Migratsiya agentligimi yo... migrantlarni talaydigan “shirkat”?
Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasidagi “tashkillashtirilgan” korrupsion o‘rgimchakto‘r alomatlari haqida gapirgan edik. Bu orada Migratsiya agentligi rahbari jinoyat ishi bo‘yicha qo‘lga olinganining xabari ham chiqdi. Bu vaziyatda savol gavdalanadi: peshona teri bilan oila boqish niyatida chet elga bormoqchi bo‘lgan oddiy odamlarimizga buning sharoitini jamiyat o‘laroq qilib berolmaymizmi?.. Hozircha qilib berolmadik.
Dastlabki maqola:
Mehnat migratsiyasi sohasida hamon “eski tos, eski tog‘ora”. Yashirin o‘yinlar mamlakat zarariga ishlayapti
Quyida o‘quvchilarimizdan kelgan maktublardan biri. Ushbu maktubdan kelib chiqqan holda, surishtiruv o‘tkazdik.
“Mening ikki jiyanim bor. Ikkalasi ham Janubiy Koreyaga ishga borish uchun o‘tkazilgan imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan. Biri 2022 yilda, ikkinchisi 2023 yilda ishga ketdi. Ammo Migratsiya agentligi degan takshilotga to‘lagan pul miqdori bizda savol tug‘diryapti. Bir jiyanim to‘lagan pullar: aviachipta uchun 13,5 mln so‘m, viza uchun 70 dollar, o‘qish uchun 3 mln so‘m, tibbiy ko‘rik uchun 450 ming so‘m, “Izza Plaza” mehmonxonasi hamda forma uchun pul olishgan. Undan tashqari, “migratsiya xizmati” uchun deb yana 12 mln so‘m alohida pul olishgan.
Ikkinchi jiyanim 2023 yilda Janubiy Koreyaga uchib ketishida aviachiptaga 5,5 mln so‘m, o‘qish uchun 3 mln so‘m, “Izza Plaza” mehmonxonasiga 1,6 mln so‘m, tibbiy ko‘rikka 550 ming so‘m hamda “migratsiya xizmati” uchun 12 mln so‘m pul yig‘ib olishgan. Bu pullarni bizdan qanday tartib bo‘yicha olishdi? Shuni ma’lum qilishlarini istardik. Zero, noto‘g‘ri olishgan bo‘lsa, bizdan keyingi odamlar aldanib qolmasin”.
Surishtiruvimiz natijasida O‘zbekiston–Koreya o‘rtasidagi kelishuvga asosan ishchilar to‘lashi lozim bo‘lgan to‘lovlar jadvali aniqlandi (ma’lumotni J.Koreya tomonidan oldik):
Mazkur hujjatning o‘zbekcha tarjimasi:
Bu jadvalda O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga mehnat migratsiyasi doirasida har bir ishga boruvchidan olinadigan summa va ushbu summa qaysi maqsadlar uchun olinishi ko‘rsatilgan. Ko‘rinib turibdiki, jami summa – 859 dollar. Uning ichiga imtihondan o‘tish, tibbiy ko‘rik, viza to‘lovi, moslashtirish o‘qishi, aviachipta va boshqa xarajatlar kiritilgan.
EPS.go.kr saytida (Janubiy Koreyaning bandlikka yollash xizmati tomonidan boshqariladigan sayt) har bir ishchining shaxsiy kabinetida quyidagicha e’lon qo‘yilgan:
Ya’ni: “Rasmiy xarajatlar (masalan pasport, viza, aviachipta narxi, ishga o‘qitish xizmati)dan boshqa hech qanday to‘lov talab qilinmaydi”.
Amalda qanday?
