O‘zbekiston | 23:39 / 11.04.2023
26511
5 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchilarga berilgan yeguliklar ichidan to‘g‘nog‘ich va qum chiqdi

Xo‘jayli tumanidagi maktabning boshlang‘ich sinfida o‘quvchi qizaloq maktabda berilgan shokoladli konfetni yeyayotib, uning ichida qum yoki tuproq borligini ko‘rgan. Ustozining aytishicha, boshqa bir holatda yeguliklar ichidan to‘g‘nog‘ich chiqqan, yana bir holatda esa chirigan olma tarqatilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi 41-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga berilgan shirinlikning ichidan qum chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘qituvchisi Bagdagul Bekbosinovaning murojaati tarqaldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga berilayotgan bepul yeguliklarning “sifati judayam qoniqarsiz”.

“Shu kungacha berilgan mahsulotlar bo‘yicha qator kamchiliklarni maktab rahbariyatiga aytib kelganman. Olmalari yuvilmagan, chirigan... Keks ichidan qizlar sochiga taqadigan “nevidimka”, un qopini tikadigan ip chiqqan kunlar ham bo‘lgan. Lekin 7 aprel 2023 yil 2-“B” sinf o‘quvchimning konfetidan qum aralash tuproq chiqdi. Qiz bechora yarmini yegan. Konfet o‘ralgan qog‘ozini ko‘zdan o‘tkazsam, ishlab chiqaruvchi haqida hech nima yozilmagan.

Bunday mahsulotlarni berib, bolalarning sog‘ligiga zarar yetkazib, berganidan bermagani yaxshi emasmi?

Kelajagimiz bo‘lgan bolalar sog‘ligi barcha uchun muhim.

Tegishli javobgar shaxslar bunday sifatsiz mahsulotni olib kelib bolalarga tarqatgani uchun javob berishini so‘rab qolaman. Har bir o‘quvchi uchun kuniga necha so‘m sarflanadi? Berilayotgan mahsulotlar shu pulga arziydimi?”deydi muallima 8 aprel kuni ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan murojaatida.

Murojaatga chirigan olmaning rasmi, shuningdek, yeguliklar ichidan sochga taqiladigan to‘g‘nog‘ich va qum chiqqani aks etgan surat va videolar ilova qilingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 10 aprel kuni holatni tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, holat bo‘yicha Xo‘jayli tumani XTB tomonidan o‘rganish ishlari o‘tkazilgan. Bu tumandagi 41-maktabda 961 nafar o‘quvchi o‘qiydi, shundan 388 nafari – boshlang‘ich sinf o‘quvchilari. Ularga oziq-ovqat mahsulotlarini 2022 yil 10 oktyabrdan beri “Bekbergen Servis Orayi” MChJ yetkazib bermoqda.

O‘rganishda aniqlanishicha, ushbu korxona tomonidan 2023 yil 7 aprel kuni 41-maktabdagi 388 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun tasdiqlangan taomnoma (menyu) asosida yong‘oqli keks, “STeL” shokoladi, olma, shirin choy yetkazib berilgan. Keltirilgan yeguliklar soat 9:45 da maxsus komissiyaning 5 nafar a’zosi tomonidan qabul qilib olingan.

Rasmiy axborotga ko‘ra, shu kuni 2-“B” sinf o‘quvchilariga berilgan “STeL” shokoladidan qum chiqqan va sinf rahbari B.Bekbosinova holat bo‘yicha maktab rahbariyatiga video xabar orqali murojaat qilgan. Maktab rahbariyati bu haqda yetkazib beruvchi keytering korxonasiga ma’lumot bergan.

“Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tartibda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, qo‘shimcha o‘rganish ishlari amalga oshirilishini, amalga oshirilgan ishlar natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi QQR XTV bayonotida.

Ta’kidlanishicha, yuvilmagan olma bilan bog‘liq holat avvalroq, shu yilning 7 fevral kuni ro‘y bergan. Bu bo‘yicha keytering korxonasiga va maktabdagi qabul qilib oluvchi komissiya a’zolariga XTB tomonidan ogohlantirish berilgan.

Rasmiy axborotda to‘g‘nog‘ich masalasiga izoh berilmagan.

Vazirlikning ma’lumot sifatida qo‘shimcha qilishicha, Xo‘jayli tumani XTBga qarashli umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 8670 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga 3 ta keytering korxonasi tomonidan har kuni menyu asosida oziq-ovqat mahsulotlari berib kelinmoqda. Bular – “Tabbasum Nukus”, “Bekbergen Servis Orayy”, “Allianse Aral–S” korxonalaridir.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonda bu kabi noxush holatlar birinchi marta kuzatilmayapti.

Dekabr oyida To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga toshday qattiq pryanik tarqatilgan. O‘shanda yetkazib beruvchi korxona rahbariga chora ko‘rilgani haqida hech qanday xabar berilmagan, u faqat uzr so‘ragan edi.

Fevral oyida esa Kegeyli tumanida bolalarga chirib ketgan olma berildi. O‘shanda holatni Oliy Majlis Senati o‘rgangan va sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilib olgan maktab direktorlari jarimaga tortilgandi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga yegulik berilishi 2023 yil sentabrdan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab barcha umumta’lim maktablarida joriy etiladi.

Mavzuga oid