O‘zbekiston | 09:18 / 09.04.2023
27137
4 daqiqa o‘qiladi

“Qaror ustidan sudga apellyatsiya shikoyati yoki protest berish mumkin” – 15 sutkaga qamalgan bloger ishi bo‘yicha izoh berildi

ACTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov hamda uning advokati sudda ko‘rsatma berishdan bosh tortgani ma’lum qilindi.

Foto: SUBeKTIV

Toshkent shahar sudlari axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB TQKB xodimlari tomonidan Toshkent shahrida diniy muhitni sog‘lomlashtirish borasida olib borilayotgan ijtimoiy tarmoqlarda monitoring tadbirlari davomida Hojiakbar Nosirov Telegram messenjeridagi ACTIVIST kanali orqali har xil turdagi diniy mazmundagi videolarni, ya’ni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023 yil 7 apreldagi 18-660-sonli xulosasiga asosan aholi orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni tarqatganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan ma’muriy ish rasmiylashtirilib, sudga oshirilgan. 8 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida 1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan Hojiakbar Nosirovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.

“Ish hujjatlariga ko‘ra, Hojiakbar Nosirov IIO xodimlarining hujjatlarini tekshirish uchun taqdim etish, tushuntirish berish va ish hujjatlari bilan tanishib chiqish kabi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Sud majlisida huquqbuzar tariqasida so‘roq qilish uchun Hojiakbar Nosirovga so‘z berilganida huquqbuzar va uning himoyachisi holat yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortdi”, deyiladi rasmiy axborotda.

Ta’kidlanishicha, Hojiakbar Nosirov ko‘rsatma berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, uning yuqoridagi huquqbuzarliklarni sodir etganligi ish hujjatlaridagi IIO FMB xodimining bildirgisi, dalolatnoma, ko‘zdan kechirish va elektron materiallarni olish bayonnomasi, Telegram messenjeridagi ACTIVIST kanalidan olingan fotolavhalar, DVD-R diskidagi videolavhalar, ashyoviy dalillarni olish bayonnomasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

“Sudning qarori bilan X.N. MJtKning 184-3-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga MJtKning 34-moddasi tartibida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkin”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Avvalroq ACTIVIST loyihasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga 5 aprel kuni joylangan videoda bir qancha ishlab chiqaruvchilarga tegishli yogurt mahsulotlarining harom ekani ta’kidlangani ortidan loyiha muallifi Hojiakbar Nosirov 8 aprel kuni 15 sutkaga qamalgani haqida xabar bergandik.

Loyihaning Telegramʼdagi sahifasida ichki ishlar xodimlari bosim ostida material to‘plashgani va sud jarayoni noqonuniy bor-yo‘g‘i 3 daqiqa davom etgani ta’kidlanadi.

Toshkent shahar IIBB bayonotiga ko‘ra, Hojiakbar Nosirov videorolik orqali fuqarolarga turli ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mahsuloti bo‘lgan yogurtlarning tarkibida “karmin” moddasi mavjudligi sababli ularni iste’mol qilish mumkin emasligi xususidagi fikrlarini tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirgan.

Idora bu holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonunlarga zid ekani, alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berib, o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan holda O‘zbekiston hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirilishini eslatgandi.

Mavzuga oid