Tashqi migratsiya agentligi har bir o‘zbekistonlik egniga yuklayotgan to‘lovlar:
- 12 mln so‘m – “migratsiya xizmati”;
- 3 mln so‘m – ko‘niktirish va moslashtirish uchun o‘qish (6-7 kun);
- 1,5 mln so‘m – Izza Palace Hotel'da turish uchun;
- 5,5 mln so‘m – aviachipta uchun;
- 550-600 ming so‘m – tibbiy ko‘rik;
- 70 dollar – viza uchun to‘lov;
- ba’zan uniforma va aeroportga chiqish uchun avtobus xizmat haqi talab qilinadi.
Faraz qilib, biz olgan jadvaldagi summalarni ikki davlat o‘rtasida tuzilgan kelishuvga ilova o‘laroq tavsiyaviy ruhdagi raqamlar deb olaylik ham. Ammo bu holda ham birtalay savollar o‘rtaga chiqadi, markaziy savol esa – o‘zbekistonliklardan... o‘zbek tashkiloti nega, nima uchun buncha pul olmoqda? Savolga javobni tegishli yuqori tashkilotlardan kutib qolamiz.
Migratsiya agentligiga savollar bilan murojaat etgandan ikki kun o‘tib, agentlik o‘z “siyosatini” o‘zgartira boshladi: agentlik ishchilarni Izza Palace Hotel'dan mana bunday sharoitli joyga joylashtiryapti. “Zato tekin”... Aslida 120 nafar ishchidan 3 mln so‘mdan olingan (120 x 3mln = 360 mln).
Tahririyatga maktublar
102 ta “daltonik” yoxud denovlik Muzaffar kim?
— Do‘stlarimiz bilan 2022 yil Koreyaga ishga ketish bo‘yicha imtihonga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tdik. Imtihon kunlarimiz ham aniq bo‘ldi (2 ta imtihon bo‘ladi). EPS topik imtihonlaridan o‘tdik (jami 2224 nafar bola o‘tgan). Keyin ikkinchi imtihonga kirish kunlarimiz e’lon qilindi. Unda faqat ko‘zimizni, ya’ni rang ajratish (daltonizm) bo‘yicha tekshirishdi. Men hamma ranglarni to‘g‘ri topdim.
Javob chiqishini intiqlik bilan kutdik. Javoblar chiqishidan bir haftacha oldin o‘zimizning shaxsiy kabinetimizda mana bunaqa yozuv paydo bo‘ldi:
Tarjima qilsak, “ko‘zingizda muammo bor, shuning uchun chetlashtirilasiz” degan ma’no chiqdi. O‘quv markaziga borsam, hammada shu holat. Faqat bir insonda bunaqa yozuv yo‘q. U jarqo‘rg‘onlik bola edi, biz esa hammamiz Surxondaryoning Denovidanmiz.
Barcha shunaqa yozuvi borlarni yig‘dim va Telegram'da guruh ochdim. Ularning soni 102 nafar, hammasi denovlik.
Aynan Denovga “ataka” bo‘lganmi desam, yo‘q – boshqa denovlik bolalar ham bor edi, ularda unaqa yozuv yo‘q. Yozuvi yo‘q yigitdan sekin: “Qayerda o‘qigansan, “tankang” bormidi?” deya so‘radim. “Ha, Muzaffar ismli shaxsga 12 ming dollar berganman, sizlar u bilan gaplashib, pulini bermaganingiz uchun shunaqa yozuv bor”, dedi.
Jim yurib javoblar chiqishini kutdik. Bir haftadan keyin Labor migration saytida imtihondan o‘tganlar ro‘yxati e’lon qilindi. Unda biz – 102 bola yo‘q.
Biz “daltonik” ekanmiz – rang ajrata olmas ekanmiz.
102 bolaning barchasi “men ranglarning hammasini topgandim” dedi. Shular qatorida men ham hammasini topganman. Agentlikka telefon qilsak, “bu ro‘yxatni bizga Koreya beradi, biz bilmaymiz” dedi.
O‘sha kunning o‘zida barchamiz Toshkentga qarab yo‘lga chiqdik.
