O‘zbekiston | 19:45 / 08.04.2023
104554
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov olamdan o‘tdi

O‘zbekiston xalq artisti, taniqli aktyor, o‘zbek kino xazinasidan joy olgan bir qator filmlardagi rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan Murod Rajabov bugun, 8 aprel kuni uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 74 yoshida vafot etdi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz manbasiga ko‘ra, marhum san’atkor qand kasalidan davolanib kelgan, ikki hafta avval koma holatiga tushgan.

Murod Rajabov 1949 yil 30 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1971 yilda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr-rassomchilik institutini tamomlagan.

Faoliyati davomida o‘nlab kino va spektallarda rollar ijro etgan aktyor ayniqsa “Temir xotin”, “Kichkina tabib”, “Ajoyib xayolparast”, “Ulfatlar” va boshqa qator filmlardagi rollari bilan o‘zbek kino san’atining yorqin yulduzlaridan biriga aylandi.

Murod Rajabov 2015 yildan buyon kinoda rol ijro etmayotgan edi. Joriy yil boshida u og‘ir dard bilan kurashayotgani ma’lum bo‘lgandi. Bu xabardan keyin Kun.uz muxbiri otaxon san’atkorning xonadonida mehmon bo‘lib, undan katta intervyu olgan edi.

Tahririyat marhumning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor qiladi.

Mavzuga oid