Xitoy armiyasi Tayvan atrofida. Oroldagi «muhim nishonlar»ga zarba berish mashq qilindi
Xitoy Tayvanni qamal qilish ustida ishlamoqda.
Harbiy mashg‘ulotlarning ikkinchi kunida Xitoy Tayvan va unga tutash suvlardagi asosiy nishonlarga aniq zarbalar berish repetitsiya qilindi.
Pekin orol rasmiylarini «qat’iy ogohlantirish» uchun o‘tkazayotgan mashg‘ulotlar Tayvan prezidenti Say Invenning o‘tgan haftada AQShga amalga oshirgan tashrifiga javob bo‘lmoqda.
Xitoy qurolli kuchlari orolni qamal qilishni mashq qila boshlagach, AQSh Xitoyni tiyilishga chaqirdi.
Tayvan hukumati shanba kuni orol atrofida xitoyliklarning kamida 71 ta samolyoti uchgani haqida xabar bergan.
Ular shuningdek harbiy samolyotlarning 45 tasi yoki Tayvan va Xitoy hududlarini ajratib turuvchi norasmiy chegara vazifasini o‘tovchi Tayvan bo‘g‘ozidagi oraliq chiziqni kesib o‘tgan yoki Tayvan havo hujumidan mudofaa kuchlari harakatlanadigan hududning janubiy-g‘arbiy qismiga kirgan.
Orol atrofidagi suvlarda xitoyliklarning to‘qqiz kemasi ko‘rinish bergan. Pekin tomonidan «Qo‘shma o‘tkir qilich» deb nom berilgan bu amaliyotlar dushanbaga qadar davom etadi.
Shanba kuni Taybeydagi mudofaa idoralari vakillari Pekin prezident Sayning AQShga tashrifidan mintaqadagi tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka jiddiy putur yetkazadigan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun bahona sifatida foydalanayotganini aytishdi.
Mashg‘ulotlarning birinchi kunida Tayvanga Xitoy hududidan kelishda joylashgan Pintan oroli atrofida suzgan xitoyliklarning kemalaridan biri o‘t ochdi.
Sohil mudofaasini boshqaruvchi Tayvan Dengiz kengashi e’lon qilgan videoyozuvda tayvanliklarning kemalaridan biri Xitoy harbiy kemasini kuzatayotgani aks etgan, ammo unda bu kadrlar qayerda olingani ko‘rsatilmagan.
Videoyozuvda tayvanlik dengizchilar Xitoy kemasiga moryak radio orqali shunday xabar berayotganini eshitish mumkin: «Siz mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka jiddiy zarar yetkazyapsiz. Marhamat qilib zudlik bilan ortga buriling va keting. Agar siz harakatlanishda davom etsangiz, biz chiqarib yuborish choralarini ko‘ramiz».
Boshqa kadrlarda tayvanliklarning «Di Hua» nomli harbiy kemasi XXR sohil qo‘riqlash kemasini kuzatib borayotgani ko‘rinadi. Sohil qo‘riqlash xizmati ofitseri buni xitoyliklar kemasi bilan «to‘qnashuv» deb atagan.
Taybeydagi mudofaa idoralari rasmiylariga ko‘ra, xitoyliklarning mashg‘ulotlari shanba kuni kun botishi bilan to‘xtagan, ammo yakshanba kuni erta tongda Xitoy qiruvchi samolyotlari parvoz qila boshlagan.
AQSh Davlat departamenti vakili Xitoyni prezident Sayning AQShga tashrifiga to‘sqinlik qilmaslikka va vazminlik hamda status-kvoni saqlashga chaqirgan.
Davlat departamenti vakili AQSh «Pekinning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borayotgani»ni aytib, Qo‘shma shtatlarda mintaqa tinchligi va barqarorligini ta’minlash, shuningdek AQShning milliy xavfsizlik sohasidagi majburiyatlarini bajarish uchun yetarlicha resurs va imkoniyatlar mavjudligini qayd etgan.
AQSh 1979 yilda Xitoy foydasiga Taybey bilan diplomatik aloqalarni uzgan, ammo o‘shanda Tayvanga o‘zini mudofaa qilish uchun vositalar yetkazib berish majburiyatini yuklaydigan qonun qabul qilingandi.
AQShning hozirgi prezidenti Jo Bayden bir necha marta agar Xitoy orolga hujum qilsa, AQSh aralashishi haqida aytgan, ammo muayyan jihatlarni keltirmagan.
Chorshanba kuni Kaliforniyadagi uchrashuvda Say xonim AQSh Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkartiga Amerika tomonidan ko‘rsatilayotgan «doimiy yordam» uchun minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ko‘mak Tayvan xalqi o‘zining yolg‘iz emasligi va ajratib qo‘yilmaganiga ishonch hosil qilishiga yordam bergan.
Makkarti avvaliga o‘zi Tayvanga borishni rejalashtirgandi, ammo Xitoy bilan munosabatlarda keskinlik yuzaga kelmasligi uchun uchrashuvni Kaliforniyaga o‘tkazishga qaror qilindi.
Xitoy bunday ko‘lamdagi mashg‘ulotlarni so‘nggi bor avgust oyida, AQSh kongressining Makkartidan oldingi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurganidan keyin o‘tkazgandi.
O‘shanda Pekin Pelosining tashrifini «o‘ta provokatsion qadam» deb baholagandi.
Xitoy davlat nashrlari xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlar chog‘ida harbiylar bir vaqtning o‘zida patrullik qilish va hujumga o‘tish mashg‘ulotlarini o‘tkazib, orol qurolli kuchlarini «o‘rab olish va tiyib turish» bo‘yicha mahoratlarini oshirmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, xitoylik harbiylar mashg‘ulotlar hududiga uzoq masofaga zarba beruvchi raketali artilleriya, esminetslar, raketali katerlar, aviatsiya qiruvchilari, bombardimonchilar, radioelektron kurash vositalari va tankerlar joylashtirishgan.
Ammo Tayvan poytaxti aholisini Pekinning manyovrlari u qadar cho‘chita olmayapti.
«Men o‘ylaymanki, ko‘pchilik tayvanliklar bunga ko‘nikib bo‘lishdi, hissiyot shunday: mana, yana boshlandi!» - degan BBC muxbiriga Taybeyda yashovchilardan biri.
Tayvan o‘zini o‘z konstitutsiyasi va rahbariyatiga ega suveren davlat deb hisoblaydi. Xitoy esa uni ajralib chiqqan provinsiyasi deb biladi va alal-oqibat bu hudud o‘z tarkibiga qaytishiga ishonadi - agar zarura bo‘lsa, kuch bilan qaytarishini yashirmaydi. Tayvan va AQShning yuqori martabali rasmiylari o‘rtasidagi uchrashuvlar har safar Pekinning g‘azabini keltiradi.
Xitoydagilarning fikricha, bunday uchrashuvlar (ayniqsa, amerikalik mulozimlardan kimdir Tayvanga kelganida) Vashington orol mustaqilligi tarafdorlarini rag‘batlantirayotganidan dalolat beradi.
Mavzuga oid
13:50 / 04.11.2024
Tayvan RFga dastgohlar yetkazib berish to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qildi
13:10 / 04.11.2024
Taybey: Tayvanlik ikkinchi ko‘ngilli Ukraina uchun janglarda halok bo‘ldi
23:36 / 31.10.2024
Tayvanga «Kong-rey» superto‘foni yopirildi
21:37 / 22.10.2024