Jahon | 10:17 / 18.04.2023
21772
16 daqiqa o‘qiladi

Putinning muxoliflaridan biri 25 yilga qamaldi. Kara-Murza hukumatga qanday xavf tug‘dirgandi?

Moskva shahar sudi siyosatchi va publitsist Vladimir Kara-Murzani 25 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Unga qarshi Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish, «istalmagan tashkilotlar» bilan hamkorlik qilish va davlatga xiyonat ayblovlari qo‘yilgandi.

Foto: Moskva shahar sudi matbuot xizmati

Ommaviy chiqishlar uchun davlatga xiyonat ayblovi

«Hali yurtimizni qoplagan zulmat chekinadi, oqni oq, qorani qora deydigan, urushni urush, zo‘ravonni zo‘ravon deydigan kun keladi. Ikki karra ikki to‘rt ekani rasman tan olinadi. Hali urushni boshlaganlar jinoyatchi deb ataladi, uni to‘xtatishga uringanlar emas», dedi Kara-Murza hukm oldidan berilgan so‘nggi so‘zida. Siyosatchi bu gaplarini omma oldida emas, sudya va prokuror oldida gapira oldi, xolos. Chunki sud majlisi kuzatuvchi va jurnalistlar uchun yopiq ko‘rinishda o‘tkazildi.

«Yopiqlik va diskriminatsiya borasida mening sudim 1960-70-yillardagi sovet dissidentlarining «sudi»ni ham dog‘da qoldirdi», dedi Kara-Murza sudda.

Sud jamoatchilikdan yopiq tarzda o‘tkazilganiga siyosatchi davlatga xiyonatda ayblanayotgani sabab qilib keltirildi. Ammo jarayonda yopiq ma’lumotlar ko‘rib chiqilmagan. Uni davlatga xiyonatda ayblashning o‘zi mantiqsizlik edi, chunki siyosatchi hech qanday maxfiy ma’lumotga ega bo‘lmagan yoki oshkor qilmagan, shunchaki AQSh va Yevropadagi chiqishlari uchun davlatga xiyonatda ayblangan.

Kara-Murza bu chiqishlarida siyosiy motivdagi «davlat terrori», saylovdagi soxtalashtirish, Rossiyadagi inson huquqlari buzilishi haqida gapirgandi. Shuningdek, Rossiyani Ukrainaga qarshi urush ochgan agressor-davlat deb atagan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, Kara-Murza bu chiqishlari orqali Rossiya tashqi xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga xavf yuzaga keltirgan.

Tergovga ko‘ra, Kara-Murza siyosiy mahbus Yuriy Dmitriyevga Helsinki qo‘mitasining mukofotini topshirish marosimida so‘zga chiqish orqali «xudbinlik qilib» Rossiyaga zarar yetkazgan. Jurnalistlar bu kimdir ommaviy marosimda so‘zga chiqqani uchun davlatga xiyonatda ayblangan ilk holat ekaniga e’tibor qaratdi.

Siyosatchining yaqinlarini unga qo‘yilgan ayblov ajablantirmagan. «Volodyaga ertami-kechmi davlatga xiyonat ayblovi qo‘yilardi, chunki hozirgi hukumat butun mamlakat faqat o‘zidan iborat deb hisoblaydi. Ularning manfaatlari xavf ostida qolsa, demokratik davlatlarga borgani qo‘yishmasa, pullari muzlatilsa, ular bundan mamlakat zarar ko‘rmoqda deb hisoblashadi», degan Kara-Murzaning rafiqasi Yevgeniya BBC bilan suhbatda.

Davlatga xiyonat Kara-Murzaga qarshi qo‘yilgan eng og‘ir, lekin yagona ayblov emas. Unga qarshi Rossiya armiyasiga qarshi «feyk» tarqatish (bu ham ommaviy chiqishlari uchun) va Rossiyada «xushlanmaydigan» deb topilgan Free Russia Foundation tashkiloti bilan hamkorlik ayblovi ham qo‘yilgan. Rossiyada bu tashkilot 2019 yilda «xushlanmaydigan» deb topilgan. Ayblovga ko‘ra, Kara-Murza 2021 yilda bu tashkilot puliga Saxarov markazida siyosiy mahbuslar mavzusida an’anaviy anjuman o‘tkazgan.

«Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri qasos»

Vladimir Kara-Murza qamoqda bo‘lgan vaqtidayoq inson huquqlari yo‘nalishida Vatslav Gavel mukofoti, Aksel Shpringer mukofoti va Jyeneva UN Watch nodavlat tashkiloti mukofotlarini qo‘lga kiritdi.

«Butun demokratik dunyo uni Vatslav Gavel mukofotiga munosib va vijdon asiri deb hisoblaydi. Rossiya hukumati esa uni vatan xoini va chet el agenti deb gavdalantirdi», deydi siyosatchining turmush o‘rtog‘i.

Kara-Murzaning advokati Proxorovning so‘zlariga ko‘ra, ishni olib borgan sudya Sergey Podoprigorov hamda prokuror Boris Loktionov unga yopiq sud majlisi haqida jurnalistlarga hech narsa aytmaslikni ta’kidlab, tahdid ham qilgan. «Xuddi ko‘cha bezorilari avval odamni urib, keyin «hech kimga gullab qo‘yma» deyishganidek. Bu ochiqchasiga manfaatlar to‘qnashuvi», deydi advokat.

Kara-Murzaning rafiqasi esa bu manfaatlar to‘qnashuvi emas, ochiqchasiga qasos ekanini ta’kidlaydi.

«Magnitskiy ro‘yxati»

2012 yil Kara-Murza «Magnitskiy akti» qabul qilinishiga erishish orqali Rossiya hukumatiga jiddiy zarba bergan edi. Bu uning siyosatchi sifatidagi eng jiddiy yutug‘i hisoblanadi.

Vladimir Kara-Murza 16 yoshigacha – toki ota-onasi uni Angliyaga yuborguniga qadar Moskvadagi maktabda o‘qigan. Kembrijni tarixchilik yo‘nalishida tamomlagan. Rossiyaga qaytgach esa otasi Vladimir Kara-Murza kabi jurnalistika yo‘nalishidan boradi.

U 19 yoshida «Noviye Izvestiya» gazetasida muxbir bo‘lib ishlayotgan vaqtida muxolifatchi Boris Nemsovdan intervyu oladi. Bu intervyu yosh muxbirda uning kelajagiga ham ta’sir qilgan taassurot qoldirgandi. Ko‘p o‘tmay Kara-Murza siyosat olamiga ham kirib boradi. 2000 yilda Rossiya Davlat dumasining uchinchi chaqiruvida 19 yoshli Vladimir Kara-Murza Boris Nemsovning maslahatchisi bo‘ladi. Bir necha yil o‘tib esa aynan Nemsov hamda Kara-Murza «Magnitskiy ro‘yxati»ni shakllantira boshlashadi.

Auditor Sergey Magnitskiy 2009 yil Rossiyadagi vaqtinchalik mahbuslar saqlanuvchi qamoqxonada vafot etadi. U tiriklik vaqtida Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining davlat budjetidan juda katta miqdordagi pullarni o‘marish tizimini fosh etgandi. Ammo Rossiya hukumati uning surishtiruvida keltirilgan faktlarni o‘rganmaydi, aksincha auditorning o‘zi hibsga olinadi. Qamoqxonada esa Magnitskiy tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida jon beradi.

«U vaqtda hech kim aniq kimdir sanksiyaga tushishiga ishonmasdi», deydi Kara-Murzaning do‘sti va sobiq deputat Dmitriy Gudkov «Magnitskiy ro‘yxati» tuzilgan yillarni eslar ekan. Muxolifatchilar butun mamlakatga qarshi emas, aynan muayyan shaxslarga qarshi sanksiya qo‘llash kerakligi haqidagi fikrni qaysarlik bilan himoya qilishardi. Kara-Murzaning fikricha, Rossiyada inson huquqlarining oddiy talablarini bajarmaydigan, lekin o‘zlari G‘arb davlatlarining imtiyozlaridan foydalanib yuradigan odamlar sanksiyaga tushishi kerak edi.

O‘sha vaqtlarda Kara-Murza bir necha yildan buyon AQShda yashayotgan va RTVI telekanali («NTV»ning xalqaro versiyasi) uchun ishlayotgandi. Ingliz tilini juda yaxshi bilgani va tanishlari ko‘pligi siyosatchining o‘z maqsadlariga erishishiga yordam beradi. 2012 yilga kelib Kongress «Magnitskiy ro‘yxati» to‘g‘risidagi qonunni qabul qiladi. Aynan o‘sha qonunga ko‘ra har qanday rossiyalik mansabdorni AQShga kirish huquqidan mahrum etish, hisob-raqamlarini muzlatish va chet eldagi ko‘chmas mulklaridan foydalanish huquqidan mahrum qilish mumkin edi.

«Rossiyaning bunga javobi ahmoqona «pastkashlar qonuni» bo‘ldi. Ko‘pchilik «Magnitskiy ro‘yxati» haqida qonun og‘riqli qabul qilingani haqida gapirdi. Avvaliga Magnitskiyni o‘ldirgan banditlarga kirish taqiqlanishi kutilgan, keyin esa ro‘yxatga turli insonlarni qo‘shish mumkin edi. Albatta, bu holat elitaning jig‘iga tekkan. Hamma qachondir qasos olishlarini tushunib turgandi», deya eslaydi Kara-Murzaning do‘sti Gudkov.

Kara-Murza AQSh fuqarolariga rossiyalik yetim bolalarni asrab olishni taqiqlovchi «pastkashlar qonuni»ga qarshi namoyishlarda qatnashadi. U 2011-12 yillarda Bolotnaya maydonida o‘tgan mashhur namoyishlarda ham faol bo‘lgan. RPR-PARNAS liberal partiyasining federal siyosiy kengashi safiga kiradi, muxolifat yetakchilari safiga ham saylangan. Aynan o‘sha vaqtda RTVI telekanali uni ishdan bo‘shatadi. Boris Nemsovning aytishicha, Kara-Murzani Rossiya prezidenti devoni rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksey Gromovning topshirig‘i bilan ishdan bo‘shatishadi. Kara-Murza boshqa joyga jurnalist sifatida ishga kira olmaydi va zo‘r berib siyosat bilan shug‘ullana boshlaydi.

Vladimir Kara-Murza avvaliga Boris Nemsovning siyosiy safdoshi bo‘lgan, keyin - yaqin do‘stiga aylangan
Foto: ALEX WONG/GETTY IMAGES

«Volodya doim tavakkal bilan yashardi»

Boris Nemsov o‘ldirilganidan keyin Kara-Murza boshqa mamlakatlardagi (xususan, AQShdagi) Rossiya elchixonasi joylashgan ko‘chalar nomini Nemsov nomiga o‘zgartirishga erishadi. Sobiq deputat Gudkovning fikricha, bu narsa Rossiya hukumati vakillarining jahlini chiqaradi.

Vladimir Kara-Murza Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagan holda urush boshlanganidan keyin ham Rossiyaga borishni kanda qilmaydi. 2022 yil aprel oyida shunday tashriflardan biri vaqtida qamoqqa olinadi.

«Feysbukda unga chet elda turib olib jim bo‘lgani haqida yozishar, Vladimir esa bundan o‘zini noqulay his qilardi. Men unga qarshi FSB konkret reja asosida ishlayotgani haqida ko‘p aytardim. Volodya doim tavakkal chegarasida yurardi. Barchasi «Magnitskiy ro‘yxati» bilan bog‘liq. Ko‘pchilikda undan qasos olish istagi juda kuchli edi», deydi Kara-Murzaning do‘sti Gudkov.