Birinchi navbatda EPS markaziga bordik. Boshlig‘i koreys ekan. Ichimizdan bir kishi tarjimon bilan kirdi. Sizlar hammangiz “chyorniy spiska”dasiz, O‘zbekiston Migratsiya agentligi shunaqa xulosa bergan, EPS topik imtihonidan o‘tolmagansizlar, debdi.
Agentlikka bordik (bu voqealar 2022 yil sentabr oylarida bo‘lyapti). Agentlikdagi mas’ullar “biz hech narsani bilmaymiz” deb turvoldi.
Shu tariqa, 102 denovlikning barchasi “rang ajrata olmaydigan” bo‘lib chiqdik. Mehnat vazirligiga borib, biz “daltonik” emasligimizni tushuntirdik. Bir haftadan keyin kelishimizni tayinlashdi. Surxondaryoga qaytdik. Aldanganimizni anglab, 20 nafar bola yana Toshkentga bordik. 20 sentabr kuni soat 20:00 larda Koreya tomonining saytida ma’lumot paydo bo‘ldi. Unda qayd etilishicha, biz imtihondan o‘tolmagan ekanmiz.
Hammamiz tushkunlikka tushdik, chunki 5 yillab koreys tilini o‘rgangan edik. Ertasi kuni 102 bola, ota-onalar vazirlik oldida yig‘ildik. Vazir o‘rinbosarimi, kimdir chiqib, agentlikka boringlar, o‘sha yerda hal qilamiz, dedi. Biz bu taklifni rad qildik, noroziligimizni bildirdik. “Daltonik” emasligimiz bois isbotini talab qildik.
Keyin Koreya saytidagi yozuv o‘zgarib qoldi – shaxsiy kabinetimizdagi “defekt” degan so‘z yo‘qolgan edi.
20 sentabr. Bizni – yig‘ilib turganlarni avtobusda agentlikka olib borishdi. Agentlik rahbari va vazirlik xodimi kelib bizdan vaziyatni so‘radi, “million marta” aytganimizni takrorladik. Nega saytdagi yozuv o‘zgardi deb so‘rasak, “sizlarga ishlaring hal bo‘lishi kerakmi yoki kim qilgani kerakmi” dedi. Unisi ham, bunisi ham kerak dedik. Keyin EPS markazi rahbari, agentlik rahbarlari va vazirlik xodimi bir xonaga kirib, maslahatlashishdi. Bir soatdan keyin chiqib: “Sizlar rostdan “chyorniy spiska”da ekansizlar, texnik nosozlik bo‘libdi. 15 kunda ishlaringizni hal qilib beramiz”, deyishdi.
Biz ketmaymiz dedik. Vazirlik bizga bu ishni qilganlarni topishga va’da berdi. Uyimizga qaytdik. Oradan 20 kunlar o‘tgandan keyin shaxsiy kabinetimizda o‘zgarish bo‘ldi, bizga telefon qilishdi. Hammasi joyiga tushdi.
Lekin bir narsa so‘roq ostida qoldi – bu ishlarni kim qildi? Biz birlashmaganimizda, qolib ketaverardik. Biz birlashib huquqimizni tikladik, lekin boshqalarning huquqlari-chi? Mana, aviachiptalarni 13 mln so‘mdan sotishayotgan edi migrantlarga, endi 5 mln 200 ming bo‘ldi. Ortiqcha undirib kelingan pullarni kim qaytaradi?
Bir haftalik o‘qish degan narsasi bor, 3 mln so‘m olishadi. Bu o‘qish shunchaki “bordi-keldi”. Yigitlar huquqlarini talab qilish ortidan Koreyaga ketolmay qolishdan qo‘rqishadi.
25 ming dollar ishlab berish sharti bilan ketganlar
— Migratsiya agentligining turgan-bitgani korrupsiyaga aylandi. Ayniqsa, karantin vaqtida “soqqa” olib Koreyaga uchirishdi migrantlarni. Samolyot chiptasini bir tomonga 12,5 million so‘mdan sotishdi. Hozir ham men bilan birga Koreyaga kelganlar bor: ishlab to‘lash sharti bilan 20 ming, 25 ming dollarga gaplashib kelishgan.
