Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish loyihasiga 100 million dollar jalb qilinadi
Shuningdek, yerlarni lazerli texnologiyada tekislash orqali 900 million kub metr suv tejaladi, qo‘shimcha 200 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilish avvalida suv xo‘jaligidagi 4 ta katta masala tahlil qilindi. Bular – suv yo‘qotilishi, nasos stansiyalarining energiya iste’moli ko‘pligi, suv zaxiralari kamligi hamda suv tejovchi texnologiyalar bilan bog‘liq.
Qayd etilishicha, kanallarning foydali ish koeffitsiyenti pastligi va ichki tarmoqlarda suv ko‘p yo‘qotilishi oqibatida qishloq xo‘jaligida yiliga 4 milliard 800 million dollar kam daromad olinyapti.
Shu bois Jizzax viloyati Paxtakor tumanida, tajriba tariqasida, yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish mo‘ljallanmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu loyiha tashabbuskorining takliflarini eshitib, uni qo‘llab-quvvatladi. Bunday ishlarni suv yetkazib berish xarajatlari eng yuqori bo‘lgan Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Bunga ilmiy yondashib, loyiha xarajatlarini qisqartirish, yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish, ularda muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunga Toshkent Irrigatsiya instituti olimlari jalb qilinishi, samarali loyihalarga qulay shartlarda kredit berilishi aytildi.

Qayd qilinishicha, suv tanqis bo‘lgan bir sharoitda, O‘zbekistonda yiliga 1 milliard kub metr sel suvlari behuda oqib ketayapti. Prezident sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish mumkinligini, bu borada tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
Bunday loyihalar uchun 100 million dollar jalb qilinadigan bo‘ldi. Ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.
Hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sug‘oriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday yerlar 2 baravar ko‘paytirilsa, yana 900 million kub metr suv tejaladi, qo‘shimcha 200 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi.
Shuning uchun joriy yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
So‘nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. Bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan. Bunday texnologiyalarni yanada rag‘batlantirish maqsadida, shu yil 1 aprelda imzolangan qarorga muvofiq, donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 million so‘mdan 8 million so‘mga oshirilgan. Bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17 foiz etib belgilandi.
«Agrobank» huzurida suv tejamkorligi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Mavzuga oid
17:00 / 27.05.2025
Bozor – go‘sht narxi haqida: “Yem-xashak qimmat, mol boqish oson bo‘lmay qoldi”
10:43 / 26.05.2025
“Koreyada olgan tajribani qishlog‘imda qo‘llamoqchiman” – bo‘sh yerlarni o‘zlashtirayotgan shahrixonlik yigit
21:05 / 19.05.2025
Yerosti suvlaridan foydalanuvchilar hisoblagich o‘rnatmasa, 5 barobar soliq to‘laydi. Bu qanday ishlaydi?
12:05 / 16.05.2025