Sobiq deputatning o‘zi ham 2021 yilda Rossiyani tark etishga majbur bo‘ladi. Ammo ular AQShda bo‘lib turib ham ko‘risha olishmaydi. «Albatta ko‘rishamiz va uni qaytmaslikka ko‘ndira olaman deb o‘ylagandim, ammo baribir ko‘risha olmadik», deydi Gudkov.

Kara-Murza Nemsov bilan (fotoda chapda - Nemsovning qizi Janna) «Magnitskiy ro‘yxati»ni amerikalik senatorlar o‘rtasida targ‘ib qila boshlagandi. Foto: DREW ANGERER/GETTY IMAGES

Siyosatchining turmush o‘rtog‘i u odamlarni chet elda, xavfsiz joyda turgan holda Rossiyadagi tuzumga qarshi kurashishga chorlashiga vijdoni yo‘l qo‘ymaganini aytadi. «U kurashayotganlarning yonida turishni istardi, mana shunaqa odam... Hozir urush boshlanganidan keyin qiyin bo‘ldi, deyapmiz. Lekin urush o‘tgan yil fevralda emas, 2014 yil boshlangandi. Nemsovni ham 2015 yil o‘ldirishgandi, Magnitskiyni 2009 yil o‘lgunicha qiynashdi. Birgina «Novaya gazeta»ning 5-6 nafar jurnalisti halok bo‘ldi, ular siyosiy qotilliklar qurboni bo‘lishdi. Hammasi mana shu 23 yil ichida bo‘lib ketdi. Volodyani ham 2015 va 2017 yilda o‘ldirmoqchi bo‘lishgandi», deb eslaydi Yevgeniya Kara-Murza.

Hukumat qasosi

Kara-Murzaning xotini hukumat undan qasos oldi deb bejiz gapirmayapti. Chunki siyosatchi ikki marta zaharlangandi. Kara-Murza bu maxsus xizmatlarning ishi bo‘lganiga shubha qilmaydi.

Ikki marta ham siyosatchini keyinchalik Kommunarkadagi kasalxona bosh shifokori bo‘lgan Denis Porotsenko qutqarib qolgandi. Bu shifokorda Putin bilan uchrashganidan bir hafta o‘tib koronavirus aniqlangan va shundan keyin mashhur bo‘lib ketgan edi. Ikki safar ham siyosatchining do‘stlari bu shunchaki zaharlanish emas, suiqasdga urinish ekanini tushunib yetishgan.

«Ikkinchi urinish Volodya menikida mehmon bo‘lganining ertasiga kuzatildi. O‘shanda mening tug‘ilgan kunimni nishonlagandik, vino ichdik, pishloq yedik. Ertasi kuni yana uchrashishimiz kerak edi. Unga yozdim va soatlab javob olmadim. Boshida u uchrashgisi kelmayapti deb o‘yladim, keyin esa yangiliklardan zaharlanish bilan kasalxonaga tushib qolganini o‘qidim. Keyin balki biznikida nimadir yeb qo‘yib, salomatligida muammo paydo bo‘lgandir deb o‘yladim», deb eslaydi siyosatchining do‘sti Gudkov.

Zaharlanish asab tizimi bilan bog‘liq muammo keltirib chiqaradi. Kara-Murza uzoq vaqt chap qo‘li va oyog‘ini sezmay, tayoqda yuradi. «Shifokorlar bunaqasi yana takrorlansa, bu oxirgisi bo‘lishini aytishgan», degandi Kara-Murza bu voqeani eslar ekan.

Oxirgi zaharlanish qamoqxonadalik vaqtida ham o‘z asoratlarini ko‘rsatadi. Siyosatchi ochiqda yurganida juda faol hayot tarzi kechirgani sababli zaharlanish asoratlarini yengishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo qamoqxonada kasallik asoratlari keskinlashadi. Siyosatchi hozirda ikki tovonini ham sezmayapti, chap qo‘li ham asta-sekin sezuvchanlikni yo‘qota boshlagan. Yetmaganiga Kara-Murza qamoqxonada 22 kiloga ozib ketgan.