O‘zimni boshimdan o‘tgan xarajatlarni sanab o‘tsam. Agentlikning haqi – 12 mln so‘m, bir haftalik o‘qish uchun 3 mln so‘m, mehmonxonada turish 1,5 mln so‘m, tibbiy ko‘rikdan o‘tish 350 ming so‘m, o‘pkani rentgen qilish 50 ming so‘m, aviachipta 12,5 mln so‘m, hujjatlarni shunchaki elchixonaga topshirish uchun qabul qilish narxi – 100 ming so‘m. Bir tiyinga qimmat forma uchun to‘lanadigan pul ham bor – arzon materialdan tikilgan kiyim, faqat ishchilarni aeroportda tanib olish uchun, keyin hech kim kiymaydi.
Medko‘rikdan o‘tishda Bobur ismli “soqqakash” 300-1000 dollar oldi. Vizaga to‘lov – 70 dollar. Karantin payti vaksina sertifikatini 100 dollardan pullashdi.
Ye7 vizasi bo‘yicha 2 ming odam kelishi kerak edi, lekin natijasini hech kim bilmadi. 200 balldan 180 olganlar qolib, 2018 yil “soqqa” berganlar kelyapti.
Koreys ish beruvchilari nega o‘zbekni kam tanlaydi? Chunki shuncha “soqqa” berib kelgandan keyin, 1,5 ming dollar oylik olish qoplamaydi. Boshqa ish izlaydi. Pul bilan o‘tganlarda til bilishi darajasi nol, harf tanimaydiganlar kelyapti.
“Qoningda xolesterin ko‘p, davolanib kelasan” deydi. Xolesterinni esa bir haftada tushirib bo‘lmaydi. Xo‘sh, samolyotdan qolib ketmaslik uchun nima qilish kerak? “Yo‘li” bor – 300 dollardan 1000 dollargacha...
Bularning hammasini xaspo‘shlash uchun “Koreyaga imtihondan o‘tish Koreyaga borishni kafolatlamaydi” deb e’lon berishadi. Koreyaga imtihonga kirish uchun 28 dollardan olindi, 25 ming odam topshirdi. Lekin bor yo‘g‘i 2 ming, nari borsa 3 ming odamni “o‘tdi” qilishadi.
Til bilmas migrantlar...
— Men 3 yildan buyon Koreyaga ketish uchun harakat qilaman. Tizim korrupsiyaga botgan. Mening mahallamdan 6 kishi Koreyaga ketgan. O‘zim tanigan-bilgan insonlarim. Koreys tilini umuman bilishmaydi, lekin hozir Koreyada. Menda katta miqdorda pul bo‘lmagani sabab keta olmayapman.
Medko‘rikdan o‘tish “yo‘li”
— 2018 yil imtihondan o‘tganman, haligacha ketolmadim. Agentlikdan so‘rasak: “Bizning qo‘limizda emas, Koreya hal qiladi”, deydi. Ammo 2022 noyabrda imtihondan o‘tganlar ham ketmoqda. Migratsiya hal qilmas ekan, ammo “migratsiya xizmati uchun” 12 mln so‘m pul olar ekan. Shartnoma chiqib qolsa, bir haftalik o‘qishga chaqiradi, “Izza Plaza” degan mehmonxonada kuniga 250 ming so‘m to‘lab turishga majburlaydi, keyin o‘qish uchun 3 mln so‘m pul olishadi, biroq bir soat ham o‘qitmaydi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi, 100 nafar boladan yarmi o‘tolmaydi. Keyin 300-400 dollar pul berib “to‘g‘rilashadi”. Shartnomasi va vizasi kelgan bolalarni ham Koreyaga tez-tez jo‘natmay, ushlab turishadi, natijada Koreyadagi viza jo‘natgan kompaniya “kech qoldi” deb “otkaz” bervoryapti. Shaxsan o‘zimda shunaqa xolat bo‘lgan.
