Sport | 11:52 / 15.04.2023
26279
16 daqiqa o‘qiladi

Angliyada London derbisi, Fransiyada chempionlik intrigasi. Hafta o‘yinlari anonsi

Yevrokuboklar yakunlanib ulgurmay, kuchli beshlikda milliy chempionatlar ham boshlab yuborildi. Kelasi hafta ham YeChL o‘yinlari borligi bois, yetakchi jamoalarning uchrashuvlari shanba oqshomida bo‘lib o‘tadi. Angliyada katta duel oldidan peshqadamlarning sirtqi kurashi davom etayotgan bo‘lsa, Fransiyada chempionlik intrigasi qaytmoqda.

Foto: Getty Images

ASTON VILLA – NYuKASL (15 aprel, 16:30)

Aytish mumkinki, agar peshqadamlarni qo‘shmasa, bugungi kunda APLning eng yaxshi formadagi ikki jamoasi to‘qnash keladi. «Aston Villa» umuman Unai Emeri kelganidan keyingi davrda faqat «Arsenal» va «Manchester Siti»dan kamroq ochko jamg‘argan, xolos. Jamoa oxirgi 7 o‘yinda 6 g‘alaba qayd etdi va faqat 1 o‘yin durang o‘ynadi.

«Nyukasl»da xuddi shunday – Eddi Hau shogirdlari o‘yini mart oyi boshlarida biroz pasaygandek tuyulgandi, ammo terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus jamoaga ijobiy ta’sir qildi. «Manchester Yunayted» ustidan qozonilgan so‘zsiz g‘alabadan so‘ng «Nyukasl» uchinchi o‘ringa qaytgan bo‘lsa, keyin safarda «Vest Hem» va «Brentford» kabi ancha qiyin raqiblarga qarshi ham 100 foizlik natija qayd etildi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi sari dadil odimlayotgan «Nyukasl»ning so‘nggi natijalardan keyin yevrokuboklar zonasiga kirib olgan «Aston Villa» maydoniga safari ancha murosasiz kechishi shubhasiz. Agar yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblasak, «Nyukasl» to‘rtlikning eng yaqin ta’qibchisi bo‘lmish «Tottenhem»dan 6 ochko oldinda. Demak, bu o‘yindagi g‘alaba yo‘llanma uchun kurashda jamoaga katta ishonch va turnir jadvalida ustunlik taqdim etadi.

Birminghemliklar o‘z maydonidagi oxirgi uch o‘yinda nafaqat ochko yo‘qotmagan, balk o‘z darvozasiga gol ham o‘tkazib yubormagan.

Tarkiblarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, har ikki tomonda ham yo‘qotishlar yo‘q emas. «Aston Villa»da Kesh va Koutino oy oxirigacha sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Leon Beylining ham kamida o‘sha muddatgacha tarkibdan tashqarida ekani ham sezilarli yo‘qotish. Mehmonlar safida esa, Migel Almiron hanuz to‘liq tiklanmadi va maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Shuningdek, Allen Sen-Maksimen «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda tizzasidan jarohat olgandi va Brentforddagi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Uning kichik jarohati ham bugungi o‘yinga xalaqit berishi mumkin.

O‘zaro o‘yinlarda «Nyukasl» ustunroq, ammo aynan Birminghemda kechgan o‘yinlarda «Aston Villa» doim munosib qarshilik ko‘rsatgan. Xususan, so‘nggi uch o‘yin mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabalari bilan yakunlangan. Umuman, «qarg‘alar»ning ushbu stadiondagi oxirgi g‘alabasi qariyb 10 yil oldin sodir bo‘lgan. O‘sha o‘yinda maydonga tushgan futbolchilardan hozirda har ikki jamoada hech kim qolmagan.

