O‘zbekiston | 21:06 / 13.04.2023
11012
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi o‘tkazildi 

Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi. 

Foto: TIV axborot xizmati

13 aprel kuni Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Uchrashuvga O‘zbekiston raislik qildi. 

Forum davomida tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyatini hamda milliy ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash kabi asosiy talablarning bajarilishi muhokama qilindi. 

Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan birgalikdagi harakatlar mexanizmini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. 

Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. 

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosiy omili sifatida Afg‘oniston salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish muhimligi qayd etildi. 

Tomonlar Afg‘oniston hududida qo‘shni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki bu mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga yanada faol integratsiyalashuvga xizmat qiluvchi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanligini bildirdilar. 

Mavzuga oid