Hammasining “chorasi” bor
— Koreyaga vizamiz chiqqan, tibbiy ko‘riklardan o‘tganmiz, lekin 4 ta reys uchdi, birortasiga qo‘yishmayapti bizni. Migratsiyaga telefon qilsak, Koreyadagi korxonaga bog‘liq deb aytishdi. Lekin korxona bilan gaplashib ko‘rsak, Koreyaga uchirish ro‘yxatini sizlarning agentlik tashkil qiladi, deyishdi. Bir tanishimda ham shunday holat bo‘lgandi, agentlikka borib “to‘g‘riladi”. Qanday deb so‘rasam, pulga gaplashdim deb aytdi.
12 mln + 3 mln + 1,5 mln
— 2022 yil aprel oyida Koreyada ishlashni maqsad qilganlar ro‘yxatidan o‘tish uchun 25 dollar to‘lovni amalga oshirdim. Ro‘yxatga olinganlar soni 16 mingdan ziyod edi. Imtihon iyun va iyul oylarida o‘tkazildi. O‘z ko‘zim bilan imtihon jarayonlarini ko‘rdim, o‘zim 95 ball bilan imtihondan o‘tdim. Imtihon payti kuzatuvchilikni Migratsiya agentligi va Koreyadan kelgan mutaxassislar olib borishdi. Ammo o‘sha yerning o‘zida ham birovning o‘rniga boshqa shaxs imtihonga kirayotganini ko‘rdim. Agar birovning o‘rniga kiradigan shaxs migratsiya xodimlariga tegishli bo‘lsa, bunga ko‘z yumishardi, ko‘chadan kelgan, ular bilan kelishmagan holda shu ishni qilsa, ushlab protokol tuzishadi.
Har bir bosqich ikki oydan to‘rt oygacha vaqt olgan. Misol tariqasida qo‘shni Qirg‘izistonda imtihon topshirib, bir oy ichida Koreyaga kirib borganlarni ko‘rdim.
“Zagranpasport”ni skanerlash uchun Toshkentga kelish kerak. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining har bir viloyatda filiali borligini inobatga olsak, ikki mingdan ziyod odamni Toshkentga chaqirishi – juda tushunarsiz holat.
Agentlik xodimlari mehnat etikasiga amal qilmaydi. Xohlagan odamini sensiraydi.
Bosqichlardan o‘tgan fuqarolar agentlikka 12 mln so‘m, o‘qitish va ko‘niktirish uchun 3 mln so‘mni kassaga to‘laydi (kassada plastik bilan to‘lov qilish imkoni yo‘q).
Endi bir haftalik o‘qitish va ko‘niktirish bosqichiga kelsak. Poytaxtning Izza mavzesida joylashgan Izza Plaza mehmonxonasida majburiy yotib o‘qitiladi. Garchi agentlik Telegram-kanalida mehmonxona majburiyligi haqida hech bir so‘z bo‘lmasa ham. Mehmonxona to‘lovi – 1,5 mln so‘m. Biz borgan vaqtda yigirmaga yaqin kishi mehmonxonada turishdan bosh tortdi – Toshkent shahri va viloyatida uyi borlar. Har haftada 120 nafar odamdan majburiy undiriladigan yig‘im oyida katta summa bo‘ladi-da. Yuqori turuvchi tashkilotga ariza yozaman deganimdan so‘ng tilxat yozib uyimdan qatnashga ruxsat berishdi.
Hozircha shunaqa gaplar. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining eski rahbari qamalgani, o‘rniga esa yangi rahbar tayinlangani va kuni kecha tizimning eng tepasida turgan amaldorning ham lavozimidan olingani sohada jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishiga umid beradi. Biz esa ichkarida nimalar bo‘lgan va bo‘layotganini yozishda davom etamiz.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
12:59 / 19.08.2024