SAUTHEMPTON – KRISTAL PELAS (15 aprel, 19:00)

Nafaqat chempionlik yoki yevrokuboklar uchun kurash, balki turnir jadvalining quyi qismida ham kurash qizg‘in kechmoqda va birato‘la 9 jamoa o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Hozirda bu jamoalar ichida eng yuqorida «Kristal Pelas» bormoqda va bu ustunlikka ham so‘nggi o‘yinlarda, Roy Hojson kelganidan so‘ng qo‘lga kiritilgan ikki g‘alaba yordamida erishildi. Hamon londonliklarni xavfli zonadan atigi 6 ochko ajratib turibdi, xolos. Hojson shogirdlari keyingi 4 uchrashuvni aynan mana shu to‘qqizlik ichidagi jamoalar bilan, ya’ni APLda qolish kurashidagi raqobatchilariga qarshi o‘tkazadi – «Sauthempton», «Everton», «Vulverhempton» va «Vest Hem». Katta ehtimol bilan mana shu to‘rt o‘yinda «Kristal Pelas»ning taqdiri uzil-kesil hal bo‘lishi mumkin.

«Sauthempton»ning ahvoli biroz og‘ir. Birinchidan, ochkolar bo‘yicha jamoa eng so‘nggi pog‘onani egallab turibdi. Shuningdek, jamoa ko‘rsatayotgan oxirgi natijalar ham havas qilgulik emas – 5 o‘yindan beri g‘alaba yo‘q, oxirgi 12 o‘yinda atigi ikki bor uch ochko qo‘lga kiritildi, xolos. Buning ustiga taqvim borasida ham omad chopmagan. Ruben Selles shogirdlari ushbu uchrashuvdan so‘ng «Arsenal» maydoniga safar qiladi, keyin esa «Nyukasl» va «Brayton» safarlari ham kutib turibdi. Demak sauthemptonliklar uchun aynan mana shunday o‘zaro o‘yinlarda bor kuchni ishga solish so‘nggi chora bo‘lib qolmoqda.

Uchrashuvda mezbonlardan Che Adams, Romeo Laviya, Valentino Livremento kabi yetakchi futbolchilar qatnasha olmaydi. Muhammad Salisu ham bir necha kunga safdan chiqqan. Hojson esa Vilfrid Zaaning yordamidan foydalana olmaydi. O‘ttiz yoshli hujumchi oy oxirlarida maydonga qaytishi kutilmoqda. Shuningdek, Odson Eduarning holati ham shubha ostida qolmoqda.

Bu o‘yin jamoalarning ushbu mavsumning o‘zidagi uchinchi to‘qnashuvi bo‘ladi. Birinchi davrada londonliklar Eduarning goli evaziga minimal g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Angliya kubogi ilk bosqichida mehmonda to‘p surganiga qaramay, «Sauthempton» 2:1 hisobida ustun kelgandi. Qizig‘i, bu o‘yinda ham «Kristal Pelas» golini bugun maydonga tushishi so‘roq ostida bo‘lgan Eduar urgandi.

ATLeTIK – ReAL SOSeDAD (15 aprel, 19:15)

Baskoniya derbisi. Albatta, qiziq bo‘ladi. Birinchi davradagi o‘yinda hakam hammasi bo‘lib 7 sariq va bitta qizil kartochka ishlatgandi. Ha, Ispaniyada uchrashuvning murosasizlik darajasini ko‘p hollarda mana shunday kartochkalar ham belgilab beradi. O‘shanda mezbon sifatida harakat qilgan sosedadliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Derbi bo‘lishdan tashqari, turnir jadvali nuqtayi nazaridan ham muhim uchrashuv. «Sosedad» hozirda 4-o‘rinni egallab turibdi, ammo so‘nggi o‘yinlarda hatto «Bernabeu» bo‘lsa ham g‘alaba qozonayotgan «Vilyarreal» ortdan ta’qib qilib kelmoqda. O‘rtadagi farq esa, atigi 4 ochko bo‘lib turibdi. Bilbaoliklar esa, «Betis», «Rayo» kabi klublar bilan yevrokubok o‘rinlari uchun kurashmoqda. Valverde shogirdlariga ham ochko suv va havodek zarur.

«Espanol»ga qarshi uchrashuvda «Atletik» veterani va yetakchilaridan biri Oskar De Markos navbatdagi sariq kartochkasini oldi va diskvalifikatsiya tufayli, ushbu uchrashuvda sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, mezbonlar safida Inigo Lekue va Morsiloning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. «Sosedad» safida esa Sodiq Umar yana kamida bir oy o‘ynay olmaydi.

O‘zaro o‘yinlar mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, oxirgi o‘n yillikda ustunlik «Real» tarafida, ammo Bilbaoda kechgan oxirgi derbi mezbonlarning ishonchli g‘alabasi bilan tugagan – 4:0. Endi «Atletik» qatorasiga 4 o‘yindan buyon o‘z maydonida g‘alaba nima ekanini bilmayotganini, oxirgi uch derbida durang qayd etilmayotganini ham qo‘shing – o‘yinning qay tomonga ketishini oldindan taxmin qilish juda mushkul, to‘g‘rimi?

PSJ – LANS (15 aprel, 23:55)

Go‘yoki chempionlik intrigasi va Fransiya chempionati birgalikda tilga olinmaydigan tushunchalarga aylanib qolgan bo‘lsa-da, «PSJ» buni ham epladi. Jamoa oxirgi uch o‘yindan ikkitasini yutqazib qo‘ydi. Buning ustiga har ikki o‘yin ham Parijda, avval «Renn» javobsiz ikki gol urib ketgan bo‘lsa, «Lion» ham parijliklar bilan oxirgi 9 o‘yindagi ilk g‘alabasiga erishdi.

Bundan «Lans» foydalandi va oradagi farqni 6 ochkogacha qisqartirishga erishdi. Jamoa 7 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti, oxirgi to‘rt o‘yinda esa, umumiy 10-1 hisobida 4 g‘alabaga erishdi. «Lans» shuningdek, o‘z darvozasidan gol o‘tkazish bo‘yicha ligada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi – atigi 22 gol va bu «PSJ» natijasidan 7 taga ko‘p. «Lans» Fransiya chempionati joriy mavsumida eng kam mag‘lubiyatga uchragan – 3 marta. Masalan, Parij jamoasida mag‘lubiyatlar soni beshta. Birinchi davradagi o‘zaro o‘yinda «Lans» o‘z maydonida «PSJ»ni 3:1 hisobida mag‘lub etgan. O‘sha o‘yin mundialdan keyingi uchrashuvlardan biri bo‘lib, na Messi na Neymar maydonga tushgandi, lekin umuman bu jamoalar o‘rtasidagi oxirgi uch o‘yinda «PSJ» g‘alaba qozona olmay kelmoqda. Ligada jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 9 o‘yindan 5 tasida «PSJ» yuta olmagani ham e’tiborli fakt. Umuman, Frank Hayze qo‘l ostida «Lans» yuqori ligaga qaytgach, «PSJ»ga qarshi 5 o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, faqat bir marta Parij jamoasi g‘alaba qozongan. «Lans» hisobida g‘alabalar soni ikkita.

Endi mana shu, yutish, darvozasiga gol urish qiyin bo‘lgan, buning ustiga «PSJ» uchun noqulay bo‘lgan «Lans» Parijda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, oradagi farq atigi 3 ochkoga aylanadi. Ana intriga.

Bundan tashqari, «PSJ» qariyb uch oy, 12 yanvardan buyon, ya’ni oxirgi 8 uy uchrashuvida o‘z darvozasini daxlsiz saqlay olmayotganini ham ta’kidlash joiz. «Bavariya» bo‘ladimi, «Tuluza»mi, kim bo‘lishidan qat’i nazar Parijda gol urib qaytishning uddasidan chiqib kelmoqda.

Endi tarkiblarga yuzlanamiz. «PSJ» safida Neymarn yo‘qligi yangilik emas. Shuningdek, Mukiyele va Kimpembe ham mavsum oxirigacha safdan chiqishgan. Marko Veratti va Renato Sanchesh bir vaqtda, taxminan shu oy oxirida tiklanishi kutilmoqda. Ya’ni bu futbolchilar ham ushbu o‘yinda maydonga tusha olishmaydi. Mehmonlarda esa Buksa, Le Kardinal, Fortes kabi futbolchilar to‘liq tiklanib ulgurishgani yo‘q. Farines esa, ushbu mavsumda boshqa maydonga tusha olmaydi.

VeST HEM – ARSeNAL (16 aprel, 18:00)

«Arsenal» «Enfild»da mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, ha, o‘n yildan beri g‘alaba qozona olmayotgan stadionda bu safar uch ochko olish mushkul edi, to‘g‘ri, ammo agar turnir jadvali nuqtayi nazaridan qarasak, o‘sha durang «Arsenal» uchun mag‘lubiyatga teng bo‘ldi. Birinchidan, hisobda oldinda borayotgandi va mezbonlarning hisobni tenglashtiruvchi goli so‘nggi daqiqalarda urildi, ikkinchidan, endi, «Manchester Siti» ham o‘z taqdirini o‘zi hal qila oladigan ahvolga keldi. Hozirda yo‘qotilgan ochkolar borasida «Arsenal» atigi 3 ochko oldinda, to‘plar nisbati bo‘yicha manchesterliklar ustun, shuningdek, oy oxirida jamoalar aynan «Etihad»da, ya’ni «Manchester Siti» maydonida kuch sinashadi.

Bu shartlarda «Arsenal»ning boshqa o‘yinlarda ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. «Arsenal»ni oldinda «Etihad» safaridan tashqari, «Nyukasl», «Brayton», «Chelsi» kabi qiyin raqiblar ham kutib turganini e’tiborga olsak, «Vest Hem»dagi o‘yin g‘alaba qozonish shart bo‘lgan o‘yinlarning birinchisi. Mezbonlar osonlikcha yon bermasligi aniq. O‘yinning derbi maqomidan tashqari, «Vest Hem» ligada jon saqlash uchun kurashayotganini ham esdan chiqarmaslik kerak. «Vest Hem» xavfli zonadan atigi uch ochko oldinda turgani o‘z yo‘liga, bundan tashqari, jamoaning uy uchrashuvlari «Arsenal»dan so‘ng, «Liverpul» va «Manchester Yunayted» ekani, safarlar esa, «Manchester Siti»dan tashqari, «Lester», «Kristal Pelas» kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilar ekanini e’tiborga olsak, ahvol og‘ir. Moyyes birgina ochko uchun «Arsenal»ga «o‘ligini tashlaydi». Buning ustiga «Vest Hem» maydonida o‘tgan oxirgi 5 o‘zaro uchrashuvning atigi 2 tasida «Arsenal» g‘alaba qozona olgan, xolos. 1-davrada «Emiraytes»da kechgan o‘yinda «Vest Hem» birinchi bo‘limni 1:0 hisobidagi ustunlik bilan yakunlay olgandi. Keyinchalik, mezbonlar javoban uch gol kiritishgandi.

«Arsenal» safida himoya chizig‘idagi yo‘qotishlar saqlanib turibdi. Ayniqsa, Uilyam Salibaning yo‘qligi «Liverpul» bilan o‘yinda sezildi. Holding go‘yoki uning o‘rnini bildirmayotgandi, ammo «Enfild»dagi xatolardan so‘ng, futbolchining o‘ziga bo‘lgan ishonchi qay darajada bo‘y ko‘rsatadi, ko‘ramiz. Shuningdek, Tekexiro Tomiyasu ham yana kamida bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Mezbonlarda esa, faqat Janluka Skamakka yo‘q. U joriy mavsumda boshqa maydonga tushmaydi.

BOShQA O‘YINLAR

15 APReL.

Bolonya – MILAN (18:00), BAVARIYa – Hoffenhaym (18:30), Shtutgart – BORUSSIYa D (18:30), CheLSI – Brayton (19:00), TOTTeNHEM – Bornmut (19:00), NAPOLI – Verona (21:00), MANCheSTeR SITI – Lester (21:30), INTeR – Monsa (23:45), Kadis – ReAL MADRID (23:55)

16 APReL

UNION BeRLIN – Boxum (20:30), Sassuolo – YuVeNTUS (21:00), ROMA – Udineze (23:45)

17 APReL

Lids – LIVeRPUL (23:55)

Қаҳрамон Асланов
Tayyorlagan Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid