O‘zbekiston | 23:11 / 08.04.2023
10675
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda islohotlarning samara berishi tinimsiz mehnat va kuchli siyosiy iroda talab qiladi” - Cotton Campaign

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi yetakchisi Bennett Friman hukumatini “islohotlarga qaytish”ga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat oldida ikki yo‘l bor. “Biri – repressiv tuzum bo‘lish. Ikkinchisi – ochilishda davom etish va yoshlarga mamlakatni farovon yurtga aylantirish uchun imkoniyatlar berish”, – deydi u.

Bennett Friman / Foto: Reuters

AQSh Milliy demokratiya fondi qoshida o‘tgan maslahatlashuv uchrashuvida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi a’zolari, mutaxassislar, rasmiylar va diplomatlar O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashishda olib borilayotgan ishlarni muhokama qildi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar bermoqda.

15 yillik kurashdagi yutuqlar, xususan, bugunga kelib, hukumat odamlarni majburlab paxtaga olib chiqmayotgani, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar, mehnat sharoitini yaxshilash yo‘lida qabul qilingan qarorlar va qonunlar, 2017 yildan boshlab respublikaning dunyoga ochila boshlagani, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik kengaygani salmoqli progress deya baholangan.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi asoschilaridan biri Bennett Frimanning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatida o‘zgarishlar va islohotlar zarurligini biladigan mutaxassislar anchagina bo‘lsa-da, oxirgi bir yilda, boykot bekor qilinganidan buyon kutilganidek harakat qilinmayapti.

“Bilamizki, O‘zbekistonni boshqarayotgan odamlar davlat global iqtisodiyot bilan uyg‘unlashishini, uning muhim qismiga aylanishini istaydi. Xalqaro mehnat me’yorlarini hurmat qilish, inson huquqlari normalariga amal qilish – birlamchi vazifalar. Ularni e’zozlaymiz, deb so‘zdagina qutulib keta olmaysiz. Xorijdan bizneslar sizga sarmoya qilishi, sizga ishonishi uchun hali ko‘p ishlashingiz kerak”, – deya ta’kidlagan Friman O‘zbekiston hukumatiga qarata.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Cotton Campaign O‘zbekistonda islohotlar samara berishiga ishonadi, chunki bunga guvoh bo‘lgan. Ammo, bu – tinimsiz mehnat va kuchli siyosiy iroda talab qiladigan jarayon.

“Respublika kattalar va bolalarning majburiy mehnatiga qarshi kurashda namuna sifatida tilga olina boshlagan, ammo bu nufuzdan ayrilish oson, agar shu kungacha erishilgan progressni saqlay olmasa, erkinlik va adolat mezonlariga bosh egilmasa. O‘zbekiston mehnat huquqlari va umuman inson huquqlari borasida jiddiyroq qadamlar tashlab, real ahvolni yaxshilamas ekan, orzular qog‘ozda qolaveradi, rejalar va yo‘l xaritalari safsataga aylanadi. Xalqaro mehnat tashkiloti me’yorlari bo‘yicha harakat qilish kerak, bu borada yordamga tayyor tomonlar, xususan nohukumat tashkilotlar va faollar uchun muhitni osonlashtirish lozim.

O‘zbekiston hukumati islohotlarga qaytsin va o‘zi uchun yaratgan tarixiy imkoniyatni boy bermasin, deymiz. Mamlakat bo‘ylab majburiy mehnatga qarshi kurash tinmasin, muammolarga e’tibor berilsin. O‘zbekiston hukumati oldida ikki yo‘l bor. Biri – repressiv tuzum bo‘lish. Ikkinchisi – ochilishda davom etish va yoshlarga mamlakatni farovon yurtga aylantirish uchun imkoniyatlar berish. Sarmoya va ish o‘rinlari kerakmi? Toshkent qay yo‘l ma’qul ekanini bilishi kerak”, – degan Friman.

Cotton Campaign vakillari O‘zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Furqat Siddiqov bilan ham suhbatlashib, qiyinchiliklarga qaramasdan, umidga to‘la ekanini aytgan.

Siddiqov esa ularga prezident Mirziyoyev ma’muriyati majburiy mehnatga tamoman barham berishga bel bog‘laganini va sa’y-harakatlar to‘xtamaganini bildirgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid