Jahon | 07:33 / 17.04.2023
7302
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya yaqinida Jyeff Bezosning 500 mln dollarlik yangi superyaxtasi sinovi boshlandi

Jyeff Bezosning qiymati 500 million dollardan ortiq bo‘lgan yangi superyaxtasi Ispaniya qirg‘oqlari yaqinida dengizda sinovdan o‘tkazila boshlandi. Amazon asoschisi kemani yoz mavsumi boshlanishiga qadar qabul qilishi mumkin. Niderlandiyaning Oceanco kemasozlik shirkati tomonidan qurilgan 127 metrlik uchta ustunli kema dunyodagi eng katta yelkanli yaxtaga aylandi.

Foto: EPA

Amazon asoschisi Jyeff Bezosning yangi superyaxtasi o‘tgan hafta Niderlandiyadagi kemasozlik shirkatini tark etdi va 12 aprel, chorshanba kuni Ispaniya qirg‘oqlari yaqiniga, Mayorkadan uncha uzoq bo‘lmagan hududga keldi va u yerda sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Agentlik manbasiga ko‘ra, yaxtada kemaning barcha elementlari to‘g‘ri ishlashini ta’minlashga yordam beradigan dengiz sinovlari boshlandi. Bezosga yetkazib berishdan oldin, kema hali oxirgi ishlov berish uchun shirkatga qaytarilishi mumkin. Milliarder yoz mavsumi boshigacha yaxtaga ega bo‘ladi, deya qayd etgan Bloomberg.

Ilgari Y721 nomi bilan tanilgan kema endi Koru deb ro‘yxatga olindi. Koru - maori san’atining spiral elementi bo‘lib, u yangi hayot, ma’naviy o‘sish va taraqqiyotni anglatadi. 127 metr balandlikdagi Koru, Boat International ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng katta yelkanli yaxta va Niderlandiyaning Oceanco shirkati tomonidan qurilgan eng katta kemalardan biridir.

Kema ochiq dengizga chiqa olishi uchun Rotterdam hukumati tarixiy De Hef ko‘prigini qisman demontaj qilishga tayyor edi. Ko‘prikning markaziy qismini 40 metrga ko‘tarish mumkin, ammo bu masofa uning ostidan uch ustunli yaxta o‘tishi uchun yetarli emas. Keyinchalik Oceanco jamoatchilikning noroziligi tufayli bu g‘oyadan voz kechdi va kemani machtalarsiz dengizga olib chiqdi.

Bloomberg qayd etishicha, Bezosning yangi yaxtasi birinchi marta muammo tug‘dirayotgani yo‘q. Yelkanlar kattaligi tufayli kema bortida vertolyot maydonchasini joylashtirishning imkoni bo‘lmadi, shuning uchun Amazon rahbari platforma bilan jihozlangan yordamchi yaxtaga buyurtma berdi, u hamma joyda asosiy kemani kuzatib boradi. Agentlik ma’lumotlariga tayanib, hozirda kema Koru'ning dengiz sinovlariga qo‘shilish uchun Atlantika okeanini kesib o‘tmoqda.

Mavzuga oid