Iqtisodiyot | 09:39 / 18.04.2023
40700
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya atom bilan xayrlashmoqda. Mamlakatda oxirgi uchta AES yopildi

15 aprel kuni Germaniyadagi uchta atom elektr stansiyasi (AES) faoliyatini to‘xtatdi. Mamlakatdagi barcha atom elektr stansiyalari 2022 yilga qadar yopilishi to‘g‘risidagi qaror ancha avval, Yaponiyaning zilzila va sunami oqibatida jiddiy zarar ko‘rgan Fukusima atom elektr stansiyasidagi avariyadan ko‘p o‘tmay qabul qilingan edi.

Nemis atom energetikasi dinozavri mag‘lub etildi. Foto: Getty Images

Ekologik faollar va hukmron koalitsiyadagi «Yashillar» partiyasi atom stansiyalari xavfi va radioaktiv chiqindilarni saqlash bilan bog‘liq muammolarni aytib, stansiyalarni yopishni talab qilayotgandi.

Biroq, ko‘plab nemislar buni xato deb hisoblashadi, chunki atom stansiyalari ko‘mir, yoqilg‘i moyi va hatto gazda ishlaydigan stansiyalarga qaraganda ekologik tozaroq (va arzonroq).

Atom elektr stansiyalarini yopish g‘oyasi kuchli anti-yadro lobbisiga ega bo‘lgan Germaniyada qo‘llab-quvvatlandi. Biroq, atom energiyasidan yakuniy voz kechish muddati 2022 yil oxiridan 2023 yil apreliga ko‘chirilgandi, bu Ukrainaga harbiy bosqindan keyin Rossiyadan gaz yetkazib berish keskin qisqarishi va Kremlga qarshi kiritilgan sanksiyalar bilan bog‘liq edi.

Natijada, Berlin elektrsiz qolib ketmaslik uchun nafaqat atom elektr stansiyalarining ishlash muddatini uzaytirishi, balki bir qancha ko‘mir elektr stansiyalarini qayta ishga tushirishi talab etildi.

Dengizdan bir tomchi

Birinchi bo‘lib Bavariyadagi «Izar-2» AES kompleksi, keyin esa Emsland va Nekkarvesthaymdagi stansiyalar yopildi.

«Nekkarvesthaym-2» AES — Germaniyadagi oxirgi uchta atom stansiyalardan biri edi. Foto: Getty Images

Vaholanki, o‘tgan yili ushbu uchta atom elektr stansiyasi mamlakatda ishlab chiqarilgan barcha elektr energiyasining atigi 6 foizini tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 1997 yilda atom elektr stansiyalari Germaniyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 30,8 foizini ta’minlagan.

Mamlakat rasmiylari ta’kidlashicha, energetika bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazorat ostida, atom elektr stansiyalari vaqt o‘tishi bilan demontaj qilinadi va qayta ishlash imkoniyatini saqlab qolish uchun konservatsiya qilinmaydi. Ularning eslatishicha, Germaniya gaz omborlari maksimal darajada to‘ldirilgan va suyultirilgan gazni qabul qilish uchun barcha zarur infratuzilma yaratilgan bo‘lib, u Rossiya gaz ta’minoti o‘rnini bosadi.

Bundan tashqari, vitse-kansler, iqtisodiyot va iqlim vaziri va «Yashillar» partiyasining vaqtinchalik raisi Robert Habekning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya 2030 yilga borib elektr energiyasining 80 foizini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarishi kerak.

To‘g‘ri, buning uchun bir necha yil davomida kuniga 4-5 ta shamol turbinasi qurish kerak bo‘ladi va o‘tgan yil davomida ularning bor-yo‘g‘i 551 tasi qurilgan.

Fransiya rozi emas

Biroq, Yevropaning ba’zi davlatlari butunlay boshqacha yo‘ldan bormoqda.

O‘tgan yil boshida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6 dan 14 tagacha yangi reaktor qurishga va’da berdi, ulardan birinchisi 2035 yilgacha ishga tushirilishi kerak. Shuningdek, hozirgi stansiyalarning maksimal ishlash muddatini 40 yildan 50 tagacha uzaytirish rejalashtirilmoqda.

Yadroviy energetika – urushdan keyingi Fransiya iqtisodiyotining asosi bo‘lib, Yevropada Germaniyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Atom elektr stansiyalari Fransiyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 70 foizini qoplaydi. Bu mamlakatni, asosan, Italiya va Buyuk Britaniyaga energiyaning eng yirik eksportchisiga aylantirdi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi tabiiy gaz va yadro yoqilg‘isini toza energiya manbalari sifatida tasnifladi. Natijada, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga zaharli chiqindilarni atrof muhitga zarar yetkazmasdan utilizatsiya qilishni ta’minlasa, mavjud atom elektr stansiyalarini ishlatishga ruxsat berildi.

Yevropa Komissiyasining 2021 yil uchun ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida elektr energiyasining 25 foizi atom elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi, ulardan 52 foizi Fransiyada, 9 foizi Germaniyada, 8 foizi Ispaniyada, 7 foizi Shvetsiyada va yana 7 foizi Belgiyada.

Mavzuga oid