Iqtisodiyot | 11:13 / 18.04.2023
30864
3 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda davlat xaridlarida 8 698 ta raqobatga zid qonunbuzilishlar aniqlangan – Raqobat qo‘mitasi

6 201 ta tender savdolari jarayonida 8 698 ta raqobatga zid holatlar sodir etilgan. Natijada 430 mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan va boshqa choralar ko‘rilgan.

Foto: Shutterstock

2022 yil davomida o‘tkazilgan tender savdolarida davlat va korporativ buyurtmachilari tomonidan 6 201 ta savdolar jarayonida 8 698 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Kun.uzʼga ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 2022 yil yakuni bo‘yicha davlat va korporativ buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 31 926 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borilgan. Shu jumladan, 2022 yilda jami amalga oshirilgan 91 016 ta elektron tanlov (tender)lardan 23 757 tasi (ya’ni 26,1%) qo‘mita tomonidan masofaviy o‘rganilgan.

Tahlil natijasida davlat va korporativ buyurtmachilari tomonidan 6 201 ta savdolar jarayonida 8 698 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.

Aniqlangan qonunbuzilishlariga quyidagicha ta’sir choralari ko‘rilgan:

  • 5 507 ta qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot va boshqa organlarga ma’lumotnomalar kiritilgan;
  • 235 ta qonunbuzilishi holatlari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan;
  • 2 956 ta holat bo‘yicha qo‘mita tomonidan 620 ta ish qo‘zg‘atilib, 530 ta ko‘rsatmalar berilgan hamda 412 ta mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish hamda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartiblarini inson omili aralashuvini istisno etuvchi mezonlar asosida yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.

Yangi tartibga ko‘ra:

  • xarid komissiyasi faoliyati bekor qilinib, uning funksiyasi platforma tomonidan avtomatik ravishda amalga oshirilishi belgilandi;
  • davlat buyurtmachisi va pudrat tashkilotining hamda pudrat tashkilotlarining o‘zaro affillanganlik xususiyatini avtomatik ravishda aniqlash va bartaraf etuvchi tizim joriy qilindi;
  • inson omili aralashuvidan xoli, davlat idoralari ma’lumotlari bazalariga integratsiya qilingan reyting tizimi joriy etildi.

Avvalroq insofsiz ijrochilarni davlat xaridlaridan 2 yilga chetlashtirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.

Bunda insofsiz ijrochilar reyestrini shakllantirish, insofsiz ijrochilarni reyestrga kiritish va undan chiqarishni tartibga solish ko‘zda tutilyapti.

Davlat xaridlari ishtirokchisi, g‘olibi yoki ijrochisi insofsiz ijrochilar reyestriga: sud, davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya, Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorlari asosida kiritiladi.

Mavzuga oid