Rossiya Jazoni ijro etish xizmati bosh shifokori Kara-Murzaga polineyropatiya, ya’ni asab tolalarining shikastlanishi tashxisini qo‘yadi. Bu tashxis siyosatchining advokati talabi bilan o‘tkazilgan fuqarolik kasalxonasidagi tahlillarda ham o‘z isbotini topadi. Polineyropatiyaga uchragan bemorlar esa Rossiya qonunlariga ko‘ra tutqunlikda saqlanmasligi kerak. Ammo sud bu faktga e’tibor bermagan.

Kara-Murza bir yil ichida 22 kilogramm vazn tashlagan
Foto: MOSCOW CITY COURT/TASS

Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi, chunki Kara-Murza ustidan sud ishi bir vaqtlar kasal holatdagi Magnitskiyni qamoqda ushlab turish vaqtini cho‘zgan sudya Podoprigorov tomonidan ko‘rildi.

Kara-Murza saqlanayotgan qamoqxonani esa «Magnitskiy ro‘yxati»dan o‘rin olgan Dmitriy Kamnov boshqaradi. Bu inson o‘z vaqtida Magnitskiyning o‘ligi chiqqan qamoqxonaga ham rahbarlik qilgan. Bugun u boshqarayotgan qamoqxonada «Magnitskiy ro‘yxati»ni tuzgan odam tibbiy yordamsiz o‘tiribdi.

«Divanda o‘tirib o‘zini ayash – hashamatdir»

Vladimir va Yevgeniya Kara-Murzaning uch nafar farzandi bor. Ular 11 yoshdan 17 yoshgacha va barchasi AQShda yashaydi. Bolalar otasini o‘tgan yil aprel oyidan buyon ko‘rgani yo‘q. Unga telefon qilish ham taqiqlangan. Siyosatchi bolalari bilan telefonda gaplashish uchun juda ko‘p harakat qilib, xatlar yozadi, lekin uning ustidan kulgandek Rojdestvo kuni «Bolalar bilan telefonda gaplashish jinoyat ishiga salbiy ta’sir qiladi» deb javob berishadi.

Siyosatchining farzandlari ham otasining hayot tarziga o‘rganib qolishgan. Yevgeniyaning aytishicha, u qamoqxonada turib ham farzandlariga o‘rnak bo‘ladigan hayot kechirmoqda. Kara-Murzaning 11 yoshli o‘g‘li xuddi Mariya Moskaleva (buning uchun uning otasi qamoqqa olindi) kabi urushga qarshi suratlar chizadi. Siyosatchining 14 yoshli qizi esa maktabdagi yakuniy nazoratda Rossiyadagi siyosiy mahbuslar haqida insho yozishga qaror qilgan.

Yevgeniya Kara-Murza Vatslav Gavel mukofotini qabul qilib olish vaqtida
JEAN-FRANCOIS BADIAS/AP

Yevgeniya Kara-Murza o‘zi haqida gapirar ekan taslim bo‘lmaslik kerak deb hisoblaydi.

«Hozirgi holatda divanda o‘tirib o‘zimga achinish hashamatga o‘xshaydi. Axir Ukrainada agressiv urush falokatli humanitar holatni yuzaga keltirgan, Rossiyadagi repressiya yuzlab odamlarni qiynamoqda», degan u. Uning maqsadi eri boshlagan ishni davom ettirib, Rossiya elitasiga qarshi sanksiya qo‘llanishiga erishish hamda Rossiyadagi siyosiy mahbuslarga yordam berish.

«Rossiya o‘zi va dunyo uchun xavfli bo‘lmasligining birgina yo‘li bor – demokratik davlatga aylanishi. Volodya, Aleksey Gorinov, Ilya Yashin, Yevgeniy Royzman, Aleksey Navalniy, Andrey Pivovarov va ular kabi yuzlab hayotini xatarga qo‘yib isyon qilgan insonlar yashasagina Rossiya demokratik davlatga aylana oladi», degan Yevgeniya Kara-Murza.

Mavzuga oid