O‘zbek tili Vikipediyadagi maqolalar soni bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa, dunyoda 45-o‘ringa ko‘tarildi

Foto: WikiOromgoh
O‘zbek tili Vikipediyadagi maqolalar soni bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 45-o‘ringa o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.
“Joriy yilning 14-20 aprel kunlari Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘zbek tilining jahon internet tarmog‘idagi nufuzini oshirishga qaratilgan “WikiOromgoh” loyihasi tashkillashtirilgan.
Oromgoh davomida ishtirokchilarga mutaxassislar tomonidan o‘zbekcha Vikipediyaga maqola kiritish ko‘nikmalari o‘rgatilmoqda hamda uni O‘zbekiston haqidagi maqolalar bilan boyitish ishlari amalga oshirilmoqda.
“WikiOromgoh” boshlangandan buyon o‘zbekcha Vikipediyada sezilari o‘sish yuz berdi. Jumladan, oromgoh boshlangunga qadar Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar soni 224 ming 317 tani tashkil etgan bo‘lsa, dastlabki uch kunning o‘zida o‘sishlar soni qariyb 10 ming maqolaga yetib, jahon vikipediyalar tizmasida 45-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyoda birinchilikka chiqdi. Bundan avval ushbu o‘rinni qozoqcha Vikipediya egallab turgan edi. Ayni damda Vikipediyadagi o‘zbekcha maqolalar soni 233 mingga yetdi”, – deyiladi xabarda.
Takidlanishicha, “WikiOromgoh” loyihasi o‘tgan yilning may oyida start olgan “WikiStipendiya” loyihasi tarkibida tashkillashtirilgan bo‘lib, birinchi mavsumi 2022 yilning avgust oyida, ikkinchi mavsumi esa noyabr oyida bo‘lib o‘tgan hamda ikkinchi mavsumda ilk bor 200 minglik dovondan oshilgan.
2022 yil yakuniga kelib, O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek tilidagi izlashlar soni rus tilidagi izlashlar sonidan oshdi. “WikiStipendiya” loyihasining o‘tgan mavsumida esa o‘zbekcha Vikipediya qariyb 77 ming maqola bilan boyib, 217 mingdan oshgan edi.