O‘zbekiston | 19:53 / 17.04.2023
31768
4 daqiqa o‘qiladi

“Raqamlarda sifatli” - M-39 yo‘lining Toshkentdan Sirdaryogacha bo‘lgan qismidan reportaj

Mahalliy ichki yo‘llar davlat dasturlari, “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida bosqichma-bosqich yaxshilanib boryapti, ammo davlatlarni bir-biriga bog‘lovchi xalqaro yo‘llarimiz haqida shunday deya olamizmi? Kun.uz muxbiri xalqaro toifadagi M-39 yo‘lining Toshkent viloyatidan o‘tuvchi taxminan 100 km (borish-qaytish) qismida yurib, O‘zbekiston avtomobil yo‘llari quruvchilarining faoliyatiga oyna tutdi.

Aslida bu ko‘pchiligimiz yurgan, yurayotgan va yuradigan yo‘llar. Bu yo‘llarning sifatini stakan to‘la suvning to‘kilmasligi bilan baholash tugul, aqalli idishdan suvni eplab icha olmaysiz. E’tirozlar bo‘lsa, bemalol tajriba qilib ko‘rishingiz mumkin. Ichayotgan suvingiz yo tomog‘ingizga tiqiladi, yoki yarmi egningizga to‘kiladi.

Biz harakatlanib borayotgan bu yo‘l Markaziy Osiyoning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlatlaridan o‘tuvchi hamda xalqaro deya toifalanuvchi M-39 trassasi. Ya’ni respublikaning shimoliy hududlarini janub bilan tutashtiruvchi magistral yo‘l. O‘zimiznikilar ham, Osiyoning janubiy mintaqalariga mamlakatimiz orqali o‘tib-qaytuvchi xorijliklar ham shu yo‘ldan yuradi. O‘zbekiston yo‘llar sifati bo‘yicha dunyo reytingiga kiritilmaganini o‘tgan lavhalarimizda ham ma’lum qilgandik.

Yo‘lning toifasi, maqomi va ahvoli bir-biriga qanchalik mutanosib? Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining rasmiy saytida avtomobil yo‘llarining holatini ko‘rsatuvchi ochiq elektron xarita ishlab turibdi. Statistik raqamlarda M-39 xalqaro trassasining Toshkent viloyatidan o‘tuvchi 65 km qismidan 54,2 kmi, ya’ni 83 foizi qoniqarli, 5,9 km qismi ta’mirtalab, 5 kmi esa ta’mirlanayotgani yozilgan.

Xarita onlaynligini hisobga olsak, biz yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilayotganining guvohi bo‘lmadik. “Qoniqarli” darajasi ham yo‘lning qaysi sifatiga qarab berilishi qiziq. Chunki Sirdaryo tomon yurarkanmiz, risoladagidek yo‘l deyarli yo‘q. Ular yamalgan, notekis, chuqurchali, hatto trassa bordyurlari ham har 5–10 kmda turlicha o‘rnatib tashlangan. Yo‘llarimiz aniq bir konsepsiya doirasida qurilmagandek, har joyda har xil standart.

Sirdaryo viloyatiga yetib keldik. M-39 yo‘lining 56-kmi. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining rasmiy saytiga yana yuzlansak, xalqaro yo‘lning bu viloyatdan o‘tgan 44 kmidan 43 km qismi qoniqarli deya baholangan. Bu statistikaga ishonib, viloyatdagi M-39 xalqaro yo‘lining 97 foizi yaxshi ekan, deya ortga qaytdik.

Yo‘lda kelayotib siz ham haydovchilarni sergak torttiruvchi suratdagidek yo‘l chiziqlariga ko‘zingiz tushgan. Bu chiziqlarning vazifasi – tekis yo‘llarda harakatlanib, mudrab kelayotgan haydovchilarni sergak torttirish.

Paradoks holat: o‘zi bu yo‘llardagi mudom o‘nqir-cho‘nqirlar sergaklantiruvchi chiziqlardan kuchliroq bo‘lsa, o‘zi chiziqlarga ehtiyoj bormi? Uning samarasi hech hisoblab chiqilganmi? Chuqurchalardan charchab kelayotgan haydovchi endi tin olay deganda, bu chiziqlar ham yo‘lidan chiqib tursa endi...

Suratga e’tibor bering. Mashina shiftidagi bu nuqta aynan shu yo‘llarda harakatlanib kelayotgan yo‘lovchilardan birining mashina ichida sakrab, boshi bilan urilganidan paydo bo‘lgan. Bosh kiyim tugmachasi mashina shiftida shunday chuqurcha hosil qilgan bo‘lsa, boshda qanday iz qoldirganini tasavvur qilavering.

Bu yo‘llarimizning ahvoliga oyna tutuvchi eng pozitiv bir misol edi. Biz xalqaro magistrallarimizning Qashqadaryo, Samarqand yoki Xorazm viloyatlaridan o‘tgan qismi emas, shundoqqina poytaxtdan boshlanib, 60-70 km masofa uzoqligidagi ahvolini e’tiboringizga havola qildik. Respublika miqyosidagi yo‘llar bo‘yicha barchamiz aniq tasavvurlarga egamiz. Bizga Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi saytida yozilgan raqamlardagi sifatli yo‘llar emas, o‘zimiz yuradigan, yurganda rozi bo‘ladigan yo‘llar kerak.

Sardorbek Usmoniy

Mavzuga oid