Jahon | 16:52 / 18.04.2023
4511
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva sudi WSJ jurnalisti Evan Gershkovichni hibsda qoldirish haqida qaror qabul qildi

Foto: Reuters

Moskva shahar sudi mart oyi oxirida qo‘lga olingan The Wall Street Journal gazetasi jurnalisti Evan Gershkovichning hibsda qolishi yuzasidan berilgan apellyatsiyani rad etdi

Moskva shahar sudi The Wall Street Journal gazetasining josuslikda ayblangan muxbiri Evan Gershkovichni hibsda qoldirdi. 18 aprel, seshanba kuni sud amerikalikning hibsda qolishi haqidagi shikoyatni rad etdi va Moskvaning Lefortovo tuman sudining 30 martdagi qarorini tasdiqladi. 

Zalga faqat AQSh elchixonasi delegatsiyasi va o‘n nafar jurnalist kiritildi, deb yozadi «Mediazona». Sud zalida jurnalist Vasiliy Polonskiy unga hamkasblarining salomini yetkazdi. 

Yekaterinburgda «josuslik»da gumonlanib qo‘lga olingan va Moskvaga olib ketilgan 31 yoshli Evan Gershkovich 30 mart kuni Lefortovo tuman sudi tomonidan hibsga olingan - 29 maygacha. U 1986 yildan beri Rossiyada ushbu ayblov bilan hibsga tashlangan birinchi xorijiy muxbir bo‘ldi. 

Federal xavfsizlik xizmati («FSB») jurnalist «Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan»ini da’vo qilmoqda. Rossiya Jinoyat kodeksining «Josuslik» moddasi 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi. The Wall Street Journal va AQSh hukumati Gershkovichga qo‘yilgan ayblovlarni rad etyapti. Davlat departamenti muxbir «nohaq hibsga olingan», deb bayonot berdi. 

Rossiya Telegram-kanallari xabariga ko‘ra, muxbirning hibsga olinishiga RF prezidenti Vladimir Putin shaxsan buyruq bergan. Rossiya TIV Gershkovichni almashish jurnalist ustidan sud jarayoni tugagandan keyingina amalga oshishi mumkin ekanini bildirdi. Jurnalist Dmitriy Kolezev o‘zining Telegram-kanalida Gershkovich bilan u Yekaterinburgga borishidan oldin gaplashganini yozdi. «U hozirgi sharoitda ancha xavfli bo‘lsa ham, odatdagidek jurnalistik ish bilan mashg‘ul bo‘lmoqchi edi», dedi Kolezev. 

Mavzuga oid