Germaniya vitse-kansleri Berlinning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi chegaralarini belgilab berdi
«Biz urush qatnashchisiga aylanmasligimiz kerak», dedi Kiyevga ikki kunlik tashrif bilan kelgan Robert Habek Deutschlandfunk nashriga bergan intervyusida.
Vitse-kansler, Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek Berlinning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash chegaralarini belgilab berdi. Ukrainaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan Habek 5 aprel, chorshanba kuni Deutschlandfunk nashriga intervyu berdi.
«Biz urush qatnashchisiga aylanmasligimiz kerak. Bu chegara doimo hurmat qilinishi muhim», - dedi u. Shaxsan u uchun qizil chiziq nima degan savolga Habek: «Ukrainada nemis qo‘shinlarining mavjudligi», deb javob berdi.
Germaniya iqtisodiyot vazirining so‘zlariga ko‘ra, u davlat sarmoya kafolatlari tufayli Ukrainani rekonstruksiya qilishda ko‘proq kompaniyalar ishtirok etishini kutmoqda.
«Ko‘plab korxonalar Ukrainaga kelishdan, Ukrainaga sarmoya kiritishdan manfaatdor», — dedi Habek. Uning ta’kidlashicha, bu jarayonga dastlabki kompaniyalar allaqachon qo‘shilgan. «Agar ulardan ba’zilari (Ukraina bozoriga kelishni) hozir boshlasa va davlat kafolatlari vositalari mavjud bo‘lsa, men boshqa firmalar manfaatdor bo‘lishini ham tasavvur qilishim mumkin. Bu borada murojaatlar ro‘yxati ancha uzun», dedi siyosatchi. Deutschlandfunk ma’lumotlariga ko‘ra, 220 million yevrolik o‘n bitta loyihaga bunday kafolatlar taqdim etilgan.
Germaniya vitse-kansleri Ukrainadagi urush munosabati bilan keyingi sanksiyalar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Atom elektr stansiyalari uchun Rossiyadan uran oladigan davlatlarga nisbatan cheklov choralari qo‘llanishi kerak, deb hisoblaydi Germaniya iqtisodiyot vaziri. Ukraina poytaxtidagi muzokaralar chog‘ida «Rossiyadan Yevropaga uran yoqilg‘isini yetkazib berish masalasi» diqqat markazida bo‘ldi, deya qo‘shimcha qildi Habek. Uning fikriga ko‘ra, cheklovlar joriy etilishi kerak - «hatto bu hali ham AESni Rossiya urani bilan jihozlayotgan mamlakatlar uchun o‘zgarishni anglatsa ham».
Mavzuga oid
11:10
Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
13:43 / 21.11.2024
Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam partiyasini yubordi
21:36 / 20.11.2024
Ford kompaniyasi Germaniyada salkam 3 mingta ish o‘rnini qisqartiradi
19:34 / 20.11.2024