagi boshqa tadbirlarda ham qatnashgan.

«Xavfsizlik xizmati rasmiylariga ko‘ra, Tatarskiyni yo‘q qilish operatsiyasi oldindan tayyorlangan va unda bir necha kishi ishtirok etgan, ular orasida rollar taqsimlangan», deb ta’kidlaydi RBK manbasi.

Mavzuga oid